"25 yil avval bizning diniy idoramiz ta’sis etilgan vaqtda uning tarkibida 40 jamoa bo‘lgan bo‘lsa, ularning soni bugungi kunda ikki mingtaga yetdi". Bu haqda Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy, shayx Ravil Gaynutdin tashkilotning Moskva shahrida bo‘lib o‘tayotgan hisobot-saylov anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bugungi kunda diniy idora rahbarligi ostida 400 dan ortiq masjidlar, musulmon madaniyat markazlari, namozxonalar va o‘quv bilim yurtlari qurildi, qaytarildi, restavratsiya qilindi, ochildi va jihozlandi.
“Birgina Moskva shahridagi musulmonlarning soni ikki yarim milliondan oshdi, Moskva viloyati va Sankt-Peterburgda kamida bir million dindoshlarimiz yashaydi. Yekaterinburg, Perm, Tyumen, Omsk, Rostov shaharlarida yuz minglab musulmonlar bor. 2014 yildagi oxirgi anjumanimizdan keyin 50 ga yaqin masjidlar, musulmon madaniyat markazlari, namozxonalar ochildi. Bu muddat ichida idoramiz tomonidan 126 ta yangi diniy tashkilotlar qayd etildi, hududiy muxtasibatlar ko‘rinishidagi 14 ta yangi markazlashtirilgan diniy tashkilotlar ta’sis etildi”, - deydi Ravil Gaynutdin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati