Quyosh – Quyosh tizimining markaziy jismi bo‘lib, qizigan plazma shardan iborat. Quyosh Yer sayyorasiga eng yaqin yulduzdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَالشَّمْسِ وَضُحَاهَا
“Quyosh bilan va uning ziyosi bilan qasam” (Shams surasi, 1-oyat).
Alloh taolo Yer sayyorasi haqida shunday marhamat qilgan:
وَالْأَرْضَ بَعْدَ ذَلِكَ دَحَاهَا
“Va undan so‘ng yerni tuxum shaklida qildi” (Naziat surasi, 30-oyat).
Biz ushbu maqolada Quyosh bilan Yer hajmlarini solishtirib ko‘ramiz.
Quyoshning hajmi 1.300.000 Yer hajmiga teng.

Tushuntirib aytadigan bo‘lsak, Quyoshning ichiga Yer sayyorasidan bir million uch yuz mingtasini joylash mumkin. Ushbu rasmda o‘ng tarafda Quyosh, chap tarafda Yer solishtirilgan.
Ha, Quyosh Yerdan shu qadar katta.
Quyosh “Quyosh tizimi”ning 98 foizini tashkil etadi. Qolgan 2 foizi 9 ta sayyora hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ammo shunga qaramasdan, Quyosh G2V tipidagi yulduz hisoblanadi. Bunday yulduzlar “Sariq karlik”, ya’ni sariq jajji yulduzlar deyiladi.
Shu “jajji yulduz” biz yashayotgan sayyoradan shu qadar katta ekan. Endi biz o‘z sayyoramiz oldida qanchalik kichik, zarradekmiz. Alloh taolo shunday ulkan maxluqlarni biz insonlarning qulay hayot kechirishimiz uchun bo‘ysundirib qo‘ygan. Biz esa o‘zimizning naqadar ojiz, zaif ekanimizni his qilib, Alloh taoloning ibodatida bardavom bo‘laylik!

Bu suratda esa shar ichiga 1.300.000 dona kichik sharchalar solingan bo‘lib, Quyosh bilan Yerning solishtirma hajmi maket ko‘rinishida berilgan.
Maqolamizni ushbu oyat bilan yakunlaymiz:
هَذَا خَلْقُ اللَّهِ فَأَرُونِي مَاذَا خَلَقَ الَّذِينَ مِن دُونِهِ بَلِ الظَّالِمُونَ فِي ضَلَالٍ مُّبِينٍ
“Bu Allohning yaratganidir. Qani menga ko‘rsating-chi, Undan boshqalar nimani yaratdilar. Yo‘q! Zolimlar ochiq-oydin adashuvdadirlar” (Luqmon surasi, 11-oyat).
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati