بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي رَفَعَ مَنْزِلَةَ الْعِلْمِ وَالْعُلَمَاء، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي رَغَّبَ أُمَّتَهُ عَلَى تَحْصِيْلِ الْعِلْمِ وَتَوْقِيْرِ الْعُلَمَاء، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
USTOZLARGA EHTIROM ‒ VOJIB!
(1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni)
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyosdir. Muallimlik, murabbiylik va ustozlik martabasi ‒ buyuk sharafdir. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari bo‘lmish payg‘ambarlar ham muallim va murabbiy qilib yuborilganlar. Darhaqiqat, bu soha vakillari jamiyatimizga suv va havodek zarurdir. Bu muhtaram zotlarni bamisoli o‘z nurini atrofga sochayotgan quyoshga o‘xshatsak bo‘ladi. Quyoshning nuridan barcha mavjudot foydalanganidek, ularning ma’rifat ziyolaridan butun bashariyat manfaatlanadi. Bu so‘zimizga hazrat Abdurahmon Jomiyning quyidagi baytlari yaqqol misol bo‘ladi:
Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,
Zulumotdan qora bo‘lardi jahon.
“Muallim” so‘zining ma’nosi “ilm beruvchi, ta’lim beruvchi, o‘rgatuvchi” demakdir. Payg‘ambarlar insoniyatga ezgulikni ta’lim berganlar, shuningdek, yaxshilikka chaqirganlar. Mana shuning o‘zi ham bu soha vakillarining martabalari naqadar yuksak ekaniga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning butun bashariyatga Ustoz qilib yuborilganlari haqida Qur’oni karimda bunday deyiladi:
هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ
وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ
ya’ni: “U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg‘ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar” (Jum’a surasi, 2-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham Muallim qilib yuborilganliklarini o‘zlari ochiq-oydin bayon qilganlar:
إِنَّ اللهَ لَمْ يَبْعَثْنِي مُعَنِّتاً وَلاَ مُتَعَنِّتاً، وَلَكِنْ بَعَثَنِي مُعَلِّماً مُيَسِّراً
رواه الإِمَامُ مسلم عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه
ya’ni: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, ‒ dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs muallim bo‘lishini unutmasligimiz lozim. Chunki muqaddas dinimiz ‒ Islomda ilmlar diniy, dunyoviyga ajratilmaydi. Balki foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi.
Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o‘rgatadigan kishilarni maqtab, shunday deganlar:
"إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتُ فِي الْبَحْرِ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي أمامة الباهلي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya’ni: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli, hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchining haqqiga duo qiladilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning ta’lim uslublari shu qadar mukammal va manfaatli bo‘lganki, U Zot bergan ta’limni o‘zlashtirgan tolibi ilmlar butun jahonga mashhur bo‘lib, yetuk zotlar bo‘lib yetishgan. Buyuk sahobai kirom Muoviya ibn Hakam as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg‘ambarimizning muallimliklarini maqtab shunday degan:
...فَبِأَبِيْ هُوَ وَأُمِّيْ مَا رَأَيْتُ مُعَلِّمًا قَبْلَهُ وَلَا بَعْدَهُ أَحْسَنَ تَعْلِيْمًا مِنْهُ فَوَاللهِ مَا كَرِهَنِيْ وَلَا ضَرَبَنِيْ وَلَا شَتَمَنِيْ...
(رواهُ الإِمَامُ مسلمٌ)
ya’ni: “Ota-onam U Zotga fido bo‘sin! U Zotdan oldin ham, keyin ham U Zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim. Allohga qasamki, U Zot meni jerkimaganlar ham, urmaganlar ham va so‘kmaganlar ham!” (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam eng yaxshi muallim bo‘lganliklari uchun bugungi kunimizda barcha muallimlar U Zotdan o‘rnak olishlari ayni muddaodir.
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, yurtimizda ham ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e’zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlod barkamol, yetuk va ma’rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda ustozlarga yanada ko‘proq hurmat-izzat ko‘rsatiladi va ularga xursandchilik baxsh etishga harakat qilinadi.
Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar ta’lim tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘-e’tiborini ko‘tarish, ularning oylik maoshlarini ko‘paytirish kabi ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, diniy ta’lim tizimida ham kun sayin ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Masalan, 2018 yil 17 aprelda “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni chiqdi, joriy yildan “Hadis maktabi” ishga tushdi. Kelajakda bu maktab yetuk hadis ilmi mutaxassislarini yetishtirib beradi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va barcha diniy-ma’rifiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan nafaqadagi xodimlar oyliklari bilan birga nafaqa pullarini to‘liq oladigan bo‘ldi.
Hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasi va o‘qituvchi-murabbiylarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor tahsinga loyiqdir. Zero, ular tarbiyalaydigan bilimli, ham ma’naviy, ham jismoniy kuchli farzandlarimiz davlatimiz kelajagi bo‘ladi. Bizning musulmonlik burchimiz ‒ har bir yaxshilikka shukr aytish va bu xayrli islohotlarda faol bo‘lib, imkon boricha qo‘llab-quvvatlashimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Islom ta’limotiga ko‘ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki, vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai a’moliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِذَا مَاتَ الْإِنْسَانُ انْقَطَعَ عَنْهُ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثَةٍ: إِلَّا مِنْ صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ
أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ
(رواهُ الإِمَامُ مسلمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya’ni: “Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsa tufayli (uning nomai a’moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).
Shunday ekan, har bir shogird ustozi vafot etgan bo‘lsa, ustozidan olgan bilimini boshqalarga tarqatishi va ustozini haqqiga duo qilib turishi shogirdlik burchlaridan hisoblanadi.
Muhtaram azizlar! Ma’ruzamiz davomida marhumlarga Qur’on savobini bag‘ishlash masalasi haqida suhbatlashamiz. Sababi ‒ bu masala hanafiy mazhabimizda hech qanday ixtilofsiz joiz bo‘lsa-da, hozirgi kundagi soxta salafiy va bemazhablar o‘zlarining ilmsizligi tufayli bergan fatvolari bilan bu masalada xalqimiz orasida har xil ixtiloflarni chiqarmoqda. Shuning uchun quyida bu masalaga bog‘liq ba’zi hukmlarni aytib o‘tamiz.
Islom asoslari va manbalarini sinchiklab o‘rganilsa, Qur’on tilovati, qilingan xayr-ehson va sadaqalar savobini marhumlarga bag‘ishlash durust ekani ma’lum bo‘ladi. Quyidagi hadislar ham aynan Qur’on tilovat qilib o‘tganlarga bag‘ishlash ezgu ishlardan ekanini ko‘rsatadi.
عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِبٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ مَرَّ عَلَى الْمَقَابِرِ وَقَرَأَ قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ إِحْدَى عَشْرَةَ مَرَّةً، ثُمَّ وَهَبَ أَجْرَهُ لِلأَمْوَاتِ أُعْطِيَ مِنَ الأَجْرِ بِعَدَدِ الأَمْوَاتِ
(رواه الإِمَامُ الدارقطني)
ya’ni: Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim qabristondan o‘ta turib, “Ixlos” surasini o‘n bir marta o‘qib, savobini vafot etganlarga bag‘ishlasa, vafot etganlar sonicha unga savob beriladi” (Imom Doraqutniy rivoyati).
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ دَخَلَ الْمَقَابِرَ، ثُمَّ قَرَأَ فَاتِحَةَ الْكِتَابِ وَقُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ وَأَلْهَاكُمْ التَّكَاثُرُ، ثُمَّ قَالَ إنِّي جَعَلْتُ ثَوَابَ مَا قَرَأْتُ مِنْ كَلَامِكَ لِأَهْلِ الْمَقَابِرِ مِن الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ كَانُوا شُفَعَاءَ لَهُ إلَى اللَّهِ تَعَالَى
(رواه الإِمَامُ الطبراني)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim qabristonga kirib, “Fotiha”, “Ixlos” va “Takasur” suralarini o‘qisa, so‘ng “Kalomingdan tilovat qilgan suralarimning savobini qabrda yotgan mo‘min va mo‘minalarga bag‘ishladim” desa, ular Alloh taolo huzurida unga shafoatchi bo‘ladilar”, ‒ dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Hanafiy mazhabimizning barcha mo‘tabar manbalarida sadaqa, namoz, ro‘za, tilovat va boshqa yaxshi amallarni boshqaning nomidan qilish mumkinligi, savobi yetishi haqida alohida to‘xtab o‘tilgan. Jumladan, “Raddul muhtor” kitobida bu mavzuda quyidagi ma’lumotlar mavjud: “Ulamolarimiz “Boshqaning nomidan haj qilish” bobida inson qilgan amali savobini xoh u namoz bo‘lsin, xoh ro‘za bo‘lsin, xoh sadaqa yoki boshqa ibodatlar bo‘lsin, boshqa insonga bag‘ishlashi joiz”.
Ibn Hajar Makkiydan: “Birov qabriston ahliga “Fotiha” surasini o‘qisa, savob ularning o‘rtasida taqsimlanadimi yoki har biriga uning savobicha to‘liq beriladimi?”, ‒ deb so‘ralganda, u zot: “Bir jamoa ulamolar ikkinchisiga fatvo berishgan va Allohning fazliga shunisi loyiqroq”, ‒ deb javob berganlar
(2-jild, 243-bet).
Ko‘pchilik ahli sunna olimlari ham marhumlarga savobning yetishi mumkinligini aytadilar. Jumladan “Aqidai tahoviya” kitobida: “Tiriklarning duo va sadaqalarida mayyitlar uchun foyda bordir” deyilgan.
Hanafiy olimlardan Badriddin Ayniy rahmatullohi alayh: “O‘tganlarga namoz, ro‘za va sadaqaning savobi yetishining o‘zi Qur’on tilovatining ham savobi yetishini bildiradi”, ‒ deydilar.
Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh “Al-Lubob”da: “Bunga (tilovatning savobi o‘lganga yetishiga) dalolat qiladigan narsalardan biri shuki, musulmonlar barcha asrlarda Qur’on o‘qib, o‘tganlariga bag‘ishlaganlar va buni hech kim inkor etmagan. Demak, bunga ijmo’ ham dalil hisoblanadi”, ‒ deydilar.
Yuqorida o‘tgan hadislar va umumiy shar’iy hukmlar shuni ko‘rsatadiki, Qur’on tilovat qilib, vafot etgan kishiga uning savobini bag‘ishlash ‒ shar’an durust. Nafaqat shar’an durust, balki mustahab va eng savobli amallardan hisoblanadi.
Shunday ekan, har xil ilmsizlik bilan fatvo beradigan kimsalarning gaplariga quloq solmasdan, necha asrlardan beri ota-bobolarimiz amal qilib kelayotgan Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablarida mustahkam turaylik!
Alloh taolo barchamizni ahli sunna val-jamoa e’tiqodi va hanafiy mazhabida sobitqadam qilib, to‘g‘ri va hidoyat yo‘lida bardavom qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “SAXOVAT ‒ JANNATGA YETAKLOVCHI FAZILAT” mavzusida bo‘ladi.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi