Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

27.09.2019 y. Ustozlarga ehtirom vojib!

20.09.2019   7827   13 min.
27.09.2019 y. Ustozlarga ehtirom vojib!

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي رَفَعَ مَنْزِلَةَ الْعِلْمِ وَالْعُلَمَاء، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي رَغَّبَ أُمَّتَهُ عَلَى تَحْصِيْلِ الْعِلْمِ وَتَوْقِيْرِ الْعُلَمَاء، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

USTOZLARGA EHTIROM ‒ VOJIB!

(1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni)

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyosdir. Muallimlik, murabbiylik va ustozlik martabasi ‒ buyuk sharafdir. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari bo‘lmish payg‘ambarlar ham muallim va murabbiy qilib yuborilganlar. Darhaqiqat, bu soha vakillari jamiyatimizga suv va havodek zarurdir. Bu muhtaram zotlarni bamisoli o‘z nurini atrofga sochayotgan quyoshga o‘xshatsak bo‘ladi. Quyoshning nuridan barcha mavjudot foydalanganidek, ularning ma’rifat ziyolaridan butun bashariyat manfaatlanadi. Bu so‘zimizga hazrat Abdurahmon Jomiyning quyidagi baytlari yaqqol misol bo‘ladi:

Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,

Zulumotdan qora bo‘lardi jahon.

“Muallim” so‘zining ma’nosi “ilm beruvchi, ta’lim beruvchi, o‘rgatuvchi” demakdir. Payg‘ambarlar insoniyatga ezgulikni ta’lim berganlar, shuningdek,  yaxshilikka chaqirganlar. Mana shuning o‘zi ham bu soha vakillarining martabalari naqadar yuksak ekaniga dalolat qiladi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning butun bashariyatga Ustoz qilib yuborilganlari haqida Qur’oni karimda bunday deyiladi:

هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ

وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ

ya’ni: “U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg‘ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar” (Jum’a surasi, 2-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham Muallim qilib yuborilganliklarini o‘zlari ochiq-oydin bayon qilganlar:

إِنَّ اللهَ لَمْ يَبْعَثْنِي مُعَنِّتاً وَلاَ مُتَعَنِّتاً، وَلَكِنْ بَعَثَنِي مُعَلِّماً مُيَسِّراً 

رواه الإِمَامُ مسلم عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه

ya’ni: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, ‒ dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Har qanday foydali ilm o‘rgatuvchi shaxs muallim bo‘lishini unutmasligimiz lozim. Chunki muqaddas dinimiz ‒ Islomda ilmlar diniy, dunyoviyga ajratilmaydi. Balki foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi.

Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o‘rgatadigan kishilarni maqtab, shunday deganlar:

"إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتُ فِي الْبَحْرِ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ" 

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي أمامة الباهلي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya’ni: Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli,  hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchining haqqiga  duo qiladilar (Imom Termiziy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning ta’lim uslublari shu qadar mukammal va manfaatli bo‘lganki, U Zot bergan ta’limni o‘zlashtirgan tolibi ilmlar butun jahonga mashhur bo‘lib, yetuk zotlar bo‘lib yetishgan. Buyuk sahobai kirom Muoviya ibn Hakam as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg‘ambarimizning muallimliklarini maqtab shunday degan:

...فَبِأَبِيْ هُوَ وَأُمِّيْ مَا رَأَيْتُ مُعَلِّمًا قَبْلَهُ وَلَا بَعْدَهُ أَحْسَنَ تَعْلِيْمًا مِنْهُ فَوَاللهِ مَا كَرِهَنِيْ وَلَا ضَرَبَنِيْ وَلَا شَتَمَنِيْ...

(رواهُ الإِمَامُ مسلمٌ)

ya’ni: “Ota-onam U Zotga fido bo‘sin! U Zotdan oldin ham, keyin ham U Zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim. Allohga qasamki, U Zot meni jerkimaganlar ham, urmaganlar ham va so‘kmaganlar ham!” (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam eng yaxshi muallim bo‘lganliklari uchun bugungi kunimizda barcha muallimlar U Zotdan o‘rnak olishlari ayni muddaodir.

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, yurtimizda ham ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e’zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlod barkamol, yetuk va ma’rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu kunda ustozlarga yanada ko‘proq hurmat-izzat ko‘rsatiladi va ularga xursandchilik baxsh etishga harakat qilinadi.

Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar ta’lim tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘-e’tiborini ko‘tarish, ularning oylik maoshlarini ko‘paytirish kabi ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, diniy ta’lim tizimida ham kun sayin ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Masalan, 2018 yil 17 aprelda “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni chiqdi, joriy yildan “Hadis maktabi” ishga tushdi. Kelajakda bu maktab yetuk hadis ilmi mutaxassislarini yetishtirib beradi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va barcha diniy-ma’rifiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan nafaqadagi xodimlar oyliklari bilan birga nafaqa pullarini to‘liq oladigan bo‘ldi.

Hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasi va o‘qituvchi-murabbiylarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor tahsinga loyiqdir. Zero, ular tarbiyalaydigan bilimli, ham ma’naviy, ham jismoniy kuchli farzandlarimiz davlatimiz kelajagi bo‘ladi. Bizning musulmonlik burchimiz ‒ har bir yaxshilikka shukr aytish va bu xayrli islohotlarda faol bo‘lib, imkon boricha qo‘llab-quvvatlashimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Islom ta’limotiga ko‘ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki, vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai a’moliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِذَا مَاتَ الْإِنْسَانُ انْقَطَعَ عَنْهُ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثَةٍ: إِلَّا مِنْ صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ

أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ

(رواهُ الإِمَامُ مسلمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya’ni:  “Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsa tufayli (uning nomai a’moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).

Shunday ekan, har bir shogird ustozi vafot etgan bo‘lsa, ustozidan olgan bilimini boshqalarga tarqatishi va ustozini haqqiga duo qilib turishi shogirdlik burchlaridan hisoblanadi.

Muhtaram azizlar! Ma’ruzamiz davomida marhumlarga Qur’on savobini bag‘ishlash masalasi haqida suhbatlashamiz. Sababi ‒ bu masala hanafiy mazhabimizda hech qanday ixtilofsiz joiz bo‘lsa-da, hozirgi kundagi soxta salafiy va bemazhablar o‘zlarining ilmsizligi tufayli bergan fatvolari bilan bu masalada xalqimiz orasida har xil ixtiloflarni chiqarmoqda. Shuning uchun quyida bu masalaga bog‘liq ba’zi hukmlarni aytib o‘tamiz. 

Islom asoslari va manbalarini sinchiklab o‘rganilsa, Qur’on tilovati, qilingan xayr-ehson va sadaqalar savobini marhumlarga bag‘ishlash durust ekani ma’lum bo‘ladi. Quyidagi hadislar ham aynan Qur’on tilovat qilib o‘tganlarga bag‘ishlash ezgu ishlardan ekanini ko‘rsatadi.

عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِبٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ مَرَّ عَلَى الْمَقَابِرِ وَقَرَأَ قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ إِحْدَى عَشْرَةَ مَرَّةً، ثُمَّ وَهَبَ أَجْرَهُ لِلأَمْوَاتِ أُعْطِيَ مِنَ الأَجْرِ بِعَدَدِ الأَمْوَاتِ

(رواه الإِمَامُ الدارقطني)

ya’ni:  Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim qabristondan o‘ta turib, Ixlos surasini o‘n bir marta o‘qib, savobini vafot etganlarga bag‘ishlasa, vafot etganlar sonicha unga savob beriladi” (Imom Doraqutniy rivoyati).

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ دَخَلَ الْمَقَابِرَ، ثُمَّ قَرَأَ فَاتِحَةَ الْكِتَابِ وَقُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ وَأَلْهَاكُمْ التَّكَاثُرُ، ثُمَّ قَالَ إنِّي جَعَلْتُ ثَوَابَ مَا قَرَأْتُ مِنْ كَلَامِكَ لِأَهْلِ الْمَقَابِرِ مِن الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ كَانُوا شُفَعَاءَ لَهُ إلَى اللَّهِ تَعَالَى

(رواه الإِمَامُ الطبراني)

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim qabristonga kirib, Fotiha, Ixlos va Takasur suralarini o‘qisa, so‘ng “Kalomingdan tilovat qilgan suralarimning savobini qabrda yotgan mo‘min va mo‘minalarga bag‘ishladim” desa, ular Alloh taolo huzurida unga shafoatchi bo‘ladilar”, ‒ dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Hanafiy mazhabimizning barcha mo‘tabar manbalarida sadaqa, namoz, ro‘za, tilovat va boshqa yaxshi amallarni boshqaning nomidan qilish mumkinligi, savobi yetishi haqida alohida to‘xtab o‘tilgan. Jumladan, “Raddul muhtor” kitobida bu mavzuda quyidagi ma’lumotlar mavjud: “Ulamolarimiz “Boshqaning nomidan haj qilish” bobida inson qilgan amali savobini xoh u namoz bo‘lsin, xoh ro‘za bo‘lsin, xoh sadaqa yoki boshqa ibodatlar bo‘lsin, boshqa insonga bag‘ishlashi joiz”.

Ibn Hajar Makkiydan: “Birov qabriston ahliga “Fotiha” surasini o‘qisa, savob ularning o‘rtasida taqsimlanadimi yoki har biriga uning savobicha to‘liq beriladimi?”, ‒ deb so‘ralganda, u zot: “Bir jamoa ulamolar ikkinchisiga fatvo berishgan va Allohning fazliga shunisi loyiqroq”, ‒ deb javob berganlar
(2-jild, 243-bet).

Ko‘pchilik ahli sunna olimlari ham marhumlarga savobning yetishi mumkinligini aytadilar. Jumladan “Aqidai tahoviya” kitobida: “Tiriklarning duo va sadaqalarida mayyitlar uchun foyda bordir” deyilgan.

Hanafiy olimlardan Badriddin Ayniy rahmatullohi alayh: “O‘tganlarga namoz, ro‘za va sadaqaning savobi yetishining o‘zi Qur’on tilovatining ham savobi yetishini bildiradi”, ‒ deydilar.

Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh “Al-Lubob”da: “Bunga (tilovatning savobi o‘lganga yetishiga) dalolat qiladigan narsalardan biri shuki, musulmonlar barcha asrlarda Qur’on o‘qib, o‘tganlariga bag‘ishlaganlar va buni hech kim inkor etmagan. Demak, bunga ijmo’ ham dalil hisoblanadi”, ‒ deydilar.

Yuqorida o‘tgan hadislar va umumiy shar’iy hukmlar shuni ko‘rsatadiki, Qur’on tilovat qilib, vafot etgan kishiga uning savobini bag‘ishlash ‒ shar’an durust. Nafaqat shar’an durust, balki mustahab va eng savobli amallardan hisoblanadi.

Shunday ekan, har xil ilmsizlik bilan fatvo beradigan kimsalarning gaplariga quloq solmasdan, necha asrlardan beri ota-bobolarimiz amal qilib kelayotgan Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablarida mustahkam turaylik!

Alloh taolo barchamizni ahli sunna val-jamoa e’tiqodi va hanafiy mazhabida sobitqadam qilib, to‘g‘ri va hidoyat yo‘lida bardavom qilsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “SAXOVAT ‒  JANNATGA YETAKLOVCHI FAZILAT” mavzusida bo‘ladi.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   67814   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari