Alloh zikrini ko‘p qilgan kishi butun hayotida, hatto uyqusida ham ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan hisoblanadi:
«Men insonlar va jinlarni faqat menga ibodat qilishlari uchun yaratdim» (Zoriyot, 56). وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ
Allohni ko‘p zikr qilgan kishi har qanday qiyinchilik va mashaqqatdan najot topadi: Alloh subhonahu va taolo imon keltirgan, O‘zining amrlariga itoatda bo‘lib, qaytargan narsalaridan saqlanib, parhez qilgan insonlar haqida bunday marhamat qiladi:
«Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘ling, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur» (Ra’d, 28).
الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَ
Qur’oni karimning o‘n uchta surasi o‘n oltita oyatida zikr qilishga buyurilgan. “Zikr”ning lug‘aviy ma’nosi “Allohni yodlash”dir. Allohni ko‘p zikr etgan bandaning qalbi poklanadi, imoni mustahkamlanadi, duolari ijobat bo‘ladi, ixlosi ortadi. Abu Said Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: «Qaysi bir qavm (jamoa) Allohning zikri uchun yig‘ilsa, ularni farishtalar tavof qiladilar, ularga Allohning rahmati yog‘iladi, ularning davrasiga sakinat (osoyishtalik) tushadi, Alloh ularni O‘ziga yaqin farishtalar bilan birga yod etadi» (Imom Muslim). Allohga tasbeh, takbir, tahlil aytish, hamd, shukr keltirish, duo va salavotlar aytish, Qur’on tilovat qilish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot, sadaqa va infoq qilish hamda haj va umra qilish ayni zikrdir.Alloh taoloning zikrini ado etish uchun zokir ma’naviy va jismoniy jihatdan pok bo‘lishi shart. Dil va til bilan bajariladigan zikrlar, masalan, tasbeh, tahlil, tahmid, takbir,
Payg‘ambarimizga salavotlar va duolarni tahoratsiz, junub, hayzli, nifosli holda ham aytaverish joiz. Junub kishi, poklanmagunicha Qur’on oyatlaridan xoh uzun, xoh qisqa oyat bo‘lsin, tilovat qilishi haromdir. Yo‘lda yurib ketayotgan va hammomda yuvinayotgan holda zikr qilish mumkin. Zikr Allohga tazarru bo‘lgani uchun, eng go‘zal holda, qiblaga yuzini burgan, haqiqiy muhtoj kishilardek, yalinib-yolvorgan holda qilinsa, savobi ulug‘ bo‘ladi.
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Mufarridlar zafarga erishdilar». Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, “mufarridlar” kimlar?» deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga: «Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko‘p zikr etuvchi ayollar mufarridlardir», deb javob berdilar. Ahzob surasining 35-oyati karimasi
إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا
Albatta, muslim va muslimalar, mo‘min va mo‘minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo‘y erkaklar va rostgo‘y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli (kamtar) erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro‘za tutuvchi erkaklar va ro‘za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir.
Bu oyat madinalik Ummu Amora roziyallohu anhuning Rasul sollallohu alayhi vasallamga: “Qur’onda faqat erkaklar to‘g‘risida ahkomlar nozil bo‘lmoqda. Ayollar zikr qilinmayotir”, – deganida nozil qilingan .
«Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va Allohni ko‘p zikr qiluvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofot (ya’ni, jannat)ni tayyorlab qo‘ygandir» tafsirida ulamolar turli fikrlar bildirishgan. Ya’ni, «Allohni ko‘p zikr qiluvchilar» deb kimlarni aytiladi? Said ibn Jubayrning so‘zlariga ko‘ra, har bir kishi biror amalni bajarishda Allohga itoat, Uning roziligini topish niyatida bo‘lar ekan, u odam zokirdir. Abu Said Xudriy rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Erkak kishi yarim tunda o‘z ayolini uyqudan uyg‘otsa, ikkovlari ham ikki rakat namozni o‘qisalar, ular «Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko‘p zikr etuvchi ayollar» qatoriga yoziladi (Imom Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja).
Imom Abul Hasan Vohidiy Ibn Abbosdan eshitib, aytgan fikrlaricha, ular besh vaqt namozdan keyin ham, ertalab ham, kechqurun ham, yotgan joylarida ham, uyqudan uyg‘ongan vaqtlarida ham, uylaridan ketayotgan va qaytib kelayotgan vaqtlarida ham Allohni zikr etuvchilardir. Mujohid aytadi: «Tik turganida ham, o‘tirganida ham, yotganida ham Allohning zikrida bo‘lmagan erkaklar va ayollar «Allohni ko‘p zikr etuvchilar»dan bo‘lmaydilar». Ato ibn Raboh aytadi: «Besh vaqt namozning haqlarini mukammal ado etgan kishilar «Allohni ko‘p zikr etuvchilar»dan sanaladi» (Imom Navaviy. “Al-Azkor”, 10-bet).
«Qasamki, agar sizlar (Mening bergan ne’matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman» (Ibrohim surasi, 7-oyat);
Garchi ushbu oyatda shukr qilish va noshukrlik oqibatlari Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, lekin uning hukmi umumiy bo‘lib, to qiyomatga qadar keladigan barcha insonlarga tegishlidir. Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne’matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in’om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in’om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne’matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi .
Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir.
«Hamdu sano …Alloh uchundir, deb ayting» (Isro surasi,
111-oyat);
Jannat ahli biror narsa yeyishni istab qolsalar tasbeh aytar ekanlar. Ya’ni “Subhonakallohumma” deyishlari bilan ko‘ngillari istagan taom va boshqa noz-ne’matlar muhayyo bo‘lar ekan. Muakkal xizmatkorlar ularning tasbehlarini eshitishlari bilan dasturxonlarda yetmish ming xil bir-biriga o‘xshamagan taomlarni keltirar ekanlar.
Taomdan forig‘ bo‘lib Allohga hamd aytishlari bilan xizmatkorlar dasturxonlarni yig‘ishtirib olib ketar ekanlar. Oyatning boshqacha tafsiri – jannat ahli Allohning zotu sifatlariga loyiq hamdu sano va tasbehlarni aytishdan rohatlanar ekanlar. Demak, bu zikrlari xursandlik va mamnuniyat alomatlari ekan. Hadisda: “Jannat ahli yeb ichadilar, lekin ulardan hech qanday chiqindi, axlat kabi narsalar chiqmaydi. Balki yegan ovqatlari mushku anbar hidi kabi bug‘ va yel shaklida chiqib ketadi”, – deyilgan.
Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Isro kechasi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga ikkita qadah keltirildi. Birida sharob, ikkinchisida sut bor edi. Rasululloh (s.a.v.) ularning ikkoviga qarab turib sutni oldilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Allohga hamd bo‘lsin. U sizni haq bo‘lgan Islom fitratiga hidoyat qildi. Agar sharobni olganingizda, ummatingiz zalolatga ketar edi», dedilar. Imom Muslim rivoyati. Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Har bir muhim ish Allohga hamd aytish bilan boshlanmasa, oxiri kesikdir», dedilar. Abu Dovud va boshqalar rivoyatlari.
Abu Muso al-Ash’ariydan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar biror kishining farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalariga: «Bandamning farzandi (joni)ni oldinglarmi?» deydi. Farishtalar: «Ha», deb javob berishadi. Alloh: «Bandam qalbining mevasini oldinglarmi?» deydi. Farishtalar yana: «Ha», deyishadi. Alloh taolo: «Bandam nima dedi?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Senga hamd va istirjo’ (ya’ni, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», deb) aytdi», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Bandam uchun jannatda bir uy quringlar va uni hamd uyi, deb atanglar», deydi», dedilar. Imom Termiziyrivoyati. Anasdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar bir banda har luqma tanovul qilayotganida va har ho‘plam ichimlik ichayotganida Allohga hamd aytsa, Alloh taolo o‘sha bandasidan albatta rozi bo‘ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot resurs markazi rahbari M. Saidjalolova
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati