Hammamiz parvonani yaxshi bilamiz. Bu jonivor nedir ilinj va umid bilan tunda shu’laga yoki chiroqqa o‘zini urgani-urgan, halok bo‘lishini yo biladi, yo bilmaydi. Chunki unda aql yo‘q-da... Ongi bo‘lganida o‘zini halokatga tashlarmidi?! Unga ergashgan boshqa jonivorlarning ham tong otgach chiroqqa urilib halok bo‘lganini ko‘rganmiz.
Xuddi shunday holat 10 sentyabr kuni kuzatildi: kech tushishi bilan ayrim ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari nedir ilinj va umidda (!) soxta xabarlar tarqatdi. Tarqatilgan asossiz xabarlarning sarlavhalari turli-tuman bo‘lsa-da, biroq mazmun bir xil: emishki, “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etilibdi”...
Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bunday soxta, yolg‘on, bo‘hton, tuhmat xabarlarni tarqatayotgan kishilarni, hech shubhasiz, xalqimizning, millatimizning, dinimizning (!) dushmanlari, yolg‘onchilar deya olamiz. Modomiki, ular shu zaminda yashab, mamlakatning qonunlariga ham bo‘ysunmayaptimi, demak, ular davlatning ham dushmanidir.
So‘z isboti bilan go‘zal. Tabiiyki, mo‘min kishi, avvalo, kalomlarning eng ulug‘i – Qur’oni karimga murojaat qiladi. Kalomullohda: «Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!», deb marhamat qilingan (Hujurot surasi, 6-oyat).
Mufassirlar oyati karimani sharhlab, keltirilgan har qanday xabarga ishonavermaslikni, agar fosiq kishi (fosiq “fisq” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “qobiqni teshib chiqish” ma’nosini anglatadi. Shar’iy istilohda esa Alloh taoloning toatidan chiqib, ma’siyatlarni yashirmay, uyalmasdan, ochiq-oydin qiladigan odamga “fosiq” deyiladi) biror gap olib kelsa, uni yaxshilab tekshirib ko‘rish zarurligini ta’kidlashadi.
Hadisi shariflarda: “Eshitgan narsasini gapiraverish kishining yolg‘onchiligiga kifoya qiladi”(Imom Muslim rivoyati), “Musulmon shunday kishiki, uning na qo‘lidan, na tilidan musulmonlar ozor ko‘rmaydi”(Imom Buxoriy rivoyati), “Birovga zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”(Imom Bayhaqiy rivoyati)deyilgan.
Xo‘sh, shu kuni tarqatilgan soxta xabarlardan kimga nima naf? Nima maqsadda shunday qilindi? Oyati karimaga ko‘ra, xabar tekshirilib ko‘rildimi? Hadisi sharifga binoan eshitgan narsasini aniqlashtirmasdan turib, saytga qo‘yib yuborgan kishi yolg‘onchi, musulmon birodariga ziyon-zahmat yetkazgan, uni obro‘sizlantirgan bo‘lib qolmadimi?! Yoki shu ishni qaysi oyati karimaga, hadisi sharifga, xalqimiz, butun islom olami e’tirof etgan ulamolardan qay birining so‘ziga binoan bajardi?!!
Vaholanki, yolg‘on xabarni tarqatgan manbani kuzatsangiz, unda berib borilayotgan maqolalar oyati karimalardan, hadisi shariflardan, ulug‘larning hikmatli so‘zlaridan iborat bo‘lib, ularning bu ishlari odamlarga go‘yo “din uchun jon kuydirayotgan”dek tuyuladi. Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yolg‘onchi odam jannatga kirmasligi xususida ko‘p marotaba bizlarni ogohlantirganlar.
Endi, xolisanlillah (!), o‘zbekcha aytganda, Xudo uchun (!), do‘ppini yechib, Xudoga qarab, tafakkur qilib ko‘raylik... So‘nggi ikki yarim yil mobaynida mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy yo‘nalishda ham amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilsak. Avvalo, gapni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining (!) 72-sessiyasidagi tarixiy nutqida savodsizlik va jaholatga barham berish; diniy erkinlik; dindorlarning huquqini himoya qilish; ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari kabi o‘ta muhim va dolzarb masalalarni kun tartibiga qo‘ydi.
Bu nutq Islom olami yetakchilari tomonidan iliq kutib olindi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an BMT minbaridan turib, Islom dini qadriyatlari haqida so‘zlash katta jasorat ekanini e’tirof etdi.
Shu bilan birga, yurtimizda «Jaholatga qarshi – ma’rifat» shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlarni nafaqat Islom olami, balki butun dunyo ekspertlari, siyosatchilar, tahlilchilar yuksak e’tirof etishmoqda.
Bular shunchaki balandparvoz gaplar emas, balki ayni haqiqatdir! “Isboti qani” deysizmi? Marhamat, unda quloq tuting: so‘nggi uch yilda birgina diniy sohadagi o‘zgarishlarni olaylik:
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi;
Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilyapti;
“Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyati yo‘lga qo‘yildi;
Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi faoliyat boshladi;
Buxoroda tasavvuf, Qarshida aqida ilmi, Marg‘ilonda fiqh, Samarqandda kalom ilmi maktablari ochildi;
Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi ta’sis etildi;
2019-2020 o‘quv yili uchun Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul tizim asosida 120 nafar o‘rta maxsus ma’lumotga ega imom-xatiblar sirtqi bo‘limga o‘qishga qabul qilindi va hokazolar.
O‘quvchini zeriktirib qo‘ymaslik maqsadida yurtimizda yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirilayotgan jome masjidlar, majmualar, Ramazon oyida mingga yaqin masjidda Qur’oni karim xatm qilinayotgani, taroveh namozlarida Kalomullohni tilovat qilayotgan qorilar aynan o‘zimizning qorako‘zlar ekani, diyorimizdagi madrasalarda tahsil olgani haqida to‘xtalib o‘tirmadik.
Aqli raso insonmiz, oq-qorani ajrata olamiz. Yuqorida sanab o‘tilgan ishlar o‘z-o‘zidan amalga oshmayotganini, bularning zamirida qanchadan-qancha mehnat, beqiyos mashaqqat borligini, kunni tunga, tunni tongga ulab, izlanib, tafakkur qilib, o‘ylab, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng oliy mezoni ekanini o‘ziga dasturilamal qilib olgan olijanob shaxslarning xizmati katta ekanini yaxshi anglaymiz.
Dono xalqimiz “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi” deydi. Jannatmakon yurtimiz tinchligi, dono xalqimiz farovonligi, pok dinimiz ravnaqi uchun qilinayotgan ishlarga javob qaytarish shumi? Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bilib aytgan ekanlar-da Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlarida: “Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik bildiraolmagan inson Xudoga ham shukr qilaolmaydi” deb. Eng taajjublanarli joyi shuki – bundaylar yana din to‘g‘risida boshqalardan “ko‘proooq” qayg‘urib, boshqalardan “ko‘proooq” g‘am chekadilar. Go‘yo faqat ulargina musulmonlar, go‘yo faqat ulargina dindorlar!..
Shunday vaziyatda muqaddas dinimizga sidqidildan xizmat qilayotgan muhtaram insonni obro‘sizlantirishga harakat qilish, yolg‘on va soxta xabarlar tarqatib, xalqning tinch-totuv hayotiga rahna solish, mo‘min-musulmonlar orasiga fitna suqish orqali kimning tegirmoniga suv quyyapsiz?!
Vaholanki, Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam minbarga chiqib, baland ovozda bunday dedilar: «Ey, tilida musulmon bo‘lib, imon qalbiga singmagan jamoa! Musulmonlarga aziyat yetkazmang, ularni ayblamang! Ularning ayblarini qidiravermang! Zero, kim musulmon birodarining ayb-nuqsonlarini surishtirib, oshkor etsa, qiyomat kuni Alloh ham uning aybini oshkor qiladi. Alloh kimning aybini oshkor etsa, uyida bo‘lsa ham, uni odamlar oldida sharmanda qiladi».
Xalqimiz juda oriyatli. Biror ish qilmoqchi bo‘lsak, avvalo, yoshi ulug‘ insonlarning, hayot dorilfununini tamomlagan kayvonilarning oldidan o‘tamiz, ularning duolarini, maslahatlarini olib, yo‘l-yo‘riqlariga qat’iy rioya qilamiz. Nega? Chunki shu tartibda boshlangan ishning oqibati xayrli bo‘lishi hayotiy tajribada ko‘p bor sinalgan.
Ayrim saytlarda asossiz xabar tarqatgan kimsalarni yosh, g‘o‘r, deyish mumkin. Lekin ularning ham rahbari, boshlig‘i bor-ku. Jilla qursa, ular ham qaysidir masjidda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining ortidan namoz o‘qigani chiqar, hech bo‘lmasa, muftiyning fatvosiga ko‘ra ish qilgandir, u zot muallifligida chop etilgan risolalar, kitoblarni o‘qib o‘rgangandir?! Nahotki, uyalmasa, or qilmasa? Hayo qilmasa?..
Hadisi shariflarda: “Alloh taolo bir bandaning (e’tiborini) yo‘qotishni istasa, undan hayoni olib qo‘yadi”, “Har dinning mukammal axloqi bor. Islomning axloqi – hayodir” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ba’zan noshukrligimizga borib, oldimizda, yonginamizda oqayotgan suvning qadrini bilmaymiz. Bu azim daryodan boshqalar foydalanishadi. Shu bilan birga, uning manfaati mo‘lligini e’tirof ham etishadi. Iordaniya Qirolligi strategik islom tadqiqotlar markazi har yili jahonning eng nufuzli musulmonlarining yangi 500 talik ro‘yxati e’lon qiladi. Ana shu ro‘yxatdan qatorasiga o‘rin olib kelayotgan muftiy hazratlari haqida tarqalgan yolg‘on xabarlar nafaqat yurtimiz mo‘min-musulmonlari sha’niga, balki davlatimiz, muqaddas dinimiz (!) sha’niga yarashmaydigan ish bo‘ldi.
Kitoblarimizda “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U Zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh nomlaridan gapiradi” deyilgan. “Men, alxamdulillah, musulmonman” degan odamga yarasharmikan shunday ish?
... Xayriyat hech qancha vaqt o‘tmay, haqiqat qaror topib, botil zoye bo‘ldi: muftiy hazratlari haqida tarqalgan xabarlar asossiz, soxta, yolg‘on ekani fosh bo‘ldi. Lekin dil yarasining bitishi qiyin kechyapti.
Qur’oni karim oyatlariga ham, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning hadisi shariflariga ham, shariatimiz hukmlariga-yu ulamolarimiz fatvolariga ham, davlatimiz konunlariga-yu sharqona odoblarimizga ham, jamiyatshunoslik aloqalariga-yu odamgarchilik munosabatlariga ham, insoniy tuyg‘ularga-yu ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, yurtimiz urf-odatlariga-yu o‘zbekchilik qoidalariga ham, madaniyatimiz axloqlariga-yu insoniy aqlga ham, axloqiy normaga-yu dono maqollarimizga ham, milliy an’analarimizga-yu diniy qadriyatlarimizga ham, xalqimiz ongiga-yu Islom dinimiz tushunchalariga ham zid bo‘lgan ushbu harakatlarni qanday tushunish mumkin ekan???
Maqsadimiz – birovni yomonotliqqa chiqarish emas, balki atrof-javonibga teranroq nigoh bilan boqib, har bir ishni muqaddas dinimiz (!) ko‘rsatmalari asosida amalga oshirish zarur ekanini eslatish xolos.
Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon Inomov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati