Tarixda eng qisqa va balog‘atli maktublar, mav’izalar ko‘p bo‘lgan. Shulardan ikkita ibratlisini keltiramiz.
“Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)dan Amr ibn Oss (roziyallohu anhu)ga:
“Menga yetib kelgan xabarga ko‘ra, hukm majlislarida suyanib o‘tirar ekansan. Ey Ossning o‘g‘li, tavoze’ bilan o‘tir! Aks holda hokimlikdan olaman. Kiyim kiyishga ko‘p e’tibor berma! Allohdan qo‘rqish va (gunohlaring uchun) nadomat libosini kiy! Agar kishi uchun o‘z kiyimlarida sharaf bo‘lganida, u eng go‘zal liboslarini Haramda yechmagan bo‘lardi”.
Ma’lumki, Saudiya Arabistoniga Haj va Umra qilish niyatida boradigan odam Haram hududiga kirishdan oldin belgilangan joyda barcha liboslarini yechib, ehrom kiyib oladi.
*****
Yaqin tarixdagi eng qisqa va ma’noli xutba
Bu voqea Tunisdagi Zaytuna jome’sida bo‘lgan edi. Mamlakat muftiysi Muhammad Tohur ibn Oshur rahimahulloh Jum’a kuni minbarga chiqib, namozxonlarga yuzlanib, “Bozorlardagi ayollar kimniki?” deb so‘radi. Namozxonlar sukutda. Imom yana “Bozorlardagi ayollar kimniki?” deya savolini takrorladi. Bu safar ham namozxonlar jim.
Shunda ulug‘ muftiy: “Modomiki, ayollaringiz ochiq-sochiq, yarim-yalang‘och ekan, o‘qigan namozlaringizda yaxshilik yo‘qdir. Takbir ayting!” dedi.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Buxoro tumanida “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Imom Buxoriy” jome masjidida boshlangan muloqotlarda viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, diniy soha xodimlari, otinoyilar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tuzilgan ishchi guruhlar hududdagi 6 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, xayrli amallar amalga oshirildi. Jumladan, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, bemorlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, nizoli va muammoli oilalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida bir nechta xonadonlarda yarashuvga erishildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida masjid hovlisiga manzarali va mevali ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa, “G‘uncha” bolalar bog‘chasiga uyushtirilgan tashrif jajji bolajonlarga haqiqiy bayram quvonchini ulashdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Naqshband.uz