Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

06.09.2019 yil HALOL SAVDO – BARAKA OMILI

04.09.2019   13080   11 min.
06.09.2019 yil HALOL SAVDO – BARAKA OMILI

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِي أَحَلَّ البَيْعَ والشِّرَاءَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي عَلَّمَ البَيْعَ وَحَذَّرَ    عَنِ الرِّبَا، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

HALOL SAVDO – BARAKA OMILI

Muhtaram jamoat! Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, hukumatimiz tomonidan  ishbilarmon va tadbirkorlar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bunga biz faqat shukr qilishimiz va o‘zaro muomalalarimizda to‘g‘ri so‘z va halol bo‘lishimiz darkor. Zero, dinimiz savdo-sotiqda halol bo‘lishga targ‘ib qilib, rostgo‘y va halol savdogarlarga yuksak martabalarni va’da qilgan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi sharifda shunday deganlar:

  "التَاجِرُ الصَّدُوقُ تَحْتَ ظِلِّ الْعَرْشِ یَوْمَ الْقِیَامَةِ" )رَوَاهُ الإمام الدیلمي عن أنس رضي االله عنه)

ya’ni: “Rostgo‘y savdogar Qiyomat kunida arshning soyasidadir” (Imom Daylamiy rivoyati).

Yana bir mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"التّاجِرُ الصّدُوقُ الأمِينُ، مَعَ النّبِيّينَ والصّدّيِقينَ والشّهَداءِ" (رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ عنْ أبي سَعِيدٍ رضي الله عنه).

ya’ni: Rostgo‘y, omonatdor tijoratchi odam nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyati). 

Savdogar kishi mana shunday ulug‘ maqomga erishishi uchun ushbu kasbning shar’iy qoidalariga amal qilishi bilan birgalikda rostgo‘ylikni o‘ziga dasturi amal qilib olishi lozim.

Quyida savdogar kishi amal qilishi kerak bo‘lgan ba’zi zarur qonun-qoidalarga to‘xtalib o‘tamiz:

Rostgo‘y bo‘lish.  Savdo molini haqiqiy sifati, navi, jinsi, tayyorlangan joyi va sarf-xarajati haqidagi ma’lumotlarda yolg‘on ishlatmaslik darkor. Rasululloh sallalohu alayhi vasallam:

عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ رضي الله عنه قَالَ: أَتَانَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَى الْبَقِيعِ، فَقَالَ: "يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ" حَتَّى إِذَا اشْرَأَبُّوا، قَالَ: "إِنَّ التُّجَّارَ يُحْشَرُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فُجَّارًا إِلَّا مَنِ اتَّقَى، وَبَرَّ، وَصَدَقَ "(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: Baro Ibn Ozib raziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Baqi’ga kelib: “Ey, savdogarlar jamoasi!” – dedilar. Hamma u kishiga qaradi, shunda U Zot: “Albatta, savdogarlar Qiyomat kunida gunohkor bo‘lib tiriladilar, faqat Allohdan qo‘rqib, ishini to‘g‘ri qilib va rost so‘zlagan savdogarlar bundan mustasno”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Tarozi, litr, metr, hajm va donasidan urishning barchasi katta gunohlardan hisoblanadi.

Solihlardan birlari aytadilar: “Bir bemorni ko‘rgani bordim. O‘limi yaqinlashib, og‘ir holatda yotgan edi. Unga har qancha shahodat kalimasini talqin qilsam ham, tili hech aylanmasdi. O‘ziga kelgach: “Birodar shahodat kalimasini bir muncha talqin qilsam ham tilingiz hech aylanmadi”, – deb so‘radim. U bo‘lsa: “Tarozining pallasi tilimni bosib gapirtirmay qo‘ydi”, – dedi. “Nega? tarozidan urib qolarmidingiz?” – deb so‘rasam u: “Yo‘q unday emas. Biroq tarozini o‘z vaqtida to‘g‘riligini tekshirib turmasdim”, – deb javob berdi.

Tarozisini nazorat qilib tekshirib turmagan, to‘g‘riligiga e’tibor bermagan kishining holi shu bo‘lsa, urib qoladiganlarning ahvoli qanday bo‘larkan?

kyengfe’l bo‘lish. Sotuvchi avvalo chiroyli muomalada bo‘lishi, foydasini insof bilan qo‘yishi, imkon qadar aytgan narxidan o‘tib berishi, oluvchi ham o‘z navbatida mahsulotni pastga urmay olishi maqsadga muvofiqdir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:  

"رَحِمَ اللَّهُ رَجُلاً سَمْحًا إِذَا بَاعَ، وَإِذَا اشْتَرَى، وَإِذَا اقْتَضَى" (رواه الإمام البخاري عَنْ جَابِرِ رضي الله عنه)

ya’ni:  “Sotganda, sotib olganda va haqini talab qilganda bag‘rikeng bo‘lgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin!” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).

Haloldan topib, haromdan saqlanish. Savdogar faqat haloldan topib, moliga shubhali va harom narsalarni aralashtirmaydi. Shuningdek, shariatimiz ruxsat bermagan oldi-sottilar bilan shug‘ullanmasligi kerak.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qilish haqida shunday marhamat qilganlar:

َا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، فَإِنَّ نَفْسًا لَنْ تَمُوتَ حَتَّى تَسْتَوْفِيَ رِزْقَهَا وَإِنْ أَبْطَأَ عَنْهَا، فَاتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، خُذُوا مَا حَلَّ وَدَعُوا مَا حَرُمَ" (رواه الإمام ابن ماجه).

ya’ni: “Ey, odamlar! Allohdan qo‘rqing va mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qiling! Har bir inson o‘zining rizqini mukammal olmaguncha, joni uzilmaydi. Unga belgilangan rizq biroz kechikishi mumkin, ammo baribir keladi. Shuning uchun Allohdan qo‘rqing va mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘lni tanlang! Halolini oling, haromini tark qiling!” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, hadisi sharifdan ma’lum bo‘lmoqdaki, kishi rizqi uchun harom yo‘llarga kirsa ham,  Alloh taolo unga yozgan rizq-nasibasidan ortig‘ini qo‘lga kirita olmaydi. Shunday ekan, har birimiz faqat Alloh rozi bo‘ladigan yo‘l bilan rizq-nasibamizni topishga harakat qilishimiz zarur.  

Xayr-ehsonni ko‘p qilib turish. Savdogar savdo mobaynida o‘zi bilmagan holatda kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam savdogarlarni xayru ehson qilib turishiga buyurganlar:

"يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ إِنَّ الْبَيْعَ يَحْضُرُهُ اللَّغْوُ وَالْحَلِفُ، فَشُوبُوهُ بِالصَّدَقَةِ"

 (رواه الإمام الترمذي والإمام أبو داود عَنْ قَيْسِ بْنِ أَبِي غَرَزَةَ).

ya’ni:  Ey, savdogarlar jamoasi! Albatta, savdoga behuda gaplar va qasam aralashishi mumkin. Shunday ekan, savdoni sadaqa bilan birga olib boringlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).

Xaridor kambag‘al bo‘lsa, unga yordam berish haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

 مَنْ أَنْظَرَ مُعْسِراً أَوْ وَضَعَ عَنْهُ أَظَلَّهُ اللَّهُ فِي ظِلِّهِ (رواه الإمام مسلم عن أبي اليسر رضي الله عنه).

ya’ni: “Kim (savdoda) kambag‘alga muhlat bersa yoki undan (ozmi, ko‘pmi) kechsa, (Qiyomat kuni) Alloh taolo uni O‘z soyasida soyalantiradi” (Imom Muslim rivoyati).    

Savdo bilan mashg‘ul bo‘lib, ibodatga beparvo bo‘lmaslik. Savdogar kishi savdo bilan shug‘ullanishi bilan birgalikda musulmonlik burchlarini ham unutmasligi lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan:

رِجَالٌ لَا تُلْهِيهِمْ تِجَارَةٌ وَلَا بَيْعٌ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَإِقَامِ الصَّلَاةِ وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ يَخَافُونَ يَوْمًا تَتَقَلَّبُ فِيهِ الْقُلُوبُ وَالْأَبْصَارُ

ya’ni: “Kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg‘ita olmas. Ular dillar va ko‘zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo‘rqurlar (Nur surasi, 37-oyat).

Ulug‘ zotlarning biridan: “Obid ustunroqmi yoki omonatdor savdogarmi?” –  deb so‘ralganida, bunday javob bergan ekanlar: “Omonatdor savdogar ustun. Chunki, molni sotish yoki olish paytida shayton uni tarozidan urib qolishga undaydi, u buning aksini qilib, shaytondan ustun keladi”.

Tijorat ahli o‘zlariga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni va sahoba raziyallohu anhumlarni namuna qilib olishlari kerak. Ularning ichida tirikligidayoq jannat bashorat qilingan Abdurahmon ibn Avf kabi behisob mol-mulkka ega bo‘lgan tijoratchilar ham bo‘lganligi, lekin tijorat ularni Allohning zikri va ibodatidan to‘smaganligini bilishlari ham zarur.

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida savdo-sotiqqa oid ba’zi masalalarni aytib o‘tamiz:

Ehtikor (monopoliya) – oziq-ovqat yoki yem-xashak mahsulotlarini sotib olib, odamlarga zarar bo‘ladigan darajada saqlab, sotmasdan turishdir. Bu ishni katta gunohligi haqida Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan  hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kim taomni qirq kecha ehtikor qilsa, batahqiq, u Allohdan voz kechgan, Alloh undan voz kechgan bo‘ladi”, – deganlar (Imom Ahmad va Imom Hokim rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “kishi o‘zi yetishtirgan narsasini ushlab turishi ehtikorga  kirmaydi”, – deganlar.

Iqola – savdoni bekor qilish. Masalan, kishi bir narsani sotib olganidan keyin, qimmat sotib olgani uchun yoki to‘lashga pul topa olmayotgani uchun yohud undan ham zarurroq ishlari borligi esiga tushib qolib, sotib olganiga pushaymon bo‘lib, sotuvchidan savdoni bekor qilishni so‘rasa, sotuvchi janjal-to‘polonsiz, bag‘rikenglik bilan molni olib, to‘langan pulni qaytarsa, sotuvchi juda ham katta savob va beqiyos yordam qilgan bo‘ladi. Bu haqda Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim (savdosi sababidan) nadomat chekayotgan kishini savdosini bekor qilsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning xatolarini avf qiladi”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 Sotib olgan molni qo‘lga olishdan avval sotish joiz emasligi. Musulmon savdogar tijorat molini hali qo‘liga olmay turib, boshqaga sotishi joiz emas. Chunki, hadisda bunday qilishdan qaytarilgan:

Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taomni qo‘lga olmasdan oldin uni sotishdan qaytarganlar”. Ibn Abbos raziyallohu anhu yana shunday qo‘shimcha qildilar: “Boshqa narsalarni ham taom kabi deb bilaman” (Muttafaqun alayh).

“Savdo molini qo‘lga olib, o‘ziniki qilib olmay turib, sotuvchiga ham boshqasiga ham uni sotish joiz bo‘lmaydi” (“Mabsut” kitobi).

Bozorga kirishdan oldin sotib olmaslik. Ba’zida dehqonlar yetishtirgan mollarini bozorga olib kirmaslaridan va bozordagi narx qanchaligini bilishlaridan oldin savdogarlar ularni yo‘llarini to‘sib, arzon garovga sotib olib, keyin bozorda qimmat bahoga sotadilar. Bu ish – ham dehqonga va ham xalqqa zarardir! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam  bunday savdodan qaytarganlar: Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Biz bozorga mol olib kelayotganlarning yo‘liga chiqib, taomlarini sotib olar edik. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam  bizni ular taom bozoriga yetib bormagunicha, ulardan narsa sotib olishimizdan qaytardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, bu holat bizni ko‘p bozorlarimizda uchraydi. Jumladan, hayvon bozorlarida ham juda avj olgan.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, ba’zi to‘rt muchasi sog‘ “erkak”lar ayolini mahramsiz savdo uchun safarlarga jo‘natib, o‘zi uyida bolalariga qarab o‘tirmoqda. Bunday savdo  mutlaqo musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Bu holat – dinimiz aziz qilgan ayollarni xorlash hisoblanadi. Alloh bunday “erkak”larga tavfiq bersin!

Alloh taolo barcha savdogar va tadbirkorlarimizga rostgo‘ylik, halol ishlash, haromdan uzoq bo‘lish, o‘z kasbu kori bilan yurtni obod qilish va ikki dunyo saodatiga erishish baxtini nasib qilsin! Omin! 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “O‘Z JONIGA QASD QILISH – OG‘IR GUNOH” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

10.08.2026   22980   2 min.
“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.

Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari