Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

MILLATNING FIKRINI BUZMANG “SHOUMЕN”LAR

30.08.2019   6993   5 min.
MILLATNING FIKRINI BUZMANG “SHOUMЕN”LAR

Yapon olimlari muttasil tarzda televizor tomosha qilish inson venalarining bekilib (to‘silib) qolishiga sabab bo‘lishini ma’lum qildilar.

Unga ko‘ra, bir kun davomida 2,5 – 4 soat televizor tomosha qilish inson venalarining bekilib qolishini 70%ga oshishiga olib kelishi aniqlandi.      

Bu – televizorning inson salomatligi uchun bo‘lgan zararlari. Ammo, so‘ngi paytlarda telekanallar soni oshgani sayin uning ijtimoiy zararlari va ruhiyatga salbiy ta’siri ham kuchayib bormoqda.         

Bugun televizor oddiygina tomosha qutisi emas, u turli g‘oyalar va mafkuralar targ‘ibotchisi, mahsulotlar reklamachisidir. Normal holatda fikrlaydigan inson oila davrasida unga ming hadik bilan qaraydi.

Ishdan so‘ng biror yaxshi dastur yoki film ko‘rish ilinji bilan kanallarni ko‘zdan kechira boshlaysiz. Namoyishlarning aksariyati sevgi-muhabbat (yigit va qizning bir-biriga shahvat ila ehtirosli qarashlari), bema’ni tomoshalar (ochiq-sochiq kiyingan aktyor va aktrisalarning noo‘rin harakatlari) va bachkana shoulardan iborat... Nahotki, telekanallarimiz shundan boshqa ishlarga yaramasa?.. Ayniqsa, xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlardan ma’no qidirib charchaysan kishi. Eng ayanchlisi, ayni damlarda xususiy kanallar orqali efirga uzatilayotgan xorijiy dasturlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirilgan g‘arb mentaliteti bilan sug‘orilgan turli xil shoular orqali xalqimizga nima bermoqchi bo‘l­yapti bu “xumparlar”?

Televideniye juda katta kuch. Ta’sir ko‘rsatish nuqtayi nazaridan uning imkoniyatlari siyosat va ilmdan ancha yuqori. Shuning uchun ham telekanallardagi namoyishlar omma orasida tez “shuhrat” qozonadi va  anchagacha muhokamalarga sabab bo‘ladi. Ko‘pchilikning e’tibor markazida turadi. Bu holat o‘z-o‘zidan insonlar dunyoqarashiga, fikrlashi va o‘y-xayollariga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Misol tariqasida, “Aldama meni”, “Xafa bo‘lish yo‘q” yoki “Yoshimni top” va boshqa turli nomdagi insonning aqli va vaqtini o‘g‘irlovchi, asabini taranglashtiruvchi ko‘rsatuvlarni olaylik. Bu bemazalarni ko‘rmagan tomoshabin qolmadi. Badiiy kengash (bor bo‘lsa agar) bu dasturlarga qaysi nuqtayi nazar bilan ruxsat bergan ekan?..

Birigina “Aldama meni” ko‘rsatuvini olaylik. Taniqli san’atkorni taklif etib, unga o‘ta shaxsiy bo‘lgan holat yoki voqe’alar haqida savol berish (nega eringizdan ajrashgansiz, nechta xushtoringiz bor, o‘sha kecha kim bilan nima bo‘ldi, falonchi aybingizni bilasizmi va boshqa shunga o‘xshash behayo savollar), agar javob bera olmasa ma’lum bir shart (sichqon, qurbaqa, suvarak, kaltakesak kabi jonivorlarni ushlash, og‘izda tishlab olish...)ni bajarishga majburlash, sog‘lom odam qiladigan ish emas. Yana bir jihat, ko‘rsatuvning mohiyatiga e’tibor qaratsangiz, asosan mehmonlarning aybu nuqsonlarini ochish, omma oldida sharmanda qilish, agar bunga ko‘nmasa inson jirkanadigan ishlarni qilishga majburlashdan iborat ekanligini anglaysiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh qiyomatda uning aybini yashiradi(Imom Muslim rivoyati)

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim birodarining aybini to‘ssa, Alloh taolo qiyomat kuni uning aybini to‘sadi. Kim birodarini aybini ochsa, Alloh taolo uning aybini ochadi, hatto uyini ichida bo‘lsa ham sharmanda qiladi”. (Ibn Moja rivoyati)

Ulamolar aytadi: Banda xatodan xoli emas. Bilib yo bilmasdan bir ayb ish qilsa, uni o‘zi yoki o‘zgalar oshkor qilishi joiz emas. Zero, Alloh ochmagan pardani ochmagan ma’qul. Kishi birodaridan bir ayb yo xatoni ko‘rsa, uni isloh qilishga, to‘g‘rilashga harakat qilmog‘i lozim. Bu ish qo‘lidan kelmasa, u aybni yashirishi yaxshidir.

Yuqoridagi hadislardan kelib chiqsak “Aldama meni” ko‘rsatuvining mualliflari bir insonning aybini butun dunyoga oshkor qilib, shu orqali obro‘ orttirishni niyat qilgandek. Kamiga, Dinimiz (nafaqat Dinimiz, balki aqli raso har bir inson) tomonidan qattiq qoralangan isrofgarchilikni ko‘rsatib, nodonlikning eng yuqori cho‘qqisini targ‘ib etgan holda, odamlar ongini zaharlamoqda. Isrofgarchilik orasida eng kattasi bu – vaqtni isrof qilish, behuda, Dini va dunyosi uchun foydasi bo‘lmagan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishdir.

 

Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

 

“Batahqiq, mo‘minlar najot topdilar… Ular behuda narsalardan yuz o‘girguvchilardir” (Mo‘minun surasi, 1-3).

       

Albatta, vaqtni, umrni, Alloh taolo in’om etgan ne’matlarni qadrlovchi mo‘minlar najot topadi. Allohning najoti esa ikki dunyo saodatidir. Isrofdan tiyilganlar dunyo va oxiratda aziz bo‘ladi!

 

Xulosa. Hurmatli “ijodkor”lar, efir vaqtini to‘ldirish, tomoshabinlarni ko‘proq jalb etish, reytingda yuqori pog‘onalarda turish uchun kurashayotgan telekanal “shoumen”lari va rahbarlari: bugun xalqimiz orasida axloqsizlik, behayolik, oriyatsizlik, benomuslik, iste’molchilik kayfiyati, dangasalik va beparvolik xavfli epidemiya kabi tarqalmoqda. Mazkur holatning rivojlanishida “siz”larning ham hissalaringiz kattagina foizni tashkil etadi.

Xitob: xalqni ma’naviy inqiroz tomon boshlamang. O‘zingizni ham, tomoshabinlarni ham puch g‘oyali, behayolik va axloqsizlikka asoslangan namoyishlaringiz bilan aldamang! Hayosizlik, axloqsizlik, olamoncha madaniyatni targ‘ib etmang!

Zero, buning badali barchamiz uchun juda og‘ir bo‘ladi. Bunga tarix guvoh.

So‘zimiz so‘ngida, Alloh taolo O‘z Kalomida, uyatsiz, behayo va fahsh ishlarni qoralab, bunday jinoyatlarni targ‘ib etuvchi hamda bundan manfaat ko‘ruvchilarni qattiq ogohlantirgan ushbu oyatni keltirib o‘tmoqchimiz:  

 

 “Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar” (Nur surasi, 19-oyat).

 

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

10.08.2026   6354   1 min.
Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.

Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari