Yapon olimlari muttasil tarzda televizor tomosha qilish inson venalarining bekilib (to‘silib) qolishiga sabab bo‘lishini ma’lum qildilar.
Unga ko‘ra, bir kun davomida 2,5 – 4 soat televizor tomosha qilish inson venalarining bekilib qolishini 70%ga oshishiga olib kelishi aniqlandi.
Bu – televizorning inson salomatligi uchun bo‘lgan zararlari. Ammo, so‘ngi paytlarda telekanallar soni oshgani sayin uning ijtimoiy zararlari va ruhiyatga salbiy ta’siri ham kuchayib bormoqda.
Bugun televizor oddiygina tomosha qutisi emas, u turli g‘oyalar va mafkuralar targ‘ibotchisi, mahsulotlar reklamachisidir. Normal holatda fikrlaydigan inson oila davrasida unga ming hadik bilan qaraydi.
Ishdan so‘ng biror yaxshi dastur yoki film ko‘rish ilinji bilan kanallarni ko‘zdan kechira boshlaysiz. Namoyishlarning aksariyati sevgi-muhabbat (yigit va qizning bir-biriga shahvat ila ehtirosli qarashlari), bema’ni tomoshalar (ochiq-sochiq kiyingan aktyor va aktrisalarning noo‘rin harakatlari) va bachkana shoulardan iborat... Nahotki, telekanallarimiz shundan boshqa ishlarga yaramasa?.. Ayniqsa, xususiy telekanallarda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlardan ma’no qidirib charchaysan kishi. Eng ayanchlisi, ayni damlarda xususiy kanallar orqali efirga uzatilayotgan xorijiy dasturlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirilgan g‘arb mentaliteti bilan sug‘orilgan turli xil shoular orqali xalqimizga nima bermoqchi bo‘lyapti bu “xumparlar”?
Televideniye juda katta kuch. Ta’sir ko‘rsatish nuqtayi nazaridan uning imkoniyatlari siyosat va ilmdan ancha yuqori. Shuning uchun ham telekanallardagi namoyishlar omma orasida tez “shuhrat” qozonadi va anchagacha muhokamalarga sabab bo‘ladi. Ko‘pchilikning e’tibor markazida turadi. Bu holat o‘z-o‘zidan insonlar dunyoqarashiga, fikrlashi va o‘y-xayollariga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Misol tariqasida, “Aldama meni”, “Xafa bo‘lish yo‘q” yoki “Yoshimni top” va boshqa turli nomdagi insonning aqli va vaqtini o‘g‘irlovchi, asabini taranglashtiruvchi ko‘rsatuvlarni olaylik. Bu bemazalarni ko‘rmagan tomoshabin qolmadi. Badiiy kengash (bor bo‘lsa agar) bu dasturlarga qaysi nuqtayi nazar bilan ruxsat bergan ekan?..
Birigina “Aldama meni” ko‘rsatuvini olaylik. Taniqli san’atkorni taklif etib, unga o‘ta shaxsiy bo‘lgan holat yoki voqe’alar haqida savol berish (nega eringizdan ajrashgansiz, nechta xushtoringiz bor, o‘sha kecha kim bilan nima bo‘ldi, falonchi aybingizni bilasizmi va boshqa shunga o‘xshash behayo savollar), agar javob bera olmasa ma’lum bir shart (sichqon, qurbaqa, suvarak, kaltakesak kabi jonivorlarni ushlash, og‘izda tishlab olish...)ni bajarishga majburlash, sog‘lom odam qiladigan ish emas. Yana bir jihat, ko‘rsatuvning mohiyatiga e’tibor qaratsangiz, asosan mehmonlarning aybu nuqsonlarini ochish, omma oldida sharmanda qilish, agar bunga ko‘nmasa inson jirkanadigan ishlarni qilishga majburlashdan iborat ekanligini anglaysiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh qiyomatda uning aybini yashiradi”(Imom Muslim rivoyati)
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim birodarining aybini to‘ssa, Alloh taolo qiyomat kuni uning aybini to‘sadi. Kim birodarini aybini ochsa, Alloh taolo uning aybini ochadi, hatto uyini ichida bo‘lsa ham sharmanda qiladi”. (Ibn Moja rivoyati)
Ulamolar aytadi: Banda xatodan xoli emas. Bilib yo bilmasdan bir ayb ish qilsa, uni o‘zi yoki o‘zgalar oshkor qilishi joiz emas. Zero, Alloh ochmagan pardani ochmagan ma’qul. Kishi birodaridan bir ayb yo xatoni ko‘rsa, uni isloh qilishga, to‘g‘rilashga harakat qilmog‘i lozim. Bu ish qo‘lidan kelmasa, u aybni yashirishi yaxshidir.
Yuqoridagi hadislardan kelib chiqsak “Aldama meni” ko‘rsatuvining mualliflari bir insonning aybini butun dunyoga oshkor qilib, shu orqali obro‘ orttirishni niyat qilgandek. Kamiga, Dinimiz (nafaqat Dinimiz, balki aqli raso har bir inson) tomonidan qattiq qoralangan isrofgarchilikni ko‘rsatib, nodonlikning eng yuqori cho‘qqisini targ‘ib etgan holda, odamlar ongini zaharlamoqda. Isrofgarchilik orasida eng kattasi bu – vaqtni isrof qilish, behuda, Dini va dunyosi uchun foydasi bo‘lmagan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishdir.
Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Batahqiq, mo‘minlar najot topdilar… Ular behuda narsalardan yuz o‘girguvchilardir” (Mo‘minun surasi, 1-3).
Albatta, vaqtni, umrni, Alloh taolo in’om etgan ne’matlarni qadrlovchi mo‘minlar najot topadi. Allohning najoti esa ikki dunyo saodatidir. Isrofdan tiyilganlar dunyo va oxiratda aziz bo‘ladi!
Xulosa. Hurmatli “ijodkor”lar, efir vaqtini to‘ldirish, tomoshabinlarni ko‘proq jalb etish, reytingda yuqori pog‘onalarda turish uchun kurashayotgan telekanal “shoumen”lari va rahbarlari: bugun xalqimiz orasida axloqsizlik, behayolik, oriyatsizlik, benomuslik, iste’molchilik kayfiyati, dangasalik va beparvolik xavfli epidemiya kabi tarqalmoqda. Mazkur holatning rivojlanishida “siz”larning ham hissalaringiz kattagina foizni tashkil etadi.
Xitob: xalqni ma’naviy inqiroz tomon boshlamang. O‘zingizni ham, tomoshabinlarni ham puch g‘oyali, behayolik va axloqsizlikka asoslangan namoyishlaringiz bilan aldamang! Hayosizlik, axloqsizlik, olamoncha madaniyatni targ‘ib etmang!
Zero, buning badali barchamiz uchun juda og‘ir bo‘ladi. Bunga tarix guvoh.
So‘zimiz so‘ngida, Alloh taolo O‘z Kalomida, uyatsiz, behayo va fahsh ishlarni qoralab, bunday jinoyatlarni targ‘ib etuvchi hamda bundan manfaat ko‘ruvchilarni qattiq ogohlantirgan ushbu oyatni keltirib o‘tmoqchimiz:
“Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar” (Nur surasi, 19-oyat).
O‘MI matbuot xizmati
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM