ISLOM VA IMON SHARTLARI
Islom dini tinchlik, poklik, halollik, mehr-muruvvat, insonlarni ikki dunyo saodatiga yetkazuvchi dindir. Bu din insonlarni yagona iloh – Alloh taologa, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, qiyomat kuniga, yaxshilik ham, yomonlik ham Uning xohishi bilan bo‘lishiga, o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga ishonishga chaqiradi. Ana shularga qalban ishonganlar musulmon, imonli bo‘ladilar.
Musulmon kishiga har kuni besh mahal namoz o‘qish, Ramazon oyida ro‘za tutish, zakot berish, ya’ni boyligi nisobga (muayyan miqdorga) yetsa yilda bir marta ma’lum miqdorini haqdorlarga berish, haj qilish, ya’ni moddiy va sog‘lig‘i jihatidan qurbi yetganda hamda yo‘llar bexatar bo‘lganida belgilangan oylarda Makkai mukarramaga borib umrida bir marta haj amallarini ado etish farzdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Tavof qilish asnosida ziyoratchilar bir-birlari bilan yoki telefon orqali gaplashishlari mumkinmi? Ayrim odamlar bemalol gaplashib ketayotganlariga ko‘zimiz tushib qoladi.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tavof asnosida zarur gaplarni gaplashish, bilmaganini ilmli insonlardan so‘rashi kabi ishlar muboh hisoblanadi. Hojati yo‘q, bekorchi gaplarni gaplashish taqiqlanadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Baytulloh atrofida tavof qilish xuddi namoz kabidir. Faqatgina unda gapirishingiz mumkin. Kimki unda gapirsa, faqat yaxshilikni gapirsin” (Imom Termiziy rivoyati).
“Gapirsa, faqat yaxshilikni gapirsin” iborasi ulamolar tomonidan Alloh taoloni zikr qilish, foydali ilm o‘rganish va o‘rgatish kabi savob beriladigan amallar deb, sharhlangan.
Tavof – savobi ulug‘ amal hisoblanadi, qolaversa, xorijiy o‘lkalardan boruvchilar uchun boshqa joyda topa olmaydigan amal hamdir. Shu sababli bunday muqaddas makonlarda, g‘animat vaqtlarda duo-yu iltijolar, tavba-yu istig‘forlar bilan mashg‘ul bo‘lmoq lozim. Bunday fursatni oldi-qochdi gaplar bilan o‘tkazib yuborish mo‘l-ko‘l savoblardan bebahra qolishga sabab bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.