25 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi.
Nuriddin domla Xoliqnazarov 1968 yilda Andijon viloyati Asaka shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. 1992 yilda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasini, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.
Ish faoliyati davomida Nuriddin domla Xoliqnazarov Andijon viloyati Asaka shahri “Ahmadali Maxdum” jome masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri Yunusobod tumani “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi va shu kunga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilgan.
Nuriddin domla Xoliqnazarovga ushbu sharafli vazifada, xalqimizning diniy-ma’rifiy ehtiyojini ta’minlash yo‘lida Alloh taolodan kuch-quvvat so‘raymiz.
Shu paytgacha poytaxt bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilib kelgan Rahimberdi domla Rahmonov “Minor” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ish faoliyatini davom ettiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati