Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch kimsa borki, Alloh azza va jalla qiyomat kuni ularga (rahmat nazari ila) qaramaydi: ota-onasiga oqq bo‘lgan kimsaga, erkakshoda ayolga, dayusga. Va uch kishi jannatga kirmaydi: ota-onasiga oqq bo‘lgan kimsa, aroq ichishga mukkasidan ketgan kimsa, berganini minnat qiluvchi kimsa» dedilar. Imom Ahmad va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Imom Ahmadning rivoyatlarida bunday kelgan: «Uch kishi borki, Alloh taolo ularga jannatni harom qilgan: aroqqa mukkasidan ketgan, oqq bo‘lgan, ahlida iflos ish (zino) sodir bo‘lishiga rozi bo‘lgan kimsa».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch kishi hech qachon jannatga kirmaydi: erkaklardan dayus, ayollardan erkakshoda va xamr (aroq)ga mukkasidan ketgan kimsa» dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, xamr (aroq)ga mukkasidan ketgan kimsani tushundik. Ammo erkaklardan dayus kim?» deb so‘rashdi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: «Ahli (xotini)ning oldiga kimlar kirishiga parvo qilmaydigan kimsa» dedilar. Biz: «Ayollardan erkakshodasi kim?» deb so‘radik. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘zini erkaklarga o‘xshatgan ayol» deb javob berdilar.
Demak, kengroq olib qaraydigan bo‘lsak, dayus:
Demak, Alloh taolo qiyomat kuni dayusga rahmat nazari ila boqmas ekan.
Demak, Alloh taolo dayusni jannatga kiritmas ekan.
Demak, Alloh taolo dayusga jannatni harom qilib qo‘ygan ekan.
Mahramimiz bo‘lgan ayollarning yurish-turishlarini, kiyinishlarini, gap-so‘zlarini, qayerga borib, kimlar bilan ko‘rishayotganlarini nazoratga olaylik!
Alloh taolo barchamizni dayuslikdan asrab, hamiyat, rashk, qizg‘onish tuyg‘ularimizni mustahkam qilsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisni yodlab, boshqalarga yetkazgan kishilar haqida bunday deganlar:
نَضَّرَ اللَّهُ امْرَأً سَمِعَ مِنَّا شَيْئًا فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَهُ
"Bizdan bir so‘z eshitib, uni qanday eshitgan bo‘lsa, shunday yetkazgan kishining yuzini Alloh yorug‘ qilsin" (Imom Termiziy rivoyati).
Bu muborak duo asrlar davomida muhaddis ulamolarga kuch va g‘ayrat bag‘ishladi. Ular hadislarni to‘plash uchun cho‘l-sahrolarni kezdilar, uzoq mamlakatlarga safar qildilar, ochlik va qiyinchiliklarga sabr qildilar. Ba’zi muhaddislar atigi bir dona hadisni tekshirish uchun oylab yo‘l bosganlar.
Imom Sharafuddin Tiybiy rahmatullohi alayh mazkur hadisni sharhlar ekan, jumladan, bunday deydilar:
وَإِنَّمَا خَصَّ حَافِظَ سُنَّتِهِ وَمُبَلِّغَهَا بِهَذَا الدُّعَاءِ؛ لِأَنَّهُ سَعَى فِي نَضَارَةِ الْعِلْمِ وَتَجْدِيدِ السُّنَّةِ، فَجَازَاهُ فِي دُعَائِهِ لَهُ بِمَا يُنَاسِبُ حَالَهُ فِي الْمُعَامَلَةِ
“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatni ko‘z qorachig‘idek asrab, uni odamlarga yetkazgan zotlarni aynan mana shu duo (yuzning nurli va go‘zal bo‘lishi) bilan siylaganlari bejiz emas. Zero, muhaddislar ilmning tarovatini saqlash va sunnatni qayta jonlantirish yo‘lida butun borliqlari bilan harakat qildilar. Sarvari koinot ham ularning qilgan mana shu go‘zal amallari evaziga, yuzlariga ikki dunyo go‘zalligi va nurini tilab, duo qildilar” ("Sharhu Mishkotil masobih" kitobi).
Sufyon ibn Uyayna rohimahulloh ham mazkur hadisni sharhlab, aytadilar:
لَيْسَ مِنْ أَهْلِ الْحَدِيثِ أَحَدٌ إِلَّا وَفِي وَجْهِهِ نَضْرَةٌ لِهَذَا الْحَدِيثِ
“Muhaddislardan har bir kishining yuzida ushbu hadis(dagi duo) sababli nur va tarovat bo‘ladi”.
Imom Shofe’iy rahimahulloh muhaddislarning maqomi haqida aytganlar: "Har bir zamondagi muhaddislar o‘z zamonidagi sahobalarga o‘xshaydilar. Men biror muhaddis olimni ko‘rsam, go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birini ko‘rgandek bo‘laman".
Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan dinni qabul qilib, keyingi avlodga yetkazgan bo‘lsalar, muhaddislar ham shu omonatni asrab kelgan vorislardir.
Shuning uchun sunnatni o‘rganish, muhaddislarni hurmat qilish va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashish har bir mo‘min uchun sharafli vazifadir.