18 avgust kuni dastlabki guruh o‘zbekistonlik hojilar ona-Vatanga yetib keldilar. Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan yurtdoshlarimizning barchalari sog‘-salomat.
Hojilarmiz Makka va Madina shaharlarida bo‘lib, haj amallarini mukammal ado etishdi. Ibodatlar chog‘ida hojilar bugungi saodatli kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga qut-baraka, xalqimizga baxt-saodat, ertangi umidimiz bo‘lgan farzandlarimizga nurli kelajak so‘rab duolar qildilar.
O‘zbekistonlik hojilarimizning Vatanga qaytishlari shu yil 18 avgustdan 1 sentyabrgacha davom etadi.
Yurtimiz hojilarini haj amallarini mukammal ado etganlari bilan muborakbod etamiz. Barchalarining hajlari mabrur aylashini Yaratgandan so‘raymiz.





















O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk magistrantlariga diplom topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirliklar, idoralar vakillari, taniqli ulamo va imom-xatiblar, o‘qituvchi va talabalar, soha faxriylari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar keyingi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida diniy ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida misli ko‘rilmagan tarixiy natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, bitiruvchi magistrantlar yurtimiz va xorijiy nashrlarda 52 ta ilmiy maqola nashr ettirgani, “Sahihi Buxoriy”, “Sunani Termiziy”, "Tafsiri Nasafiy", "Hidoya", "Aqoidi Nasafiy" kabi mo‘tabar manbalar bo‘yicha 53 ta ilmiy ijozat shahodatnomasi olgani, barchasining umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90% dan yuqori bo‘lgani, til bo‘yicha mahalliy va xalqaro sertifikatlar bilan birga raqamli texnologiyalar, 3D modellashtirish va xalqaro Islom moliyasi hujjati (CPSS) sohibi ekanlari yuqori baholandi.
Mana shunday yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan bitiruvchi magistrlarga Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov Davlatimiz Rahbarining 20 million so‘mdan pul mukofoti sertifikatlarini tantanali ravishda topshirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati