Shu kunlarda ko‘pchilikning og‘zida bir xil gap: “Dollar 9000 bo‘libdi, endi nima bo‘ladi?”
Bunday xavotirli savol Alloh taologa bo‘lgan tavakkulning ozligidan kelib chiqadi.
Ha, dollar oshdi va buning evaziga narxlar qimmatladi. Lekin rizq Vohid, Qahhor, Razzoq bo‘lgan Zotning zimmasida. Dollar paydo bo‘lmasidan oldin odamlar ochlikdan o‘layotganmidi?! Yurtlarda qahatchilik boshlanganmidi?! Dollar nima u?! Bandaning rizqini belgilab beradigan, uning och qolish yoki qolmasligini hal qilib beradigan kuchmi?! Biz musulmonmiz! Musulmon odam “Mening rizqimni Robbim beradi” degan e’tiqodda bo‘lishi kerak!
Alloh taolo O‘zining suyukli Payg‘ambariga shunday xitob qiladi:
وَأْمُرْ أَهْلَكَ بِالصَّلَاةِ وَاصْطَبِرْ عَلَيْهَا ۖ لَا نَسْأَلُكَ رِزْقًا ۖ نَّحْنُ نَرْزُقُكَ ۗ وَالْعَاقِبَةُ لِلتَّقْوَىٰ
“Ahlingizni namoz o‘qishga buyuring va o‘zingiz ham (namoz o‘qishda) chidamli bo‘ling! Biz Sizdan rizq so‘ramaymiz, (balki) O‘zimiz Sizga rizq beramiz. Chiroyli oqibat – jannat (ahli) taqvonikidir” (Toha surasi, 132-oyat).
Xo‘sh, boshimizga tashvishlar, musibatlar nima sababdan keladi?
Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday degan:
وَمَا أَصَابَكُمْ مِنْ مُصِيبَةٍ فَبِمَا كَسَبَتْ أَيْدِيكُمْ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍ وَمَا أَنْتُمْ بِمُعْجِزِينَ فِي الْأَرْضِ وَمَا لَكُمْ مِنْ دُونِ اللَّهِ مِنْ وَلِيٍّ وَلَا نَصِيرٍ
“(Ey, insonlar!) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunohlar)ni afv etib turur. (Aks holda musibat bundan ham ko‘p bo‘lur edi.) Sizlar yerda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biror (haqiqiy) do‘st ham, yordamchi ham yo‘qdir” (Sho‘ro surasi, 30-31-oyatlar).
Salafi solihlarning birlariga: “Narxlar qimmatladi” deyildi. Shunda u kishi: “Uni istig‘for bilan tushiringlar!” dedilar.
Demak, boshimizga tushayotgan musibatlar, narxlarning qimmatlashi kabi muammolar bizning sodir etgan gunohlarimiz sababli bo‘ladi. Shu bois ixlos bilan “Astag‘firulloh”ni ko‘p aytishimiz kerak.
Bir a’robiyga: “Bir burda non bir dinor bo‘libdi” deyilganda, u: “Allohga qasamki, agar bug‘doy doni bir dinor bo‘lsa ham, bu meni tashvishga solmaydi. Men Allohga, U Zot menga buyurganidek ibodat qilaman. U O‘zi va’da qilganidek menga rizq beradi” dedi.
Biz ko‘pincha o‘zimizga buyurilgan ishlarni unutib, Alloh taolo O‘z zimmasiga olgan masalada yugurib-yelamiz. Ya’ni rizq masalasida. Ammo o‘zimizga buyurilgan ibodatlarni qilishda, bandalikni o‘z o‘rniga qo‘yishda sustkashlik qilamiz. Alloh bizga buyurgan ibodatlarni o‘z vaqtida ado etsak, U Zot bizning rizqimizni ziyoda qilib beradi.
Bandaning rizqida tanglik bo‘lishi qilgan gunohlari sababidan ekani ushbu hadisda ham ta’kidlanadi.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Banda sodir etgan gunohi tufayli rizqdan mahrum bo‘ladi” deganlar.
Shu bois gunohlarimizga ko‘p istig‘for aytib, tavbada bardavom bo‘laylik!
Insonlar Salama ibn Dinorning oldiga borib, unga: “Ey Abu Hozim! Ko‘rmaysizmi, narx-navo qimmatlabdi” deyishdi. Shunda u kishi: “Bundan nega tashvishlanyapsizlar?!! Narx-navo arzonligida bizga rizq bergan Zot narx-navo qimmatlaganda ham bizga rizq beradi” dedilar. Mana bu tavakkul va ishonchning yuksak ko‘rinishidir.
Agar maxluqlarning rizqi dollarga bog‘liq bo‘lganida, dollar oshgan paytda osmonda parvoz qilayotgan qushlar, dengizda suzib yurgan baliqlar va quruqlikdagi barcha jonzotlar ochlikdan o‘lib ketgan bo‘lardi.
Alloh taolo bizni ibodatda, tavbada bardavom bandalaridan qilib, rizqimizni ziyoda va barakali etsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Shu yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Islom taraqqiyot banki hamkorligida “O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish: imkoniyatlar va qiyinchiliklar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda vaqf tizimini joriy etish konsepsiyasining natijalari va tavsiyalari taqdim etilib, atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida qator davlat, nodavlat va diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “VAQF” xayriya jamoat fondi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya, Adliya hamda Madaniyat vazirliklari, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi mas’ullari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Toshkent islom instituti ustozlari hamda islom moliyasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Islom ijtimoiy moliyasining muhim vositasi bo‘lgan vaqf tarixan ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivojini ta’minlashning muhim institutsional mexanizmi bo‘lib xizmat qilgan. Zamonaviy sharoitda u barqaror rivojlanishga ulkan hissa qo‘shuvchi tizim sifatida e’tirof etilmoqda. Jahon banki, Xalqaro islom moliya ta’limi markazi (INCEIF) va Xalqaro islom moliyasi shariat tadqiqot akademiyasi (ISRA)ning hamkorlikdagi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda global vaqf aktivlarining qiymati 100 milliarddan 1 trillion AQSH dollarigacha baholanmoqda.
Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xususan, islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert, doktor A’lam Asadov “Vaqfning asosiy tamoyillari, barqaror rivojlanish va xalqaro ilg‘or tajriba” mavzusida hamda BMTTD eksperti, doktor Ixtiyorjon To‘raboyev “O‘zbekistondagi hozirgi vaqf tizimining holati: asosiy kamchiliklar va tarkibiy muammolar” mavzusida taqdimot qilishdi. Taqdimotlar yakunida “Al-Muomalat” kompaniyasi rahbari Iskandar Tursunov, “Mezon kengashi” direktori Muzaffar Xusniddinov hamda “Islamic Business and Finance” (IsBF) ta’sischisi Jahongir Imamnazarovlar tizimni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining amaliy taklif va mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir manfaatdor tomonlar uchun O‘zbekistonda tizimli vaqf mexanizmini joriy etishning tegishli huquqiy, me’yoriy va institutsional bazasini ishlab chiqish bo‘yicha muhim muhokama maydoni bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati