Bismillahir Rohmanir Rohiym
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklardagi bir guruh ulamolar aholi vakillari bilan muloqotlar, namozxonlar bilan uchrashuvlar va jome masjidlarda mav’izalar qilmoqdalar. Bugun, Muftiy hazratlari Qo‘qon shahridagi “Zaynul Obidin” masjidiga borib, xufton namozi avvalida mo‘min-musulmonlarga mav’iza qilib berdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari jamoatga yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar, Qur’oni karim kurslari faoliyati, haj-umra qiluvchilarga keng yo‘l berilayotganiga shukrona keltirish kerakligi haqida so‘zlash barobarida Alloh taoloni rozi qiladigan va norozi qiladigan amallar haqida ma’ruza qilib berdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov va bir guruh taniqli ulamolar Qo‘qon shahridagi markaziy masjidlarda peshin va xufton namozlarida jamoatga mazmunli suhbat qilib berdilar.
Qo‘qon safari davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati