O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Hurmatli ustozlar, ko‘pincha ota-onamga ovozimni baland qilib gapiraman. Bazida fikrimga qarshi chiqishsa yoki menga tanbeh barsalar qo‘pollik ham qilaman. Men ota-onamga oq bo‘ldimmi?
Ushbu savolga to‘liq javob olishni istasangiz, oqpadarlikning ko‘rinishlari va uning salbiy oqibatlari hamda muolajasi haqida bilmoqchi bo‘lsangiz unda Muslim.uz ijodkorlari tomonidan taqdim etiladigan yangi loyiha #Tanbeh rukni orqali "Oqpadarlik oqibatlari" turkum hikoyalarni kuzatib boring. Zero, bugun ota-onaning farzand ustidagi haqlarini biroz unutish kabi holatlar uchrab turadi. Alloh taolo biz bandalarga xitob qilib O‘z Kalomida shunday marhamat qiladi: "Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik" (Ahqof surasi, 15). Taqdim qilinadigan hikoyalar mazkur oyati karimadagi amri Ilohiyga itoat qilmaganlarning topgan oqibatlari haqidadir.
Hikoyalar Zahiriddin MANSUR tarjima qilgan Ibrohim Hozimiyning "Oqpadarlik oqibatlari" kitobi asosida tayyorlanadi.
Alloh taolo barchamizni ota-onalarimizga yaxshilik qiluvchilardan qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV