بسم الله الرحمن الرحيم
IYDI QURBON MUBORAK!
Muhtaram jamoat! Avvalo Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin! Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yana bizni shunday ulug‘ kunlarga tinchlik-osoyishtalikda, sog‘-salomatlikda yetkazdi! Bu kunda hamma, boyu kambag‘al barobar xursand bo‘ladigan kundir. Bu kunda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari ustiga yog‘iladi. Zero, musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri Qurbon hayiti nishonlanmoqda.
Alloh taolo bu kunda bizlarni hayit namozini o‘qishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan. Bu haqda Qur’oni karimda bir necha oyati karimalar nozil bo‘lgan:
وَالْبُدْنَ جَعَلْنَاهَا لَكُمْ مِنْ شَعَائِرِ اللَّهِ لَكُمْ فِيهَا خَيْرٌ ... (سورة الحج/36)
ya’ni, “(Qurbon qilinadigan) tuya va sigirlarni Biz sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik. Sizlar uchun ularda yaxshilik bordir” (Haj surasi, 36-oyat).
Yana bir oyati karimada shunday bayon qilingan:
فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ (سورة الكوثر/2).
ya’ni: “Bas, Rabbingiz uchun namoz o‘qing va qurbonlik qiling!” (Kavsar surasi, 2-oyat). Ushbu oyati karimani olimlarimiz qurbonlikning vojib ekanligiga dalolat qiladi, deb tafsir qilishgan.
Fuqaholarimiz qurbonlikni ta’riflab, “Qurbonlik bu – maxsus hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir”, – deganlar. Qurbonlikni tarixi Ibrohim alayhissalomga bog‘liq bo‘lib, quyida shu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tamiz:
Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni juda yaxshi ko‘rardilar. Chunki o‘g‘illari Alloh taologa va o‘z otasiga juda itoatkor edi. Ibrohim alayxissalom nima desalar, “Xo‘p bo‘ladi otajon!” - deb aytganlarini qilardi. Alloh Ibrohim va Ismoil alayximassalomlarni imtihon qilmokchi bo‘ldi. Nima uchun? Odamlar ularning imonlari qay darajada kuchli ekanini ko‘rsin va ulardan o‘rnak olishlari uchun.
Bir kuni Ibrohim alayxissalom tush ko‘rdilar. Tushlarida o‘g‘illari Ismoilni so‘yayotgan emishlar. Payg‘ambarlarning tushlari vahiy bo‘ladi. Ibrohim alayhissalom ham bu tushlarini Allohning buyrug‘i deb tushundilar. U kishi o‘g‘illarini juda yaxshi ko‘rardilar. Lekin shunday bo‘lsa ham Allohning buyrug‘ini bajarish lozim ekanini bilar edilar. Ismoil alayhissalomga dedilar:
- “O‘g‘lim, men seni tushimda so‘yayotgan ekanman, sen shunga nima deysan?”
O‘g‘illari hech ikkilanmasdan darhol javob qaytardi:
- “Ey Otajon, sizga nima buyurilgan bo‘lsa, o‘sha ishni qilavering. Men inshoalloh hamma narsaga sabr qilaman”.
Ibrohim alayxissalom o‘g‘illarini yetaklab bir qo‘llarida pichoq bilan shahardan tashqariga yo‘l oldilar. “Mino” degan joyga yetib kelib to‘xtadilar. Shu yerda o‘g‘illarini qurbonlik qilmokchi bo‘ldilar. Ismoil ham otaning va Allohning buyrug‘iga bo‘ysunib yerga yotdi. Ibrohim alayxissalom o‘g‘illarining tomog‘iga pichoqni tiradilar. Ismoilni so‘ymoqchi bo‘lib rosa harakat qildilar. Biroq pichoq Ismoilni hecham kesmadi. Sababi, Alloh pichoqqa “Kesmagin!”, – deb buyruq berib qo‘ygan edi. Ushbu qissani Alloh taolo quyidagicha bayon qilgan:
فَبَشَّرْنَاهُ بِغُلَامٍ حَلِيمٍ فَلَمَّا بَلَغَ مَعَهُ السَّعْيَ قَالَ يَا بُنَيَّ إِنِّي أَرَى فِي الْمَنَامِ أَنِّي أَذْبَحُكَ فَانْظُرْ مَاذَا تَرَى قَالَ يَا أَبَتِ افْعَلْ مَا تُؤْمَرُ سَتَجِدُنِي إِنْ شَاءَ اللَّهُ مِنَ الصَّابِرِينَ فَلَمَّا أَسْلَمَا وَتَلَّهُ لِلْجَبِينِ وَنَادَيْنَاهُ أَنْ يَا إِبْرَاهِيمُ إِنَّ هَذَا لَهُوَ الْبَلَاءُ الْمُبِينُ وَفَدَيْنَاهُ بِذِبْحٍ عَظِيمٍ (سورة الصافات/101-107).
ya’ni: “Bas, Biz unga bir halim o‘g‘il (tug‘ilishi to‘g‘risidagi) xushxabarni berdik. Bas, qachonki u (otasi) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): “Ey, o‘g‘ilcham! Men tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y (fikr) qilishingni bir (o‘ylab) ko‘rgin!” – degan edi, u aytdi: “Ey, otajon! Sizga (tushingizda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qiling! Inshoalloh, meni sabr qiluvchilardan topursiz”. Bas, qachonki, ikkisi ham (Allohning amriga) bo‘yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (yerga) yotqizgan ediki, unga Biz nido qildik: “Ey, Ibrohim! Albatta, bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni badal qilib berdik” (Soffat surasi, 101-107 oyatlar).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qurbonlik Ibrohim alayhissalom boshlab bergan amalliga haqida shunday deganlar:
عَنْ زَيْدِ بْنِ أَرْقَمَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قُلْنَا: يَا رَسُولَ اللَّهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم، مَا هَذِهِ الأَضَاحِىُّ؟ قَالَ: "سُنَّةُ أَبِيكُمْ إِبْرَاهِيمَ عَلَيْهِ السَّلاَمُ"، قَالَ: قُلْنَا: فَمَا لَنَا فِيهَا؟ قَالَ: "بِكُلِّ شَعَرَةٍ حَسَنَةٌ"، قَالَ: قُلْنَا: يَا رَسُولَ اللَّهِ، فَالصُّوفُ؟ قَالَ: "بِكُلِّ شَعَرَةٍ مِنَ الصُّوفِ حَسَنَةٌ" " (رواه الإمام أحمد والإمام الطبراني).
ya’ni: Zayd ibn Arqam raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz: “Ey Allohning Rasuli qurbonlikning haqiqati nima?”, deb so‘radik. U zot: “Sizlarning otangiz Ibrohim alayhissalomning sunnati”, dedilar. Biz: “Undan bizga nima naf bor?”, dedik. U zot: “Har bir tuk evaziga bitta savob”, dedilar. Biz: “Ey, Allohning Rasuli! Yungchi?”, dedik. U zot: “Yungdagi har bir tuk uchun bitta savob”, dedilar”. (Imom Ahmad va Imom Tabaroniy rivoyat qilgan).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hurmatli jamoat! Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zurhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning ya’ni, bugun, erta va ertadan keyingi kunning Shom namozini vaqti kirgunigacha qilinadi. Qurbonlik uchun so‘yiladigan hayvonlar kamida besh yoshga to‘lgan tuya, ikki yoshga to‘lgan qoramol, bir yoshga to‘lgan qo‘y va echki qurbonlik qilinadi. Olti oylik qo‘yni ham, agar jussasi bir yoshga to‘lgan qo‘y jussasidek bo‘lsa, qurbonlik uchun so‘yish mumkindir.
Qo‘y va echkini faqat bir kishi qurbonlik qiladi. Tuya va qoramolni yetti kishi birgalikda qurbonlikka so‘yishsa bo‘ladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday kelgan:
عن عثمانَ رضى الله عنه قال: "فِيْ عَامِ الْحُدَيْبِيَّةِ ذَبَحْنَا مَعَ سَيَّدِنَا رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم اَلْإِبْلَ عَنْ سَبْعٍ وَالْبَقَرَ عَنْ سَبْعٍ" (رواه الإمام مسلم والإمام الترمذي).
ya’ni: “Usmon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U zot aytadilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan va bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ammo bunday sherikchilikda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Zero, sheriklarning hammasi musulmon va qurbonlikni niyat qilgan bo‘lishi shart. Ammo ulardan birortasi shunchaki go‘sht uchun qo‘shilgan bo‘lsa, qolgan barcha sheriklarning qurbonligi o‘tmaydi. So‘yilgan hayvonning go‘shti sheriklar o‘rtasida teng taqsimlanishi kerak.
Ikki ko‘zi yo bir ko‘zi ko‘r, yurolmaydigan darajada cho‘loq, ozg‘in, quloq va dumi kesilgan hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Agar quloq va dumining uchdan biri yo bundan kami kesilgan bo‘lsa, qurbonlik qilish mumkin. Hayvon qurbonlik uchun yotqizilganida aybli bo‘lib qolsa, masalan, oyog‘i sinib qolsa, qurbonlikka o‘tadi.
Qurbonlik qilingan va umuman har qanday hayvonning ham oqqan qoni, bezlari, siydik qopi, o‘t qopi, jinsiy a’zolarini yeyish harom.
Qurbonlik go‘shtining uchdan birini – oila ahliga, uchdan birini –qo‘shnilariga, qolganini – muhtojlarga tarqatish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi. Terisini sotish yoki qassobning xizmat haqiga berish joiz emas. Mabodo sotilsa, puli kambag‘allarga ehson qilinishi kerak.
Qurbonlik qilishdan maqsad – bandaning Alloh taolo amriga bo‘ysinishi va taqvosini namoyon etishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qildi:
لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُمْ لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَبَشِّرِ الْمُحْسِنِينَ (سورة الحج/37).
ya’ni: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli - U zotni ulug‘lashlaringiz uchun - ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).
Demak, qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri bo‘lishi, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Banda ixlos bilan qurbonlik qilib, Alloh yo‘lida jonliq so‘ymoqdami, demak, o‘sha bandaning Alloh taologa taqvosi bor ekan. Allohning roziligi uchun borini qurbon qilishga tayyor ekan.
Aziz jamoat! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam sunnatlariga muvofiq bayram kunlarida o‘zaro mehr-oqibatni, muruvvatni, hamkorlik va birodarlikni yana ham kuchaytirishimiz ayni muddaodir. Shuningdek, bu muborak kunlarda ota-onalarimizni, ustozlarimizni, qarindosh-urug‘lar, yor-birodarlarni, bemor va muhtojlarni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash, ularga hadyalar berib, shirin so‘zlarimiz bilan xushnud etish bayram kayfiyatiga yanada quvonch bag‘ishlaydi.
Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:
"مَا مِنْ أَيَّامٍ اَلْعَمَلُ الصَّالِحُ فِيْهَا أَحَبَّ إِلى اللهِ، مِنْ هَذِهِ الْأَيَّامِ" (رَوَاهُ الإمامُ البُخاري).
ya’ni: Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilindi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Bu kunlarda qilingan yaxshi ishlar boshqa kunlardagidan Alloh taologa suyukliroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shunday ekan, ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-qudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o‘zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochishlari lozim bo‘ladi. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, kam ta’minlanganlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Hadisda shunday marhamat qilinadi:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَيْسَ الْمُؤْمِنُ الَّذِي يَشْبَعُ وَجَارُهُ جَائِعٌ إِلَى جَنْبِهِ" (رواه الإمام الحاكم).
ya’ni: Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi Rusululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “O‘zi to‘q bo‘laturib, yon qo‘shnisi och bo‘lgan kishi komil mo‘min emas” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, atrofimizdagi qurbonlik qilishga qodir bo‘lmagan qo‘ni-qo‘shnilarimizni ahvollaridan xabar olib, ularga qurbonlik go‘shtlaridan ham ulashishimiz imonimizni yanada mukammal qiluvchi omil ekan.
Aziz jamoat! Mana jonajon yurtimizga Qurbon hayiti ham xotirjamlik va osoyishtalikda kirib keldi. Yurtimiz bo‘ylab bu bayram juda katta tayyorgarlik va o‘ziga xos tarzda, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu ham bo‘lsa, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik tufaylidir. Zero, dunyoviy ishlarning ham bir maromda ketishi, oxirat ishlarining ham mukammal va halovat bilan ado etilishida tinchlik va xotirjamlik ne’matining o‘rni beqiyosdir.
Bugungi kunda ba’zi musulmon mamlakatlarning fuqarolari turli fitnalar oqibatida xuzur-halovatini yo‘qotganini, yuz minglab insonlar hayotdan ko‘z yumayotganini, kindik qoni to‘kilgan vatanini tark etishga majbur bo‘layotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Allohning O‘zi bizning yurtni bunday balolardan saqlab kelmoqda. Shaharu qishloqlarimiz kun sayin ko‘rkam va obod bo‘lib bormoqda. Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan “tinchlik” deya atalmish bu bebaho ilohiy ne’matni qadriga yetish, uning shukrini qilish, asrab-avaylash –barchamizning burchimizdir. Zero, Alloh taolo marhamat qilib bunday deydi:
مَنْ شَكَرَ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ رَبِّي غَنِيٌّ كَرِيمٌ (سورة النّمل/40)
ya’ni: “Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kim noshukurlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamlidir”. (Naml surasi, 40-oyat).
Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi. Demakki, har bir inson butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilishi – eng zaruriy burch va vojib amaldir. Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. “Tinchlikni asrash” deganda faqat qurol bilangina emas, balki kerak bo‘lsa so‘z bilan, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi g‘oyaviy kurashish, ogohlik va hushyorlikni oshirishga da’vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham imoniy burchga, musulmon kishining mas’uliyatiga kiradi.
Darhaqiqat, inson uchun berilgan ne’matlarning ichida eng ulug‘i – tinchlik va xotirjamlik ekanligi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning ko‘plab hadislarida bayon qilingan. Jumladan:
عَنْ سَلَمَةَ بْنِ عُبَيْدِ اللَّهِ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فِي سِرْبِهِ مُعَافًى فِي جَسَدِهِ عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ فَكَأَنَّمَا حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا" (أَخرَجَهُ الاِمَامُ التِّرمِذِي فيِ سُنَنِهِ).
ya’ni: Salama ibn Ubaydulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “Sizlardan kimki o‘z uyida xotirjamlikda tong ottirsa, tan-joni sog‘ bo‘lsa, o‘sha kundagi yeguvligi bo‘lsa, go‘yoki unda butun dunyo ne’matlari jamlanibdi” (Imom Termiziy “Sunan”ida rivoyat qilgan).
Ma’lumki, dunyodagi barcha musulmonlar qatori yurtimizdan borgan 7200 dan ortiq hojilarimiz ham zimmalaridagi farzlardan biri – haj ibodatini bajarishga kirishishdi. Ular Mino, Arafot, Muzdalifa, Masjidul Harom kabi muborak joylarida haj amallarini bajarib, gunohlardan poklanish bilan birga mustaqil yurtimiz hamda uning rahbarlariga, xalqimiz va barcha musulmonlarimizga Alloh taolodan tinchlik-xotirjamlik, fayzu barakot va ezguliklar, keng rizq va farovonlik tilab duolar qilishyapti. Alloh taolo barchalarining duolarini ijobat aylab, yurtimizga tinch-xotirjam, sog‘-salomatlik yetib kelishlarini nasib aylasin!
Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin!
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!