Muqaddas Islom dinimizda qo‘shnichilik haq-xuquqlariga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ular kim bo‘lishidan qat’iy nazar ular bilan qo‘shnichilik burchimizni ado etishimiz zarur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday marxamat qiladilar:
“Qo‘shnilar uch xil buladi:
Bitta haqi bor qo‘shni, ikkita haqi bor qo‘shni va uchta xaqi bor qo‘shnidir. Bitta haqi bor qo‘shni − mushrik qushnidir, uning qo‘shnichilik haqi bor xolos. Ikkita haqi bor qo‘shni esa, musulmon qo‘shnidir. Uning musulmonlik haqi hamda qo‘shnichilik haqi bor. Uchta haqi bor qo‘shni esa, musulmon va qarindosh qo‘shnidir uning qo‘shnichilik, musulmonlik va qarindoshlik haqlari bor.”
Hadisi shariflarda qo‘ni-qo‘shnichilik haklari odoblari to‘g‘risida zikr qilingan muborak so‘zlariga e’tibor berib, unga amal qilib, farzand-u zurriyotlarimizga ham uning savob-u gunohlarini tushuntirib borishimiz zarurdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
“Jabroil alayhissalom menga qo‘shnichilik haq-huquqlari to‘g‘risida shunchalik uzok uqtirdilarki, men hatto ko‘shnilar bir-birlaridan meros olishini ham tayinlasalar kerak, degan xayolga bordim”.
Vaholanki, xozirda aksar qo‘shnilar bir birlari bilan bo‘layotgan muomalalari mutloq hadislarda zikr etilayotgan haqlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Arzimagan sabablar bilan o‘rtalarida janjallar, noxush holatlar sodir bulayotgani hammamizga ma’lum. Bir yoki ikki qarich yerni deb, bir-birlari bilan yoqalashish, mahallada sharmanda bo‘lib, o‘z sha’ni, millati, dini esidan chiqib ketayotgan qo‘shnilar saflarimizda ko‘payib boryapti. Bularning hammasining sababi dunyoga bo‘lgan muhabbatimiz, ochko‘zligimiz, islom dinimizni yaxshi tushunmaganimiz oqibatidandir. Qo‘shnilar tomon baland imoratlar qurish, soyali daraxtlar ekish yoki ariqlarda oqib keladigan suv yo‘llarini yopib quyish bilan qo‘shnilarga ozor berayotgan qo‘shnilar albatta yuq emas. Natijada o‘rtadagi munosabat, muomala, bordi-keldilar kamayib bormoqda. U ham bo‘lsa, begonalar emas, yaqinlar, qarindoshlar, hattoki aka-ukalar o‘rtasida sodir bulyapti. Luqmoni Hakim shunday degan ekanlar “Og‘ir tosh ko‘tardim, temir ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsa ko‘rmadim”.
Qo‘shnining haqlari to‘g‘risida dinimizda yana quyidagicha ko‘rsatmalar berilgan:
Agar biror yordam so‘rasa, yordam bermoq, qarz so‘rasa, qarz bermoq, vafot etsa, dafnda qatnashmoq, biror quvonarli hodisa ruy bersa, tabriklamoq, biror musibat yetsa, hamdardlik birdirmoq, noqulay imorat qurish yoki soyali daraxtlar ekish ila haqiga tajovuz qilmaslik, uyga meva-cheva narsalardan keltirganda qo‘shnilarga ham ulashmok, agar bergisi kelmasa, o‘z bolalarini qo‘lida mevalar bilan qo‘shni bolalari oldiga chiqarmaslik, qozonni qirganda kapkir ovozi yoki taom hid bilan qo‘shniga ko‘z-ko‘z qilmaslik, hatto uning itini urmaslik lozimdir. Alloh taolo barchalarimizni qo‘shnilar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Qo‘ni-ko‘shnilar bilan samimiy alokalarimiz yanada yaxshilanib borishini Alloh taolo barchamizga nasib aylasin.
Habibullo Ibodov
“Xalqobod” jome masjidi imom-xatibi
Shu yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Islom taraqqiyot banki hamkorligida “O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish: imkoniyatlar va qiyinchiliklar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda vaqf tizimini joriy etish konsepsiyasining natijalari va tavsiyalari taqdim etilib, atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida qator davlat, nodavlat va diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “VAQF” xayriya jamoat fondi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya, Adliya hamda Madaniyat vazirliklari, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi mas’ullari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Toshkent islom instituti ustozlari hamda islom moliyasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Islom ijtimoiy moliyasining muhim vositasi bo‘lgan vaqf tarixan ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivojini ta’minlashning muhim institutsional mexanizmi bo‘lib xizmat qilgan. Zamonaviy sharoitda u barqaror rivojlanishga ulkan hissa qo‘shuvchi tizim sifatida e’tirof etilmoqda. Jahon banki, Xalqaro islom moliya ta’limi markazi (INCEIF) va Xalqaro islom moliyasi shariat tadqiqot akademiyasi (ISRA)ning hamkorlikdagi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda global vaqf aktivlarining qiymati 100 milliarddan 1 trillion AQSH dollarigacha baholanmoqda.
Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xususan, islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert, doktor A’lam Asadov “Vaqfning asosiy tamoyillari, barqaror rivojlanish va xalqaro ilg‘or tajriba” mavzusida hamda BMTTD eksperti, doktor Ixtiyorjon To‘raboyev “O‘zbekistondagi hozirgi vaqf tizimining holati: asosiy kamchiliklar va tarkibiy muammolar” mavzusida taqdimot qilishdi. Taqdimotlar yakunida “Al-Muomalat” kompaniyasi rahbari Iskandar Tursunov, “Mezon kengashi” direktori Muzaffar Xusniddinov hamda “Islamic Business and Finance” (IsBF) ta’sischisi Jahongir Imamnazarovlar tizimni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining amaliy taklif va mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir manfaatdor tomonlar uchun O‘zbekistonda tizimli vaqf mexanizmini joriy etishning tegishli huquqiy, me’yoriy va institutsional bazasini ishlab chiqish bo‘yicha muhim muhokama maydoni bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati