Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

02.08.2019 y. QALB KASALLIKLARI MUOLAJASI

31.07.2019   7142   9 min.
02.08.2019 y. QALB KASALLIKLARI MUOLAJASI

بسم الله الرحمن الرحيم

QALB KASALLIKLARI MUOLAJASI  

 

الْحَمْدُ لله الَّذِي طَهَّرَ قُلُوبَ العَارِفِينَ بِذِكْرِهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي وُصِفَ بِخُلُقٍ عَظِيمٍ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّيِّبِينَ الطّاهِرِينَ أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Alloh taologa Islom va imon ne’mati bilan sizu bizni ne’matlantirgani uchun cheksiz shukronalar aytamiz! Zero, Alloh taolo bu dini orqali butun insoniyat hayoti davrida ham jismonan, ham qalban yaxshi yashash uchun barcha mushkulotlarning yechimini Qur’oni karim va suyukli Payg‘ambari Muhammad sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari orqali bildirib qo‘ygan. Insoniyat tobora aqli raso va ilm-tafakkurda cho‘qqilarga chiqa boshlagan sari, o‘zaro muomalalarda jamiyatdagi muammolar soni va ularning turi ko‘paysa ko‘paymoqdaki, lekin butunlay yo‘q bo‘lmayapdi. Chunki aksariyat muammolar insonning qalbi va uning kasalligi bilan bog‘liqdir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:

﴿يَوْمَ لَا يَنْفَعُ مَالٌ وَلَا بَنُونَ  إِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ (سورة الشعراء/الآية 89-88)

 

ya’ni:U kunda na mol-dunyo va na farzandlar foyda bermas, Faqat Alloh huzuriga sog‘lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)(Shuaro surasi, 88-89 oyatlar).

 Yer yuzida yashayotgan insonlarning o‘z mezon va andozalari bordir. Ular erkagu ayoldagi chiroyli surat va go‘zallik, mol-dunyodagi kengchilik va mo‘lchilik, mansab va amaldagi faxrlanishdir. Ushbu sifatlardan biriga ega insonda albatta boshqalardan o‘zini ustun qo‘yish va o‘zini kuchli deb his qilish bor. Ammo yeru osmonlarni yaratgan Alloh taoloning O‘z mezon va andozasi borki, u ham bo‘lsa erta qiyomat kunida insonlarning qalbi va amallariga qarab hisob-kitob qiladi. Yuqoridagi oyati karimada ham shunga ishorat qilingan.

Shuni ta’kidlab, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam ham shunday deganlar:

"إِنَّ اللَّهَ لا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَأَمْوَالِكُمْ وَلَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَأَعْمَالِكُمْ"

)رواه الامام البخاري و الامام مسلم عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).

ya’ni: “Alloh taolo sizlarning suratlaringiz va mollaringizga nazar solmaydi, balki Alloh sizlarning qalblaringiz va amallaringizga boqadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Shuningdek, Alloh taolo:

﴿أَفَمَنْ شَرَحَ اللَّهُ صَدْرَهُ لِلْإِسْلَامِ فَهُوَ عَلَى نُورٍ مِنْ رَبِّهِ فَوَيْلٌ لِلْقَاسِيَةِ قُلُوبُهُمْ مِنْ ذِكْرِ اللَّهِ أُولَئِكَ فِي ضَلَالٍ مُبِينٍ(سورة الزمر/22)

ya’ni: “Axir, ko‘ksini Alloh Islom uchun (keng) ochib qo‘ygan, o‘zi esa, Parvardigori (tomoni)dan nur (hidoyat) uzra turgan kishi (boshqalar bilan barobar bo‘lurmi)?! Bas, dillari Allohni eslashdan qotib qolgan kimsalar holiga voy! Ular aniq zalolatdadirlar” (Zumar surasi, 22-oyat).

  Boshqa oyati karimada Alloh taolo:

 

﴿أَلَمْ يَأْنِ لِلَّذِينَ آمَنُوا أَن تَخْشَعَ قُلُوبُهُمْ لِذِكْرِ الله وَمَا نَزَلَ مِنَ الْحَقِّ وَلاَ يَكُونُوا كَالَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِن قَبْلُ فَطَالَ عَلَيْهِمُ الأَمَدُ فَقَسَتْ قُلُوبُهُمْ وَكَثِيرٌ مِّنْهُمْ فَاسِقُون﴾ (سورة الحديد/16).

ya’ni: “Imon  keltirgan  zotlar  uchun  dillari  Allohning  zikriga  va  nozil  bo‘lgan  haq (Qur’on)ga  moyil  bo‘lish (vaqti)  kelmadimi?!  (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so‘ngra (payg‘ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar kabi bo‘lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ularning ko‘pi fosiq (itoatsiz)dirlar!” - deydi (Hadid surasi, 16-oyat).

Ushbu oyati karimani mufassir Ibn Kasir rahimahulloh quyidagicha sharhlaganlar: “Alloh taolo bu ummatdan mo‘min-musulmonlarni o‘zlaridan oldin kitob berilganlarga o‘xshamaslikka chaqirmoqda. Zero ularning orzu havaslari ko‘paygach, Alloh ularga nozil qilgan kitobni o‘z qo‘llari bilan o‘zgartirdilar, uni arzon bahoga sotdilar, unga amal qilmasdan yuz o‘girdilar, uning o‘rniga turli o‘ylab chiqilgan fikrlar va so‘zlarga ergashdilar, Allohning diniga amal qilamiz deb, o‘zlaridan bo‘lgan kishilarga ergashdilar, Allohni qo‘yib, o‘z rohiblari va peshvolariga suyandilar. Shunday qilish bilan ularning qalblari kasallikka chalindi va pand-nasihat olmaydigan bo‘lishdi. Natijada na Allohning xushxabarlari bilan qalblari eridi, na yomon amallarning jazosi bilan qo‘rqitilganda eridi”.

Aziz jamoat! Qalbning qotishida ko‘plab sabablar bor. Ularning eng asosiylaridan:

1) gunohni ko‘paytirib, ma’siyatda bardavom bo‘lish;

2) farz amallarni Alloh aytgandek bajarmaslik;

3) harom amallarni xotirjam bajarish.

Zero Alloh  Qur’oni karimda shunday degan:

﴿فَبِمَا نَقْضِهِم مِّيثَاقَهُمْ لَعنَّاهُمْ وَجَعَلْنَا قُلُوبَهُمْ قَاسِيَةً﴾ (سورة المائدة/13)

ya’ni: O‘z ahdlarini buzganlari sababli ularni la’natladik va qalblarini beshafqat (mehrsiz) qilib qo‘ydik(Moida surasi, 13-oyat).

         Alloh taolo bandalarning o‘z sarkashliklari sabab ularning qalblarini qotirib, bemehr va beshafqat qilganining sababini keltirmoqda.

         Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham qalbning qorayish sabablarini zikr qilib, quyidagi hadislarini aytganlar:

«إِنَّ المُؤْمِنَ إِذَا أَذْنَبَ كَانَتْ نُكْتَةٌ سَوْدَاءُ فِي قَلْبِهِ، فَإِنْ تَابَ وَنَزَعَ وَاسْتَغْفَرَ، وَإِنْ زَادَ زَادَتْ، حَتَّى يَعْلُوَ قَلْبَهُ"

رواه الامام الترمذي عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).

ya’ni: “Agar mo‘min kishi bir gunoh qilsa, uning qalbida bir qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar u tavba qilib, gunohdan qaytib, istig‘for aytsa, u yo‘qoladi. Ammo gunohni ziyoda qilsa, u qora dog‘ ham ko‘payadi va natijada butun qalbini o‘rab oladi” (Imom Termiziy rivoyati).

         Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishi gunoh qilishi bilan qalbning qorayishini va uning kasalligini ziyoda qiladi. Qalbning kasallanishi  bu – bir bandaning Alloh taologa bo‘lgan itoatidagi sustkashlik va bandadan talab qilinadigan solih amallarga bo‘lgan beparvolikni keltirib chiqarishi demakdir. Zero, bandalarning amallari yaxshi yoki yomon bo‘lishi uning qalbidagi sakina, qanoat, sabr va iffatiga qaraladi. Ammo yomon amallar bajarishida esa uning besabrligi, gunohlarga yengil qarashi, dunyoga haddan oshiq muhabbat qo‘yishi, orzu-havaslarining ko‘pligidan kelib chiqib baholanadi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam butun vujudga o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi qalbga e’tibor qaratganlar.

"أَلا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، أَلا وَهِيَ الْقَلْبُ"

(رواه الامام البخاري عن عن النعمان بن بشير رضي الله عنه).

ya’ni: Ogoh bo‘linglarki, tanada bir parcha go‘sht bor. Agar u tuzalsa, butun tana tuzaladi. Agar u buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘linglarki, u qalbdir”, deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hasan Basriy rahimahulloh qalb kasalligi olti narsadan paydo bo‘ladi deganlar:

  1. Tavba umidida gunoh qilaverish.
  2. Amal qilmagan holda ta’lim olaverish.
  3. Amal qilganda ham ixlossiz bo‘lish.
  4. Allohning rizqini shukr qilmasdan yeyaverish.
  5. Allohning taqsimotiga rozi bo‘lmaslik.
  6. O‘liklarni ko‘mib ibratlanmaslik.

         Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:

"لا تُكْثِرُوا الضَّحِكَ، فَإِنَّ كَثْرَةَ الضَّحِكِ تُمِيتُ الْقَلْبَ" (رواه الامام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya’ni: “Kulguni ko‘paytirmangizlar, zero ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi (Imom Buxoriy rivoyati). Demak mo‘min banda huda-behuda narsalarga kulishi, vaqtini faqat o‘yin-kulguga sarflashi ham qablni qoraytirib, uni o‘ldiradi, va natijada qalbda kasallik paydo bo‘lib, atrofdagilarga nisbatan shariatda taqiqlangan nafrat, hasad, gumon kabi xatti-harakatlarni sodir eta boshlaydi.

Hikoyat qilinishicha, olis bir qishloqqa tabiblar borib, shu yerlik aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqchi bo‘lishibdi. Tabiblar shikoyat bilan kelgan bemorlarga birma-bir tashxis qo‘yib, muolaja qilishibdi. Ammo shuncha bemorlar orasida birortasi ham qalb kasalligidan shikoyat qilmabdi. Ilgari bunday holatga duch kelmagan tabiblar buning sababini axtara boshlashibdi. Qishloqning havosi va suvida yoki yana qandaydir shifobaxsh jihatlari bordir, deya gumon qilishibdi. Ammo birorta ham taxminlari to‘g‘ri chiqmabdi. Nihoyat, buning sirini qishloq ahlidan so‘rashsa, keksalari shunday deyishgan:

“Biz g‘iybat, hasad, ko‘rolmaslik, kek va adovat kabi illatlardan hazar qilamiz. Biror kimsaga nisbatan bunday munosabatda bo‘lmaymiz. Aksincha, o‘zaro hurmat va izzatda yashaymiz. Ana shuning uchun ham birortamizning qalb kasalligidan shikoyatimiz yo‘q”.

Muhtaram birodarlar! Qalb qasalligining davosi:

  • Ko‘p zikr qilish,
  • toatlarni vaqtida bajarish,
  • gunoh-ma’siyatlardan tiyilish,
  • yaxshiliklarni ko‘paytirish,
  • ota-onani xizmatlarini qilib, duolarini olish,
  • oiladagi aka-uka, opa-singil, eru xotin o‘zaro yaxshilik bilan yashash,
  • jamiyatdagi muhtojlarga yordam berish,
  • yetimlarning boshini silash,
  • qiyomatni ko‘p eslash,
  • o‘limni esdan chiqarmaslik.

Har bir ezgu amallarimizni xolis Alloh uchun bajarish orqali qalbni poklab, qalblar Egasi Rabbimizning roziligiga erishish ne’matini barchamizga nasib etsin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “Bemorlarni ziyorat qilish – insoniy burch” mavzusida bo‘ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

28.08.2026   3083   6 min.
Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.

28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.

Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.

– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.

– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.

Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.

So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.

Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.

– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.

Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.

Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.

So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.

Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari