Madinai munavvara ziyoratini tamomlagan o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makka shahrida izzat-ikrom ila kutib olindi.
Muqaddas ikki shaharning orasi 460 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofa avtobusda o‘rtacha tezlikda 5-6 soatda bosib o‘tiladi. Ammo ehrom bog‘lab, “Zul-Hulayfa” masjidida umraga niyat qilgan ibodatchilar yo‘l olisligini sezishmadi ham. Tilidan “labbayka” tushmagan yo‘lovchilar shaharga kirib kelganini sezmay ham qolishdi.
Makka — Saudiya Arabistonining g‘arbida joylashgan bo‘lib, atrofini tog‘lar qurshab olgan go‘zal shahar. Ayni paytdagi harorat bilan yurtimizdagi o‘rtasidagi katta farq sezilmaydi. Buni yurtdoshlarimizning deyarli barchasi ta’kidlashmoqda. Ular shahardagi eng hashamatli va ko‘rkam mehmonxonalardan biri — “Abroj al-Hidoya”da joylashdilar.
25 qavatli mehmonxonadan shahar kaftdek ko‘rinadi. Ayniqsa, yuqori qavatiga chiqsangiz, atrofning go‘zalligiga boqib to‘ymaysiz. Dastlab e’tiboringiz bir-biridan baland binolar tortadi. Nazarimizda, ularga osmono‘par ta’rifidan ko‘ra, qoyalarga bo‘ylashgan imoratlar tashbehi ko‘proq mos tushadi. Zero, mahalliy aholi aytganidek, makkaliklar tog‘larni talqon qilishning uddasidan ham chiqadi.
Darhaqiqat, shaharda yer resurslari cheklangani yangi imkoniyatlarni ishga solish, aniqrog‘i, tog‘larni o‘zlashtirishga undamoqda. Inson qo‘li, sangtaroshlik mahorati ila baland qoyalar o‘rnida mahobatli imoratlar qad rastlayapti. Bu jarayonda bir zum bo‘lsa-da, to‘xtagani. Cho‘qqi ustida ishlayotgan ekskavatorlarni ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Ularga basma-bas qilgandek, bir maromda harakatlanayotgan kranlarga qarasangiz, boshingizdagi do‘ppingiz tushib ketdi.
Yangi obyektlarning aksariyatini mehmonxonalar tashkil etadi. Biroq ayni haj mavsumida bo‘sh nomerlarni topish qiyin. O‘zbekiston tomoni hamkorlik qilayotgan shirkatlar taqdim etgan mehmonxona xizmatlaridan barcha birdek mamnun.
— O‘n nafar bolani tarbiyalab voyaga yetkazdim, — deydi to‘qson yoshning ostonasida turgan chinozlik Savri aya Roziqova. — Ollohga shukr, ularning hammasi o‘zidan tingan. Hozir, to‘rttasi pensiyaga chiqib, qarilik gashtini suryapti. Farzandlar rohatini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q ona uchun.
Baraka topishsin, mehmonxonadagilar ham xuddi o‘z bolamizdek g‘amxo‘rlik qilyapti. Hamma sharoit bor. Oshxonada o‘zbekistonlik oshpazlar shirin taomlar tayyorlab berishmoqda. Shifokorlar bo‘lsa, holimizdan xabar olib turibdi. Lekin, ochig‘ini aytsam, hajga kelib, o‘zimni yoshargandek, tetik his qilyapman.
“Abroj al-Hidoya” mehmonxonasidan Ka’batullohga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Transportlar ikki tarafga uzluksiz, 24 soat davomida harakatlanadi.
Ziyoratchilar guruh rahbarlari hamrohligida tildan talbiyani qo‘ymaguncha Masjidul Haramga yo‘l olishdi.
Haram insoniyat, madaniyat o‘chog‘i, har qanday yomonlik, haqqa tajovuz taqiqlangan muqaddas joydir. Uning qoq markazida insonlar uchun qurilgan ilk ibodat maskani — Ka’bai muazzama joylashgan. Muqaddas kitoblarda keltirilishicha, u Ollohning uyidir. Bu yerga kelgan, shu joydan panoh topgan mo‘min-musulmonlar esa uning mehmonidir.
— Yaratganga ming qatla shukr, uning baytini ziyorat qilish, Ka’bani tavof etishga muyassar bo‘ldim, — deydi qo‘qonlik faxriy pedagog Muhiddin Qalandarov. — Yoshim 78 da. Ibodat avvalida ichki hadik katta edi. Sababi, keyingi 2-3 yildan buyon oyoqlarim og‘riq bera boshladi. Buni qarangki, Parvardigorning inoyati, mehribonligi bo‘ldimi, o‘sha og‘riqdan asar ham qolmadi. Ishonasizmi, Ka’bani hech kimning ko‘magisiz yetti marta aylanib, tavof qildim...
Otaxonning ko‘zlaridan shukrona yoshlari duv-duv to‘kiladi. To‘lqinlanganicha, Safo tepaligiga chiqib, Marva o‘rtasida sa’y qilganini, zam-zam suvidan qonib-qonib ichgach, qushday yengil bo‘lganini haqida gapiradi.
Darvoqe, hadislarda keltirilishicha, zam-zam qorni ochga taom, kasalga shifodir. Ya’ni u nima niyat bilan ichilsa, albatta, unga erishilar ekan. Yana ko‘plab ham diniy, ham ilmiy manbalarga qaraganda, zam-zam yer yuzidagi eng yaxshi, eng pokiza suv hisoblanadi. Uning tarkibi hech qachon o‘zgarmagan, yillar davomida saqlansa ham ta’mi buzilmagan. Bu suvning yana bir mo‘jizaviy xususiyati tugamasligidir. Chindan ham, har yili bu quduq suvidan millionlab ziyoratchilar ichadilar, o‘zlar bilan olib ketadilar. Ammo bir xil me’yorda suv beradi.
Ayni paytda Marva tepaligi ostida zam-zamni to‘playdigan va uni sovutadigan markaz tashkil etilgan. Sovutish uchun esa uning o‘zidan qilingan muz qo‘shiladi, xolos. Xohlovchilar zam-zamning sovitilmaganidan ichishi uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Umrani bajarib bo‘lgan ziyoratchilarning qaysi biri bilan suhbatlashmaylik, zamzam suvini ichgach, charchoqlari unut bo‘lgani, o‘zlarini tetik his qila boshlaganini aytishadi.
Ha, Makka — Olloh nazari tushgan, O‘zi aziz qilgan muqaddas manzil. Binobarin, hazrati Odam alayhissalom Momo Havoni shu yerda topdi, ular, yo‘qotgan jannatga shu yerda yetishdilar. Hazrati Ibrohim alayhissalom, u zotning zavjalari Hojar ona va o‘g‘illari Ismoil shu yerda Ollohning og‘ir sinovidan sharaf bilan o‘tdilar. Oxirgi zamon payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) insoniyatga qaratilgan so‘nggi ilohiy xitobni shu yerda qabul qildilar...
Umrani bajargan o‘zbekistonlik ziyoratchilar Zulhijja oyining sakkizinchi tuniga qadar, ya’ni yolg‘on arafagacha Ka’bani tavof qilib, toat-ibodatda bo‘ladilar. Xalqimiz, yurtimiz xaqqiga duoda bo‘ladilar.




Said RAHMONOV
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati