Yolg‘iz keldik - yolg‘iz ketamiz, ammo yolg‘iz yashay olmaymiz. Inson zoti borki, boshqa odamlar bilan, ayniqsa qarindosh-urug‘lar bilan o‘zaro munosabat o‘rnatishga, birgalikda yashashga muhtoj. Hayot birday davom etavermaydi, insonlar bir-biriga yaxshi-yomon kunlarda sherik va suyanch bo‘ladi.
Muqaddas dinimizda qarindoshlarni ziyorat qilib turish, ularga mehr shafqat ko‘rsatish, qarindosh-urug‘chilik vazifalarini ado qilish farz hisoblanadi. Hatto hadisi shariflarda: “Qarindoshlik aloqasini uzib qo‘ygan odam jannatga kirmaydi”, deb ta’kidlangan.
Ba’zida ro‘zg‘or tashvishlari sababli yaqin qarindoshlarning holidan xabar olish uzoq muddatga kechikib ketadi. Go‘yo dunyoning ishlari qolib ketadigandek tuyuladi. “Qarindoshlarni hadeb ko‘rishga borversam yoki ularga doim xayr-u saxovat qilaversam, kambag‘al bo‘lib qolaman, ishlarim yurmay qoladi-ku” – degan o‘y-fikr ham kelib qolishi mumkin. Yo‘q, aslida holat butunlay boshqacha, bu hayotda bizning o‘lchovimizdan boshqacha o‘lchovlar ham bor.
Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) hadislarida shunday ilohiy o‘lchovlardan birining xabarini berganlar: “Kimni rizqi keng-farovon bo‘lishi va umri uzoq bo‘lishi xursand qilsa, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin”. Demak, bu ish kishining umriga, vaqtlariga, rizqiga, kasb-korlariga baraka bo‘lar ekan.
Qarindoshlik rishtalari “bor tovog‘im – kel tovog‘im” qabilida qilinadigan ishlar emas. “Falonchi shifoxonada ekan, ko‘rib kelaylik” deyilsa, “U men kasal bo‘lganimda kelib ko‘rdimi, yo‘q, biz ham bormaymiz” – deyilmaydi. Chinakamiga qarindoshlik qilish bu rishta uzib qo‘yilgan qarindoshlar bilan uni qayta tiklash va mustahkamlash bilan bo‘ladi va uni savobi ham ulkan hisoblanadi.
Gohida yaqin qarindoshlar, hatto tug‘ishgan aka-ukalarning arazlashib, yuzko‘rmas bo‘lib yurishlariga guvoh bo‘lib qolamiz. Bu holatlar ikki tarafga ham yarashmaydi, yoshlarga ham ibrat bo‘lmaydi. Qolaversa atrofdagilarning bunga e’tiborsiz qarab turishari to‘g‘ri emas.
Aybsiz do‘st qidirgan do‘stsiz qoladi. Bitta dushmaning bo‘lsa ko‘p, mingta do‘sting bo‘lsa ham oz. U bilan o‘tgan yaxshi kunlarni eslasin. Endichi... Arazdan kim baraka topdi... Qaysarlik bilan nimaga erishdi-yu, nimalardan mahrum bo‘ldi. Arazlarni to‘xtatish, xatolarni kechirish, gina-kuduratlarni tashlash kerak.
Qaysarlik yaxshilikka olib bormaydi. O‘zi haq bo‘lib tursa, 3 kundan ortiq arazlashish, aloqani uzish halol emas. Bu ishda ehtiyot bo‘lish, arazlashgan inson bilan tezroq yarashish choralarini izlab, buni amalga oshirish lozim.
Hadisi sharifda bu haqda ogohlantirilgan: “Musulmon kishining boshqa bir musulmondan uch kechadan ortiq arazlashishi halol emas. Ikkovlari uch kechadan ortiq arazlashib yursa va shu holda davom etishsa, ikkovi ham haqdan chetlagan bo‘ladi. Ulardan qay biri birinchi bo‘lib (arazdan) qaytsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar ular arazlashgan holida vafot etsa, ikkovlari ham jannatga kirmaydi”.
Aka-uka, opa-singil, amaki-tog‘a, amma-xola, ularning farzandlari, quda-andalar va boshqa barcha qarindoshlar bilan aloqani mustahkamlash, holidan xabar olib turish, kasal bo‘lsa – borib ko‘rish, mushkuli bo‘lsa – yordam berish, yaxshi kunlarda xursandchiligiga sherik bo‘lish, qiyinchilik va sinovli kunlarda suyanchiq va dalda bo‘lishga harakat qiling!
Donolar aytadi: Ikki narsa doimiy bo‘lmaydi: yoshlik va quvvat. Ikki narsa balo-ofatni qaytaradi: sadaqa va qarindoshlik rishtalarini bog‘lash.
Guliston tumani bosh imomi, “Islomobod” masjidi imom-xatibi DILMUROD SULAYMONOV
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda milliy o‘zlikni anglash, boy tarixiy-ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish, ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ayni shu yo‘nalishda milliy va xalqaro ahamiyatga ega zamonaviy madaniy-ma’rifiy platforma sifatida shakllanmoqda.
Taqdimotda o‘tgan davrda markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.
Markaz joriy yilning 17 mart kuni muhtasham binoda rasman ish boshladi. 1 iyun holatiga ko‘ra, markazga yarim million nafar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar kelgan. Kunlik tashriflar soni o‘rtacha 6 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu davrda muassasaga 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 ming nafardan ziyod xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan.
Majmua tarkibida Bolalar muzeyi tashkil etildi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Binoda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi joylashtirildi. Gid-ekskursovodlar va nazoratchilar xizmati tashkil qilindi.
Ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirildi. Bu ishlarda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etdi.
Markazda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, mahorat darslari va kitob taqdimotlari tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarga bugunga qadar 5 mingdan ziyod ishtirokchi jalb etildi.
Madaniy merosni qaytarish va fondlarni boyitish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jami 1 mingdan ziyod artefakt O‘zbekistonga qaytarildi. Markaz kutubxona fondi ham boyitilmoqda. Hozirgi kunda fond tarkibida 3 mingdan ortiq nodir nashr mavjud bo‘lib, 762 tasi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan. Fond raqamlashtirilmoqda, elektron chiplar o‘rnatilmoqda.
Muassasa faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar va raqamli innovatsiyalar ham keng joriy etilmoqda. Mehmonlar uchun robot-gidlar xarid qilindi, multimedia va interfaol qurilmalar ekspozitsiyalarga joylashtirildi.
Markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida “Ginnessning jahon rekordlari kitobi”ga kiritildi.
Taqdimotda markazni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar ham ko‘rib chiqildi.
Avvalo, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Markazning ilmiy jurnalini xalqaro “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kiritish, ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini yaratish, qo‘lyozmalarning raqamli katalogini tayyorlash rejalashtirilgan.
Diniy-ma’rifiy sohadagi magistr va doktorantlar uchun “Islom ma’rifati” stipendiyasini joriy etish, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Kelgusi bosqichda 20 ming nafar yoshlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, jumladan, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Madaniy merosni qaytarish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishda jahon auksionlari, muzeylar, xususiy kolleksiyalar va xalqaro san’at bozorlarida O‘zbekistonga mansub nodir artefaktlarni izlash, aniqlash, ilmiy o‘rganish, ekspertizadan o‘tkazish, muzokaralar olib borish va ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha doimiy mexanizm yaratish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab O‘zbekiston madaniy merosini doimiy monitoring qilish, madaniy meros obyektlarining yagona raqamli ma’lumotlar bazasi va xalqaro reyestrini shakllantirish, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu borada Xitoy, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga oid kolleksiyalar bo‘yicha ham ishlar olib boriladi.
Media va xalqaro targ‘ibot ishlarini kuchaytirish rejalari ham muhokama qilindi.
“Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida I xalqaro Islom forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, BMTning Nyu-York va Jenevadagi tuzilmalari hamda UNESCOning Parijdagi qarorgohida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilmoqda.
Markaz taqdimotlarini 55 ta davlatda tashkil etish, “Islomda ayollarning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish, Oksford islom tadqiqotlari markazi, ICESCO, IRCICA, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi.
Xorijiy jurnalistlar va xalqaro media tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida press-turlar, xalqaro media klublar va media anjumanlar tashkil etiladi. Markaz brendini global miqyosda mustahkamlash uchun fotoko‘rgazmalar, tematik taqdimotlar hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda davra suhbatlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga keluvchi ziyoratchi va sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, tashriflarni tartibli va mazmunli tashkil etish, ularga axborot va gid xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy madaniy merosi, ma’rifatparvarlik an’analari va Yangi O‘zbekistonning ma’naviy yuksalishini dunyoga namoyon etadigan maskan bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga markaz faoliyatini tizimli rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini kengaytirish, madaniy merosni qaytarish bo‘yicha doimiy mexanizm yaratish, muzey fondlarini boyitish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro media targ‘ibotni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
President.uz