Burayda xurmolari festivali mahalliy fermer va savdogarlarning 11 milliondan ortiq xurmo daraxtini bozorga chiqarish arafasida bo'lib o'tmoqda.
Saudiya Arabistoni atrof-muhit, suv va qishloq xo'jaligi vazirligining Qassim viloyati boshqarmasi tashkil etgan ushbu festival 25 avgustga qadar davom etadi.
Festival xurmo etishtiruvchi fermerlarni zamonaviy qishloq xo'jaligi bilan tanishtirish va eng yaxshi xurmo etishtirishning innovatsion usullari bo'yicha tajriba almashishdan iborat.
Festivalda 4000 dan ortiq mavsumiy ish o'rinlari taqdim etildi. Saudiya Arabistoni Podshohligining reklama va turizm festivallarining eng muhim maqsadlaridan biri aynan fuqarolarni ish bilan ta'minlashdir.
Festival tashkiliy ishlari rahbari Holid Al-Nuqaydan yaratilgan ish o'rinlari qo'mita va nazorat guruhi, savdo markazi, chakana savdo do'kon, fermer xo'jaligi, xurmo maydoni va eksport maydonchalari orqali ta'minlanganini tasdiqladi.
Hurmo eksporti mamlakat iqtisodiyotining ajralmas qismiga aylandi. Qirollik mahalliy va xalqaro miqyosda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida xurmo etishtirishni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirishda davom etmoqda.
Festival mintaqada mashhur bo'lgan 45 dan ortiq xurmo turlarini targ'ib etish uchun keng qamrovli tadbir va xizmatlar tizimini yo'lga qo'ydi. Festival xurmo va uning hosili bo'yicha ixtisoslashgan davlat va xususiy agentliklarning ishtirokini o'z ichiga oladi. Shuningdek, marketingga ixtisoslashgan 27 dan ortiq agentlik jalb qilingan.
Shuningdek, viloyat fermerlari ham ishtirok etib, festivaldan tashqari davlat idoralari, ishlab chiqarish tarmoqlari va samarali oilalar uchun bir necha ko'rgazmalar tashkil etilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati