Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Avgust, 2026   |   25 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:25
Peshin
12:34
Asr
17:27
Shom
19:37
Xufton
21:06
Bismillah
08 Avgust, 2026, 25 Safar, 1448

Soliha ayolning sifatlari

25.07.2019   9766   4 min.
Soliha ayolning sifatlari

Alloh taolo Qur’oni Karimda O‘zining mo‘min bandalarini vasf qilar ekan, ularni shunday deb maqtaydi:

وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَاماً

“Ular: “Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et”, deydiganlardir” (Furqon surasi, 74-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Dunyo matodir, uning matolari ichida eng yaxshisi soliha xotindir”.

Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh kimga soliha bir turmush o‘rtog‘i (ayol) nasib qilgan bo‘lsa, dinining yarmida unga yordam beribdi. Qolgan yarmi xususida Allohdan qo‘rqsin (taqvo qilsin)!” (Hokim “Mustadrak” II. 175)

Ha, taqvodor ayol Allohning ne’matidir. Xo‘sh, taqvodor, soliha ayol qanday sifatlarga ega bo‘ladi? Quyida shularni keltirsak:

  1. Allohga itoat qiluvchi.

Soliha ayol Alloh taoloning barcha buyurganlarini qilib, qaytarganlaridan qaytuvchi bo‘ladi.

  1. Allohning g‘azabini keltirmaydigan (gunoh bo‘lmagan) ishlarda eriga itoat qiluvchi.

Eri gunoh ishlarga buyursa, itoat etmaydi. Masalan, “Aroq olib kel” desa, bu buyruqni bajarmaydi, aroq olib kelmaydi. Ammo gunoh bo‘lmagan ishlarga buyursa, itoat qiladi.

  1. Erining unga nazari tushganda, xursand bo‘ladi.

Libosi, so‘zlari, yurish-turishi bilan eriga yoqadigan ko‘rinishda va holatda bo‘ladi.

  1. Alloh taoloning toatida eriga yordam beradi.

Eriga namoz vaqti bo‘lganini aytadi, g‘usl qilishi uchun suv isitib beradi va hokazo.

  1. Erining to‘shagini birovga bostirmaydi.

Eri o‘tiradigan, yotadigan to‘shakni birovga bostirmaydi. Eriga so‘z bilan ham, amal bilan ham aslo xiyonat qilmaydi.

  1. Eridan boshqaga ziynatini ko‘rsatmaydi.

         Yangi liboslarini, xushbo‘y iforli atirlarini, qimmatbaho taqinchoqlarini faqat va faqat eri uchun ishlatadi. Erining yonida atir sepib, ziynatlanib, toza liboslarini kiyib yuradi. Ko‘chaga chiqqanda esa oddiy libos kiyib, avratlarini berkitib, ziynatlanmay, atir sepmay chiqadi.

  1. Erining sirini berkitadi.

         Oilaviy sirlar, erining xos sirlari va boshqa maxfiy suhbatlarni yashirib, asraydi. Ko‘cha-ko‘ylarda, yig‘inlarda va boshqa o‘rinlarda qarindoshlariga, dugonalariga aytib, sirlarni fosh qilmaydi.

  1. Eriga sabr qilib, oz nafaqaga qanoat qiluvchi.

         Agar eri kamxarj bo‘lsa, topish-tutishi oz bo‘lsa, undan ko‘proq narsa talab qilib, noqulay ahvolga solmaydi. Balki boriga qanoat qilib, Alloh taologa duo qilib erining topganlariga baraka berishini so‘raydi.

  1. Eri g‘oib bo‘lganda, nafsini va erining molini ehtiyot qiladi.

         Eri safarda, ishda bo‘lgan paytlarda ayol kishi o‘z iffatini va erining mol-mulkini, pul va boshqa narsalarini asrab-avaylaydi, birovlarga eridan so‘ramasdan hech narsa bermay       di.

  1. Eri kelganda, tilini unga aziyat berishdan tiyadi.

         Eri ishdan charchab kelganda, “Go‘sht olib kelmadingizmi?”, “Falon aytgan narsamni olib kelmay, quruq qo‘l bilan keldingizmi?” demasdan, tili va muomalasi bilan eriga ozor bermay, uni yaxshi kayfiyatda kutib oladi.

  1. So‘kish, haqorat va shikoyatni ko‘paytirmaydi.

         “Sendan nima ko‘rdim?!”, “Sen bilan yashab nimaga erishdim?!” degan gaplar bilan erini parishon qilmaydi, uni haqoratlab, dilini og‘ritmaydi, “U kam, bu kam” degan gaplarni hadeb aytavermaydi.

  1. Eri unga yomonlik qilsa, eridan ko‘rgan yaxshiliklarni inkor etmaydi.

         Mabodo eri unga yomonlik qilganda ham undan ko‘rgan yaxshiliklarni inkor etib, “Senga tegibmanki, boshim muammodan chiqmaydi” degan mazmundagi gaplarni aytmaydi. Balki, uning yaxshiliklarini eslab, unga Alloh taolodan insof so‘rab, oilani yaxshi tomonga o‘zgartirish harakatida bo‘ladi.

         Alloh taolo ayollarimizning soliha bo‘lishlarini nasib aylab, ibratli, totuv hayot kechirishimizni nasib etsin!

 

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi

05.08.2026   16721   1 min.
Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatidagi diniy soha vakillari ishtirokida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda stol tennisi bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
 

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ko‘tarinki ruh va do‘stona muhitda o‘tgan bellashuvlarda ishtirokchilar bilim, tafakkur va chaqqonlik borasida o‘z mahoratlarini namoyon etdi.


Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi.


“Zakovat” intellektual o‘yini natijalari:

  • 1-o‘rin — Marg‘ilon shahri jamoasi;

  • 2-o‘rin — Oltiariq tumani jamoasi;

  • 3-o‘rin — Farg‘ona shahri jamoasi.


Stol tennisi musobaqasi natijalari:

  • 1-o‘rin — Sarvar Rahmonzoda («Eshonbobo» jome masjidi imom noibi);

  • 2-o‘rin — Muhammadyunus Mirzarahimov («Sulaymonbek hoji» jome masjidi imom noibi);

  • 3-o‘rin — Muhammadyusufxo‘ja Saidxo‘jayev («Abu Muso al-Ash’ariy» jome masjidi imom noibi).


Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Farg‘ona viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi
O'zbekiston yangiliklari