Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Aprel, 2026   |   8 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:28
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:19
Xufton
20:39
Bismillah
26 Aprel, 2026, 8 Zulqa`da, 1447

U qoqilmas ulovdir

25.07.2019   5028   3 min.
U qoqilmas ulovdir

Inson komilligi uning fazilatlariga bog‘liqdir. Fazilatlari ortgan sari kamolotga erishib boradi. Inson kamoliga bois fazilatlardan biri sabrdir. Sabr nafsning buyruqlariga ergashishdan tiyilishdir, dinimiz amrlarini nafs mayllaridan ustun qo‘yishdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sabr haqida bunday deganlar: “Bosh tana uchun qanchalik kerak bo‘lsa, sabr ham iymon uchun shunchalik keraklidir”.

Iymon taqozo qilgan iffat, o‘zini bosish, shijoat, hilm, bag‘rikenglik, qanoat kabi yaxshi xulqlar sabrda mujassamdir. Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida juda ko‘p o‘rinlarda sabrga chaqiradi va sabr qilganlarga yuksak mukofotlar borligini bayon qiladi. Jumladan: Ammo sabr qilganlar va yaxshi amallar qilganlar, ana o‘shalarga mag‘firat va katta ajr bor”, deydi (Hud surasi 11-oyat).

Sabr doim kerak. Yaxshilik yetganida ham, yomonlik yetganida ham, zarar-kamchilik paytida ham, foyda – borchilik paytida ham. Yo‘qchilikka sabr qilish oson. Ammo borchilik, to‘qchilikka hamma ham sabr qila olmaydi. Aslida esa, banda og‘ir paytda bardosh bilan, ne’mat yetganida esa shukr va yaxshilik bilan sabr qilishi kerak. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar rivoyat qilgan xadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, Alloh mo‘min banda uchun nimani qazo qilsa, o‘sha uning uchun yaxshi bo‘ladi. Agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi, unga yaxshi bo‘ladi. Agar unga xafachilik yetsa, sabr qiladi, unga yaxshi bo‘ladi. Bu faqat mo‘minlargagina bo‘ladi”, deganlar.

Alloh taolo yana: “Ey iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so‘ranglar. Albatta, Alloh sabrlilar bilandir”, deydi (Baqara surasi, 153-oyat).

Banda Allohga toatda ham, gunohdan saqlanish, yo‘ldagi to‘siqlarni va hayotdagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishi uchun ham, zaiflik kelib qolganda ham, havoi nafsni jilovlashi uchun ham sabrli bo‘lishi kerak. Ulamolarimiz sabrni uchga bo‘lganlar:

Birinchisi: Alloh harom qilgan narsalardan va gunohlardan saqlanishga sabr.

Ikkinchisi: toat va qurbat hosil qilish uchun sabr.

Uchinchisi: yetadigan musibat va qiyinchiliklarga sabr.

Insonga zarracha ozor yetsa, bilingki, bularning hammasi boshga kelgan musibat hisoblanadi. Insonning boshiga tushadigan musibat va mushkulotlar esa Alloh tomonidan sinov tariqasida, bandasining iymonini imtihondan o‘tkazish uchun yuboriladi. Masalan, uyda chiroqning o‘chib qolishi yoki tabiiy gazning ma’lum vaqtgacha kelmasligi ham musibat. Bunday paytlarda shoshma-shosharlik  bilan  oh-voy qilishni o‘rniga, sabr-qanoat va chidam bilan turishligi kerak bo‘ladi. Hazrati Ali (karramallohu vajhahu): “Sabr qoqilmas ulovdir, qanoat qayrilmas qilichdir”, deganlar.

Hadisi sharifda “Sabr yorug‘likdir” deyiladi. Zero, sabr nur kabi qiyinchilik zulmatini ketkazadi va haqiqatni namoyon qiladi. Yana boshqa hadisi sharifda  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “ Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan”, dedilar. Sabr haqida hikmatli so‘zlar juda ko‘p. Ulardan birida bunday deyiladi: “Kim boqiylikni istasa, musibatlarga sabrli qalb hozirlasin”. Chunki Alloh sabrlilarni yaxshi ko‘radi. Buning uchun kishi irodali bo‘lmog‘i, yaxshilikni ham, yomonlikni ham nemat deb bilib, Parvardigorning xukmlariga sabr bilan sobit turishligi maqsadga muvofiqdir. Sabr va chidam yo‘lini tutgan odam gunoh qilishdan qo‘rqadi, yomon ishlardan yuz o‘giradi, sabotli bo‘ladi, g‘aflatda qolmaydi, rizq bo‘lmish noz-ne’matlar qadrini biladi, yaxshilik qilish, yomonlikdan uzoq bo‘lish harakatiga tushib, tavba qilish baxtiga erishadi. Alloh taolo barchalarimizni hamma ishlarimizda sabr va qanoatli bo‘lishligimizni nasib aylasin!

Abduhalim TO‘XLIYEV,
Yozyovon tumani bosh imom-xatibi

Boshqa maqolalar

Abu Bakr roziyallohu anhuning Rasululloh ﷺga muhabbatlari: 3-qism

23.04.2026   8588   1 min.
Abu Bakr roziyallohu anhuning Rasululloh ﷺga muhabbatlari: 3-qism

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam betobliklarida hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuga imom bo‘lib, mehrobda namozga o‘tib berishni buyurdilar. Abu Bakr jamoat bilan namozni boshlaganlarida masjidga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham kirib kelib, namozga qo‘shildilar. Nabiy Akram sollallohu alayhi vasallam kelganlarini payqagan jamoat qo‘l silkib, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuni ogohlantirmoqchi bo‘lishdi. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu namozni davom ettiraverdilar. Shunday qilishlari ham kerak edi. Alloh taologa ibodat etuvchi har bir kishi yon-atrofga qaramasligi, boshqa narsalarga chalg‘imasligi lozim. Ammo qo‘l siltashlar to‘xtamagach, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam kelganlarini fahmladilar.

Yuzlarini qibladan burmagan holda ortga tisarila boshladilar. Birinchi safga kelganlarida Rasuli Muhtaram sollallohu alayhi va sallam oldinga siljib, namozni davom ettirdilar. Salom berilgandan so‘ng jamoaga yuzlandilar. Namozda qo‘l ko‘tarish ayollarga xos xususiyat ekanligini, agarda imomga biror narsani bildirish kerak bo‘lsa,"Subhanalloh" deb ovoz berish kerakligini aytdilar. Keyin: "Ey Abu Bakr, senga ishora qilsam ham nima uchun joyingda turib, namozni davom ettiravermading?" deya so‘radilar. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu: "Abu Quhofaning o‘g‘liga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilarida namoz o‘qish yarashmaydi", deb javob berdilar.

 

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi