Bugungi kunda barcha sohalar qatori xizmat ko‘rsatish sohasi ham rivojlanib, insonlarning ehtiyoji uchun moslashtirib borilmoqda.
Jumladan, Chilonzor tumanidagi “Toshkent” avtovokzali ham rekonstruksiya qilindi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 2 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Azon internet nashri xabar bermoqda.
Vokzal eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, dispetcherlik xizmati, chiptaxona, kutish zali va VIP zalda yo‘lovchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari, savdo do‘konlari ochildi.
Eng quvonarlisi esa, ayollar va erkaklar uchun alohida namozxona va tahoratxonalar yo‘lovchilarga xizmat qilmoqda. Shuningdek, namozxonalarda Islomiy adabiyotlar kutubxonasi ham mavjud.
Bugungi kunda Toshkentdan Yangiyer, Zomin, Samarqand, Zarafshon, Kattaqo‘rg‘on, Xatirchi, Uchquduq, Termiz, Denov, Buxoro, Qorako‘l va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha kuniga 10 dan ortiq mahalliy reyslar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, avtovokzaldan 12 ta xalqaro yo‘nalish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.




O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati