Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2026   |   3 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
04:59
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2026, 3 Safar, 1448

“Folga borma folsiz yurma”mi

17.07.2019   5127   5 min.
“Folga borma folsiz yurma”mi

Bugun juda ham dolzarb masalalardan biri xususida suhbatlashamiz. Ayni paytda butun dunyoning eng katta muammolaridan biri bo‘lgan musulmonlarning boshiga musibatlar keltirib, iymonlaridan ayrilishiga sabab bo‘layotgan sehr, folbinlik va munajjimlik zamonamizning boshiga bitgan balo bo‘ldi, desak xato qilmaymiz.

Islom ulamolari sehrgar shak-shubhasiz, kofir bo‘ladi, degan hukmni o‘qishgan. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi: «Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102).
La’natlangan shaytonning odamlarga sehr o‘rgatishdan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi – ularni mushrikka aylantirishdir. Alloh o‘ziga shirk keltirgan insonni hech qachon kechirmaydi. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bashoratgo‘y yoki folbinning oldiga borib, aytayotgan gapini rost deb bilsa, u shubhasiz, Muhammadga tushgan narsaga kufr keltiribdi» (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bashoratgo‘yning oldiga borib, undan biron narsani so‘rasa, qirq kungacha uning bironta ham namozi qabul qilinmaydi» (Muslim rivoyati).
Oisha roziyallohu anho aytdilar: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so‘rashdi. U zot roziyallohu anho: «Ular haq emaslar», dedilar. Ular: «Yo Rasululloh, ular gohida shunday gaplarni aytadilarki, u haq bo‘lib chiqadi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haq kalimani jin o‘g‘irlab o‘g‘rincha bilib oladi-da uni do‘sti folbinning qulog‘iga quyadi. Folbinlar esa unga yuzta yolg‘onni aralashtirib yuboradilar», dedilar» (Muttafaqun alayh).

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytganlar: «Folbin – sehrgar, sehrgar esa kofirdir». 

Bu hol shu qadar keng rivoj olganki, ommaviy axborot nashrlari ham munajjimlar bashoratiga alohida e’tibor qaratib, odamlarning yulduziga qarab fol ochish bilan ovora. Allohning kalomi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari bir chetda qolib, odamlar shaytonga rostmana shogird tutingan folbinlarning so‘zlariga quloq soladilar. Yuqorida gunohi kabira rukni ostida kelgan xabarlarda bir hadis e’tiborimizni o‘ziga tortadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida folbinning oldiga borib, uning gapini tasdiqlagan kishi dindan chiqishini aytganlar. Nima uchun endi, faqat borgan odam emas, balki borib gapini tasdiqlagan kishi? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aslida borganning o‘zidayoq qirq kunlik namozlarining savobidan mahrum bo‘lib, o‘sha ibodatlari qabul bo‘lmas ekan. Musulmon kishi uchun bir vaqt namozining qabul bo‘lmay qolishidan ulkanroq musibat yo‘q! Demak folbinga yugurayotgan insonlarning iymonida juda katta zaiflik va nuqson mavjud. Chunki, borish ham, uning so‘zini tasdiqlash ham o‘ta og‘ir jinoyat va musibatdir.

Shu o‘rinda “Xalqimizda “folga borma folsiz yurma” degan gap bor” deydigan mahmadonalar diqqqatiga: bu maqolni ham folbinlar tegirmoniga suv quyayotgan ilmsiz, nodon kimsalar o‘ylab topgan. O‘zingizning gunohingiz va buzg‘unchiligingiz uchun xalqni aybdor qilmang. 

So‘zimiz so‘ngida betob bo‘lsa ham folbinga, biror narsasi yo‘qolsa ham folbinga, ishi yurishmasa ham folbinga, qiziga sovchi kelmay qolsa yohud o‘g‘liga qiz topilmasa ham folbinga yuguradigan va umuman hayotini folbinlarsiz tasavvur qila olmaydigan yurtdoshlarimizga xitobimiz shuki, Allohga qayting, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qaytargan va oxiri abadiy do‘zax bo‘ladigan yo‘lni tark eting! Payg‘ambarimiz Alloh ta’olo har bir odamning taqdirini ularni yaratishidan ellik ming yil oldin yozib qo‘yganini aytib ketganlar. Bu taqdirni hech kim o‘zgartira olmaydi. Folbinlarga qatnayotgan opalarimiz, singillarimizning shu bugundanoq bu yo‘ldan qaytishlarini so‘raymiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, nima uchun folbinlar hamisha xor va g‘aribxonalarda yashashadi. Nima sababdan ular kelajakni aytib berish uchun o‘zlarida jur’at topishadi-yu, oyoqlari ostida turgan konlarni topib, boyib ketmaydilar. Mayli, bu ham og‘irdir, nega birgina lotoreya qog‘ozini olib, nol butun mingdan bir millimetr narida turgan yozuvni o‘qib, Kaptiva yoki Malibu egasi bo‘lib olishmaydi, nega?! Chunki ular kelajakni hech qachon bila olishmaydi. Alloh ta’olo Qur’oni karimda bu ilm faqat O‘zida ekanligini aytgan. Alloh taolo bilan faqat Allohgagina tegishli bo‘lgan ilmni talashayotgan bandalar albatta xor bo‘lajak. Shu mal’un, iflos va jirkanch mahluqlarning oldiga borib, iymon-u e’tiqodni poymol qilmaylik, azizlar. Kimki shu ishni qilgan bo‘lsa, shu bugunoq tavba qilsin, Alloh kechiruvchi Zot. Ulgura olmay qolsa, qiyomatda Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tushgan dinda bo‘lmaydi. Kofirning joyi esa abadiy jahannamdir. Bundan Allohning O‘zi asrasin.

 

Saidabror Umarov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

16.07.2026   7664   2 min.
Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis — islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar ekspert va islomiy moliya sohasidagi bir nafar texnik ekspert kiritildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov kengash raisi, markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sadullayev kengash a‘zolari bo‘ldi.

Kengash a‘zolarining aksariyati islom huquqi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi hamda islomiy moliya yo‘nalishida AAOIFI xalqaro sertifikatlariga ega.

Texnik ekspert Axrorjon Sadullayev bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U avval Markaziy bank, Aloqabank, KDB Bank Uzbekistan, shuningdek, KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.

Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi.

Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi hamda sohada yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.

Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati yuzasidan tavsiyalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi.

Zarurat tug‘ilganda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi.

Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, kengash har yili o‘z faoliyati bo‘yicha hisobotni regulyator boshqaruviga taqdim etadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari