Biz Islom ummatining[1] deyarli oxir zamon vakillaridanmiz. Biz shu ummatning bir bo‘lagi sifatida, biz uchun qayg‘urgan, buning uchun umrini bag‘ishlagan, joni chiqar holida ham ummatining ahvoli tashvishi bilan bo‘lgan Zotga jonimizni qo‘ying mayli, muhabbatimiz qanchalik?
Payg‘ambar alayhissalomni hammadan ortiq ko‘rishimizning boisi, Payg‘ambar alayhissalom butun payg‘ambarliklari davrida ummat qayg‘usi bilan yashadilar, ummatni haq yo‘lga boshladilar. Hatto jonlari chiqayotganda ham ummatlarini o‘yladilar.
Rivoyat qilinadiki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘lim onlarida Jabroil alayhissalomdan: “Mendan so‘ng ummatimning ahvoli nima bo‘ladi?” deb so‘radilar. Shunda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga vahiy etdi: Habibimga xushxabar ber, ummati ichida uni uyaltirmayman. Hashr kunida u qabrdan eng oldin chiqadiganlardan bo‘ladi va Mahshargohda to‘planganlarning sayyidi qilinadi. To uning ummati kirmagunicha boshqa ummatlarga jannatga kirish haromdir”.
“Ana endi ko‘zim quvonchga to‘ldi”, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga imon keltiradilar!”, dedilar.
Mana shuning uchun ham Alloh elchisini sevish komil imon ramziga aylandi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
لآ يُؤْمِنُ أحدُكم حتّي أحبَّ إليه مِن والده و ولدِه و الناس أجمعين
«Men unga ota-onasidan, farzandidan va odamlarning barchasidan suyukli bo‘lmagunimcha u komil mo‘min bo‘la olmaysiz», deganlar” (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rishda sahobalarga teng keladigani yo‘q edi. Bular ichida esa Abu Bakr roziyallohu anhuning oldiga hech kim tusha olmasdi[2].
Makka fathi kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning otalari Abu Quhofa musulmon bo‘ldi. Ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan bu qariyaning musulmon bo‘lishi ancha kechikkan edi. Abu Bakr Siddiq otalari Islomga kirganini aytib, bay’at qildirish uchun u kishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Bakr! Keksa otangizni uyda qoldirsangiz bo‘lar edi. Oldilariga o‘zimiz borardik», dedilar. Shunda Abu Bakr Siddiq: «Ey Allohning Rasuli, bunga siz haqliroqsiz», dedilar. O‘sha kunlarda Abu Bakr ko‘p yig‘ladilar. Shunda odamlar: «Eng xursand bo‘ladigan kunda ham yig‘laysizmi? Axir otangiz musulmon bo‘lib, do‘zaxdan najot topdi-ku?» deyishdi.
Abu Bakrning javoblariga e’tibor bering.
«Hozir otam Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilganidan ko‘ra Abu Tolib bay’at qilsa, ko‘proq xursand bo‘lar edim. Chunki bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘proq xursand bo‘lardilar» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Bu zotlar o‘z xursadchiligidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xursandchiligini ustun qo‘yganlar. Shuning uchun bu ummatning ustuni bo‘lishgan.
Biz nima qilmog‘imiz kerak?
Buning uchun axloqimizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlari kabi xulqlantirishimiz, hayotimiz, turmush tarzimiz, oilamizga U Zot sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarini joriy qilishimiz va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘gitlari asosida umr o‘tkazishimiz kerak. Bularni o‘rganish uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tanishimiz zarur. Ko‘rishmaganmiz-ku, deyishimiz mumkin. U Zotni tanishimiz siyratlari, hayot yo‘llari va shamoillarini o‘qib, o‘rganish orqali bo‘ladi. Yana salavotlarni ko‘paytirish ham muhabbatning belgilaridan.
Vaqtni qo‘ldan boy bermang! Siz ilm olish yoki yetkazish uchun ilk qadamni tashlang, baraka Allohdan!
Allohumma solli a’laa sayyidinaa Muhammad va a’laa aali sayyidinaa Muhammad!
Nodirbek NISHONOV,
Farg‘ona shahar “Muhammad avliyo” masjid imom-noibi
Manba: Fargonaziyo
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati