O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga ukasi Islomxon Alimovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan marhumning chekkan zahmatlari, tortgan dardlarini gunohlariga kafforat qilib, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning ahli-ayoli, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan muftiy hazratlariga va marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idagi “Orlot” jome masjidida juma namozidan so‘ng o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi.
Idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov boshchiligida o‘tkazilgan qabulda yurtdoshlarimiz tomonidan aytilgan turli masalalar yuzasidan bildirilgan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Murojaatchilar bilan ochiq va samimiy muloqot olib borilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Xususan, masjidlar holati, oilaviy munosabatlar, ijtimoiy ko‘mak, xayriya ishlari, haj va umra kabi masalalar yuzasidan shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berildi.
Ayrim murojaatlar shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan masalalar esa tegishli bo‘lim va mas’ul xodimlarga yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
Qabul ishtirokchilari o‘zlariga ko‘rsatilgan e’tibor, diniy soha xodimlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat va ko‘maklar uchun minnatdorlik bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati