O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga ukasi Islomxon Alimovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan marhumning chekkan zahmatlari, tortgan dardlarini gunohlariga kafforat qilib, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning ahli-ayoli, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan muftiy hazratlariga va marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idagi “Orlot” jome masjidida juma namozidan so‘ng o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyatida masjid va muqaddas qadamjolarni obod etish hamda yangi ma’rifat maskanlarini barpo etish bo‘yicha xayrli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ana shunday bunyodkorlik loyihalaridan biri sifatida Qarshi shahridagi tarixiy «Xonaqoh» jome masjidini yangi binosini qurishga kirishildi. Joriy yilning 3 avgust kuni ushbu qurilish ishlariga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov hamda mahalliy nuroniylar ishtirok etib, yangi binoning birinchi g‘ishtini qo‘ydilar.
Marosim yakunida yig‘ilganlar yurt tinchligi, el farovonligi va masjid qurilishi xayrli yakunlanishini tilab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati