O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga ukasi Islomxon Alimovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan marhumning chekkan zahmatlari, tortgan dardlarini gunohlariga kafforat qilib, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning ahli-ayoli, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan muftiy hazratlariga va marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idagi “Orlot” jome masjidida juma namozidan so‘ng o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Avvalroq xabar berganimizdek, xalqaro anjuman o‘z kun tartibidagi asosiy ilmiy va amaliy qismga o‘tib, ayni damda Islom sivilizatsiyasi markazida yalpi majlislar va sho‘ba yig‘ilishlari qizg‘in davom etmoqda.
Xususan, “Islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi: hadis, fiqh, ilohiyot va ma’rifat” mavzusidagi I yalpi majlis doirasida tashkil etilgan Muftiylar sho‘basida islom olamining eng nufuzli din arboblari va bosh muftiylar jam bo‘ldilar.
Ushbu nufuzli yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshozoda, Misr Bosh muftiysi Shayx Nazir Muhammad Ayyad, Iordaniya muftiysi Shayx Ahmad Hasanot, Rossiya Musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi Shayx Talgat Tajuddin, Qozog‘iston muftiysi Shayx Navro‘zboy hoji Tag‘anuli va Qirg‘iziston muftiysi Shayx Abdulaziz qori Zokirov kabi ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Mazkur sho‘ba yig‘ilishi davomida din peshvolari bugungi murakkab davrda musulmon ummati oldida turgan eng dolzarb va muhim masalalar, islom ma’rifatini keng yoyish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish borasida atroflicha bahs va munozaralar olib bordilar.
Muloqotlar chog‘ida xorijlik muftiylar yurtimizda ajdodlar merosini tiklash yo‘lida olib borilayotgan ulug‘vor ishlarni, xususan, anjuman o‘tayotgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazining mahobati, mazmun-mohiyati va ilmiy imkoniyatlarini yuksak hayrat bilan tilga olib, ushbu maskan butun dunyo islom ilm-fanining yirik global platformasiga aylanayotganini alohida e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati