O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga ukasi Islomxon Alimovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan marhumning chekkan zahmatlari, tortgan dardlarini gunohlariga kafforat qilib, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning ahli-ayoli, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan muftiy hazratlariga va marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idagi “Orlot” jome masjidida juma namozidan so‘ng o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida “Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi” doirasida “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” shiori ostida sayyor ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda aholiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati yetkazilib, "Qirqvolida" mahallasi va "Mirzaobod" qabristonida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi.
Shuningdek, yurtdoshlarimiz o‘rtasida bag‘rikenglik, mehr-oqibat va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi samimiy suhbatlar o‘tkazilib, tumandagi 16 ta mahallada istiqomat qiluvchi 55 ta ehtiyojmand oilaga moddiy xayriya yordamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati