Folbinga borish – og‘ir gunoh
الحَمْدُ للهِ الَّذِي حَرَّمَ السِّحْرَ وَأَذَلَّ السَّاحِرِين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي حَذَّرَ أُمَّتَهُ مِنَ الكَهَانَةِ وَالعَرَّافَةِ بِشَرَائِعِ هَذَا الدِّين وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْن، وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْن.
Muhtaram jamoat! Bugungi kunda o‘zlarini turli xil jozibador nomlar bilan atab, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirish bilan shug‘ullanayotganlar hamda ularning nayrangiga uchayotganlar, afsuski, kundan-kunga ortib bormoqda. Bu imtihon dunyoda hayotning past-balandlariga bardosh qilmaydigan ba’zi imoni zaif kishilar turli xil vajlar bilan folbinlarga murojaat qilib, ularning bozorini rivojlanishiga sababchi bo‘lmoqdalar.
Shuning uchun ham “folbinlik”, “sehr-jodu” tushunchalari, shariatimizning unga bo‘lgan munosabatini o‘rganib chiqishimiz maqsadga muvofiqdir.
Ulamolardan Imom Bag‘aviy: “Folbin – turli ishlarning sabablarini bilishini, yo‘qolgan narsaning qayerda turganini, o‘g‘irlangan narsani kim o‘g‘irlagani kabi narsalarni bilishini da’vo qiluvchi shaxsdir”, – deydilar. Vaholanki, taqdirni bilish va kelajakda bo‘ladigan ishlarni yoki ularni o‘zgartirish faqatgina Allohning qo‘lida bo‘lib, hech bir zot Allohning yozgan taqdirini o‘zgartirishga qodir emas. Kelajakni ham, insonlar taqdirini ham faqat Alloh taolo bilishi, g‘ayb sirlaridan hech kim, farishtalar, jinlar, hatto do‘stlarini (valiylarni) ham xabardor etmagani haqida Qur’oni karimda ko‘p bora takrorlangan:
قُلْ لَا يَعْلَمُ مَنْ فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ الْغَيْبَ إِلَّا اللَّهُ
(سورة النمل/65)
ya’ni: “Ayting: “Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g‘aybni bilmas” (Naml surasi, 65-oyat).
وَعِنْدَهُ مَفَاتِحُ الْغَيْبِ لَا يَعْلَمُهَا إِلَّا هُوَ وَيَعْلَمُ مَا فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَمَا تَسْقُطُ مِنْ وَرَقَةٍ إِلَّا يَعْلَمُهَا وَلَا حَبَّةٍ فِي ظُلُمَاتِ الْأَرْضِ وَلَا رَطْبٍ وَلَا يَابِسٍ إِلَّا فِي كِتَابٍ مُبِينٍ
(سورة الأنعام/59)
ya’ni: “G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir” (An’om surasi 59-oyati).
Boshqa bir oyatda Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomga shunday deyishlarini buyuradi:
قُلْ لَا أَمْلِكُ لِنَفْسِي نَفْعًا وَلَا ضَرًّا إِلَّا مَا شَاءَ اللَّهُ وَلَوْ كُنْتُ أَعْلَمُ الْغَيْبَ لَاسْتَكْثَرْتُ مِنَ الْخَيْرِ وَمَا مَسَّنِيَ السُّوءُ إِنْ أَنَا إِلَّا نَذِيرٌ وَبَشِيرٌ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ
(سورة الأعراف/188)
ya’ni: “Ayting (ey, Muhammad!): Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi” (A’rof surasi, 188-oyat).
Demak, bu dunyoda biror kimga zarar yoki foyda keltirishga, ya’ni kelayotgan baloni qaytarish yoki kimnidir baxtli qilishga ular qodir bo‘lmaydilar. Oyatda Payg‘ambar alayhissalom ham oddiy bashar ekanlari, o‘zlari va boshqalarga foyda keltira olmasliklari, g‘ayb ilmini bilmasliklari ta’kidlanmoqda.
Folbinlarning ba’zi toifalari oyat va duolarni betahorat holda, xatolar bilan o‘qiydilar. Namozni ham betahorat o‘qish mumkin emasligini bila turib, namozni haqorat qilish maqsadida nopok o‘qiydilar. Chunki ular qanchalik ashaddiy fojirning amalini qilsa, shayton va jinlar ham ularga ko‘proq xizmatda bo‘lib, yanada tezroq uning buyurganlarini bajaradi.
Alloh taolo Qur’oni karimda:
هَلْ أُنَبِّئُكُمْ عَلَى مَنْ تَنَزَّلُ الشَّيَاطِينُ تَنَزَّلُ عَلَى كُلِّ أَفَّاكٍ أَثِيمٍ يُلْقُونَ السَّمْعَ وَأَكْثَرُهُمْ كَاذِبُونَ
(سورة الشعراء/221-223)
ya’ni: “(Ey, Muhammad! Ayting): «Men sizlarga shaytonlar (jinlar) kimlarga tushishi haqida xabar beraymi? Ular barcha bo‘htonchi, gunohga botgan (folchi-romchi, kohin)larga tushurlar. Eshitib olganlarini ularga tashlarlar. (Lekin) Ularning ko‘plari yolg‘onchilardir” (Shuaro, 221-223-oyat).
Folbinlarning qilayotgan ishlari yolg‘on va firibgarlikdan boshqa narsa emas. Bu haqida Oisha raziyallohu anho rivoyat qilib aytadilar:
سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَنِ الْكُهَّانِ؟ فَقَالَ: لَيْسُوا بِشَيْءٍ فَقَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّهُمْ يُحَدِّثُونَ أَحْيَاناً بِالشَّيْءِ يَكُونُ حَقًّا؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: تِلْكَ الْكَلِمَةُ مِنَ الْحَقِّ يَخْطَفُهَا الْجِنِّيُّ فَيُقِرُّهَا فِي أُذُنِ وَلِيِّهِ، فَيُخْلِطُونَ فِيْهَا أَكْثَرَ مِنْ مِائَةِ كَذِبَةٍ
(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها)
ya’ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so‘rashdi. Shunda U zot: “Ular hech kim emas”, – dedilar. Yo Rasululloh! Ularning aytgan gaplari gohida to‘g‘ri chiqadi? – deyishdi. Rasululloh: “Jinlar rost gapni o‘g‘irlab olib, folbinlarning qulog‘iga quyadi. Folbin esa, unga yuzta yolg‘onni qo‘shib gapiradi”, – deb javob berdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, bugungi kunda folbinlar va ularning yolg‘on kirdikorlariga aldanib qolayotganlar orasida ko‘pchilikni ayollar tashkil qiladi. Ular o‘zlarini “Ota-bobolarimiz: “Folga ishonma, folsiz yurma” degan”, – deb aldashga urinadilar. Vaholanki, butun Islom olamiga dars bergan ajdodlarimizning birorta ham asarlarida bu kabi asossiz gaplar uchramaydi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, ularga ergashish, ulardan najot kutish mo‘minlarning e’tiqodiga putur yetkazadi. Bu haqida Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar:
"لَيْسَ مِنَّا مَنْ تَطَيَّرَ ، أَوْ تُطِيَّرَ لَهُ أَوْ تَكَهَّنَ ، أَوْ تُكِهِّنَ لَهُ أَوْ سَحَرَ ، أَوْ سُحِرَ لَهُ ، وَمَنْ أَتَى كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صلى الله عليه وسلم"
(رَوَاهُ الإِمَامُ البَزَّارُ عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim qush bilan fol ochsa yoki qush bilan fol ochtirsa, kim kohinlik qilsa yoki kohinga murojaat qilsa, kim sehr kilsa yoki sehr qildirsa, u – bizdan emas. Kim folbinga borib, uning aytganiga ishonsa, Muhammad sallalloxu alayhi vasallamga nozil qilingan narsaga kufr keltirgan bo‘ladi” (Imom Bazzor rivoyat qilgan).
Ba’zi tuppa-tuzuk kishilar xam “Ishonmaymiz-u, lekin shunday bo‘lsa xam bir borib qo‘yaveraylik-chi” deb, folbinlar huzuriga boraverishadi. Bu ish ham mutlaqo noto‘g‘ri. Mo‘min kishi shariatimizda qaytarilgan ishlardan uzoqda yurishi lozim. Folga ishonmay turib, folbinning huzuriga chora izlab borish hech bir sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ أَتَى كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ بَرِئَ مِمَّا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صلى الله عليه وسلم وَمَنْ أَتَاهُ غَيْرَ مُصَدِّقٍ لَهُ
لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلاَةُ أَرْبَعِيْنَ لَيْلَةً
(رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim folbinga borib, uning gapiga ishonsa, Muxammad sallalloxu alayxi vasallamga nozil bo‘lgan narsadan ajrabdi. Kim uning xuzuriga kelsa-yu, gapiga ishonmasa, qirq kecha namozi qabul bo‘lmaydi” (Imom Tobaroniy rivoyati).
Haqiqiy mo‘min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozining qabul bo‘lmay qolishi – ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so‘rashning jazosidir. Uning aytganiga ishonadimi-yo‘qmi, buning farqi yo‘q. Ammo kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, imoniga putur yetgan bo‘lar ekan. Bundan Allohning O‘zi asrasin! Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ أَتَى كاهِناً فَسَأَلَهُ عَنْ شَيْءٍ حُجِبَتْ عَنْهُ التَّوْبَةُ أَرْبَعِينَ لَيْلَةً فَإِنْ صَدَّقَهُ بِمَا قالَ كَفَرَ
(رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عَنْ وَاثِلَةَ بْنِ الأَسْقَعِ رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim folbinning huzuriga borib, undan biror narsani so‘rasa, qirq kechagacha tavbasi to‘siladi. Agar folbinning gapiga ishonsa, kofir bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Hozirgi paytda fol ochishning turlari son-sanoqsiz bo‘lib ketdi. Karta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo‘lning kaftiga qarab turib, suratga qarab va hokazo... Bularning hammasi kufr ishlardir.
Sehr, folbinlik, ilgirlik kabi amaliyot bilan shug‘ullanishning har qanday turi harom hisoblanib, uni o‘rganish, o‘rgatish va shug‘ullanish qat’iyan taqiqlangan. Alloma Ibn Qudoma rahimahulloh: “Ilm ahli o‘rtasida ushbu hukm borasida xilof yo‘q”, – deb ta’kidlagan. Payg‘ambar alayhissalom shunday marhamat qiladilar:
مَنْ عَقَدَ عُقْدَةً ثُمَّ نَفَثَ فِيهَا فَقَدْ سَحَرَ، وَمَنْ سَحَرَ فَقَدْ أَشْرَكَ
(رَوَاهُ الإِمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim tugun tugib, unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi” ( Imom Nasaiy rivoyati).
Hanafiy mazhabining muhaqqiq ulamolaridan biri Muhammad Amin Ibn Obidin rahimahulloh folbinlikning hukmi haqida batafsil to‘xtalib o‘tib, quyidagicha xulosa qiladi:
وَالْحَاصِلُ أَنَّ الْكَاهِنَ مَنْ يَدَّعِي مَعْرِفَةَ الْغَيْبِ بِأَسْبَابٍ وَهِيَ مُخْتَلِفَةٌ فَلِذَا انْقَسَمَ إلَى أَنْوَاعٍ مُتَعَدِّدَةٍ... وَالْكُلُّ مَذْمُومٌ شَرْعًا، مَحْكُومٌ عَلَيْهِمْ وَعَلَى مُصَدِّقِهِمْ بِالْكُفْرِ ، وَفِي الْبَزَّازِيَّةِ : يَكْفُرُ بِادِّعَاءِ عِلْمِ الْغَيْبِ وَبِإِتْيَانِ الْكَاهِنِ وَتَصْدِيقِهِ ، وَفِي التَّتَارْخَانِيَّة : يَكْفُرُ بِقَوْلِهِ أَنَا أَعْلَمُ الْمَسْرُوقَاتِ أَوْ أَنَا أُخْبِرُ عَنْ إخْبَارِ الْجِنِّ إيَّايَ اهـ
ya’ni: “Xulosa qilib aytganda, folbin – turli vositalar bilan g‘aybni bilishini da’vo qiladigan shaxsdir. Vositalarning turlariga qarab, ular ham har xil bo‘ladi... Shariatda ularning barchasi qoralangan. Folbinlar va ularni tasdiqlaganlarga “kofir” deya hukm qilingandir. “Bazzoziyya”da: “Kishi – g‘ayb ilmini da’vo qilishi bilan va folbinning oldiga borib, so‘zini tasdiqlashi bilan kofir bo‘ladi”, – deyilgan. “Tatarxoniyya”da: “Folbin “O‘g‘irlangan narsalarni bilaman” deyishi, “Jinlarning menga aytgan xabarlarini sizlarga yetkazaman” deyishi bilan kofir bo‘ladi”, – deyilgan” (“Raddul-muhtor”, 16-juz, 310-bet).
Bugungi kunimizda ham aynan sehr va folbinlik kabi illatlar tufayli odamlar orasida fitna paydo bo‘lib, er-xotin, aka-uka, opa-singil, qo‘ni-qo‘shni, ovsinlar o‘rtasida shubha, gumon aralashib, oqibatda qarindosh-urug‘, qo‘shnichilik rishtalariga putur yetmoqda.
Muhtaram jamoat! Hozirgi kunda munajjimlar bashoratiga qarab ish rejalashtiradigan, ularning bashoratlariga ishonib, o‘z hayot tarzini olib boradigan kishilarning borligi achinarli hol, albatta. Bu borada Ibn Abbos raziyallohu anhumodan shunday rivoyat qilinadi:
" مَنِ اقْتَبَسَ عِلْمًا مِنَ النُّجُومِ اقْتَبَسَ شُعْبَةً مِنَ السِّحْرِ زَادَ مَا زَادَ "
(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُد وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَةْ وَالإِمَامُ أَحْمَدُ)
ya’ni “Kim yulduzlar ilmining bir bo‘lagini o‘rgansa, u sehr ilmining bir bo‘lagini o‘rgangan bo‘ladi. Qancha (yulduzlar ilmini) ko‘p o‘rgansa, shuncha (sehr ilmini) ko‘p o‘rgangan bo‘ladi” (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Borliqda yuz berayotgan hodisalar, inson hayotidagi o‘zgarishlar yulduzlar almashuvi sababli emas, balki Allohning bandalariga bo‘lgan ilmi, hikmatiga ko‘ra bo‘ladi. Jurnal va gazetalarda chop etilayotgan munajjimlar bashoratiga murojaat qilib, unga ishonish kishining imoniga putur yetkazib qo‘yishi mumkin.
Alloh taolo O‘ziga bo‘lgan imonimizni mustahkam qilsin! Barchamizni turli fitna va ofatlardan O‘z panohida asrasin! O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarga tavfiq bersin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “Haj va umra – muborak ibodat” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.
28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.
– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.
Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.
Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.
Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.
– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.
Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.
Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.
So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.
Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati