Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min mo‘minning birodaridir, hech bir holatda uning nasihatini yerda qoldirmaydi”. (“Jomi’ as-sag‘ir” 2/157), deb marhamat qilganlar.
Dinimizda mo‘minlar bir-birlari bilan aka-uka kabidirlar. Shunday ekan, mo‘minlar o‘rtasidagi haqiqiy munosabat tug‘ishgan birodarlari bilan qiladigan munosabati kabi bo‘lishi kerak. Hatto ziyodaroq bo‘lishi lozim. Shu sababdan birodarini sevmoq, unga go‘zal muomala qilmoq, uning oldida kamtar bo‘lmoq, o‘zining va aka-ukasining obro‘sini himoya kilgani kabi uning ham sharafini himoya qilmoq mo‘minlik, birodarlik shartlaridandir.
Bunday birodarlik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazratlari Madinaga borgan vaqtlarida sahobai kirom o‘rtasida tadbiq etilgan. Bunday samimiy birodarlikni dunyo bir marotaba ko‘rdi. Yana bir bor ko‘rishi, balki, faqat jannatda nasib etar. Chunki bu birodarlik Makkada bor-yo‘g‘ini qoldirib, faqat Allohning roziligi uchun hijrat qilgan makkalik muhojirlar bilan ularni quchoq ochib kutib olgan Ma-dina xalqi – ansorlar orasida yuzaga keldi. Islomga yordam berganlari uchun madinalik musulmonlar ansor – yordamchi deyildi. Madinalik ansor makkalik muhojir birodariga bor-yo‘g‘ini topshirib, haqiqiy birodarlik muomalasi qilgan bo‘lsalar ham, ahli Makka – muhojirlar o‘zlariga ko‘rsatilgan bu insoniy birodarlikka minnatdorlik bildirish bilan birga, birodarlariga ortiqcha yuk bo‘lmaslik uchun savdo-sotiq bi-lan shug‘ullana boshladilar. Biroz vaqtdan so‘ng esa ularning o‘zlari boshqa muhtojlarga yordam bera boshladilar. Muhojirlardan hazrati Abdurrahmon ibn Avf (Alloh undan rozi bo‘lsin) Shom safaridan kelgan savdo mollarini tuyalari bilan birga Madina kambag‘allariga ehson qilganlar.
Ma’lumki, inson nuqsondan xoli emas. Ammo musulmon o‘z birodaridagi ba’zi kamchiliklarni shartta yuziga solmaydi. Balki munosib bir vaqtda munosib bir zabon bilan hamda tanho bir joyda aytadi va nasihat qiladi. Birodarining xa¬toyu kamchiliklarini oshkor aytish johillarning harakatidir. Zero, buning foydadan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi. Chunki o‘rtada hasad, kin-adovat, janjallar kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun nasihat qiluvchilar, mutlaq tanho bir joyda, shirin til bilan o‘zining kamchiliklarini ham biroz misol keltirib, uni o‘zidan sovutib, uzoqlashtirmaydigan darajada o‘git berishlari lozim. Har holda, barchamiz nasihatga muhtojmiz.
Bir-birimizni to‘g‘ri kuzattan holda to‘g‘ri yo‘lga chaqirishimiz ham dinimiz amri, ham dunyoyu oxiratimizning saodati uchun zarurdir. Fayyozi Mutlaq hammamizga shunday go‘zal xulq egasi bo‘lmog‘imizni nasib aylasin.
Shayx Muhammad Zohid Qo‘tquning
“Mo‘minning sifatlari” kitobidan
Joriy yilning 12 mart kuni Qashqadaryo viloyati hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi hamkorlikda viloyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, mahallada va boshqa ijtimoiy obyektlarda ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, maktab o‘quvchilarini ilm-fan va kasb-hunarga qiziqtirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq tadbirlar o‘tkazildi.
Kunning birinchi yarimida Qarshi shahridagi “Asl” to‘yxonasida mahalla faollari, tadbirkorlar va aholi ishtirokida “Isrofgarchilik va dabdababozlik ijtimoiy illatlardir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov tomonidan bugungi kunda to‘y, ma’raka va marosimlardagi haddan oshishlar, Dinimizda asli yo‘q bo‘lgan “uch”, “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yil” va hokazo marosimlar, Eng achinarlisi, ibodatlarda ham dabdababozlikka berilish, ibodatlarni ko‘z-ko‘z qilish kabi illatlar haqida Qur’oni karim oyatlari, hadislar va hayotiy voqealardan misollar keltirib ma’ruza qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida Qarshi shahrida joylashgan 6-sonli maktab binosida ta’lim oluvchi o‘quvchilarning ota va onalari ishtirokida “Ilm va kasb hunar fazilati hamda ota-onalarning farzandlari oldidagi majburiyatlari” mavzusida suhbat o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati