Maqtovlar odamga xush yoqadigan, ammo salomatlikni izdan chiqaradigan, ruhiyatni aynitadigan illatdir. Uni xush ko‘radiganlar, bir fursat xuzur topganday bo‘ladilar.
Aslida maqtovlarni eshitayotgan chog‘da yurakning o‘ynog‘i boshlanadi. Yurak qon-tomir tizimidagi o‘zgarish butun vujudga tarqalib, eng avvalo, jigar faoliyatini buzadi. Bundan bosh og‘rig‘i boshlanadi. Xattoki, taloqning shamollashi, asab tolalarining mo‘rtlashuvi ro‘y beradi. Ovqat hazm bo‘lishi kiyinlashib, asabiylik holati kuchayadi.
Ayniqsa, ayollar maqtovga o‘ch bo‘lmasliklari kerak. Chunki maqtovlar, laganbardorlik bilan aytilgan shirin so‘zlar odamni injiq va izzattalab qilib qo‘yadi. Injiq odamga hech kim va hech nima yoqmaydi. Uning badaniga turli-tuman hastaliklar jamlana boshlaydi. Shu boisdan ular salomat bo‘la olmaydilar.
Kim sizni maqtay boshlasa, bunday suhbatdan o‘zingizni nariroq oling. Ular aslida, ruhiyatni izdan chiqarib, tanaga ko‘rinmas zahmatlarni xavfli raqiblardir. Sizni manman va maqtanchoqlikka moyillashtirib qo‘yishi hech gap emas.
Maqtanchoqlar o‘z sog‘ligi haqida qayg‘ura olmaydilar. Ko‘pdan-ko‘p bosh og‘rig‘i va qon bosimi hastaliklaridan qiynalib yashaydilar. Ularning chiroy-chimmati ham yo‘qola boradi. Boshqalarning bergan to‘g‘ri maslahatlarini ham qabul qilmaydilar va do‘stlarni ham qabul qilmaydilar va do‘stlarni ham dushman deb o‘ylaydilar. O‘ziga maqtov aytgan odamnigina do‘st deb biladilar. Ularning yuragi , oshqozoni, jigari, talog‘i xastadir. Sal narsaga jahli chiqib, atrofidagi odamlarni ham xunob qilib tashlaydi. Maqtovni yoki shirin so‘zlarni to‘g‘ri qabul qilmoq uchun ko‘ngil gavharini tiniq saqlamoq kerak.
Ruhiy poklanishni biling
Men sendan zo‘rman va zo‘rligimni ko‘rsatib qo‘yaman, tarzida ish tutishdan qon bosimi ko‘tarilib, miya zo‘riqib ishlaydi. Bunday pallada jigar, yurak, buyrak kabi a’zolarning faoliyatida keskin o‘zgarish, zo‘riqish ro‘y beradi. Ularning faoliyatini o‘z maromiga qaytarish oson kechmaydi. Ruhiyatga berilgan zo‘riqish turli-tuman kasalliklarni qo‘zg‘ab, birinchi navbatda yurakni hijil qiladi, aql-zakovatni o‘tmaslashtiradi. Og‘ir-bosiqlik bu qo‘rqoqlik emas, donolikdir.
Ubaydulloh To‘raqulov Buloqboshi tumani “Kulla” jome masjidi imom-noibi
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati