Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich kuyovlari
Abul Os ibn Robi’
“Abul Os menga faqat rost gapirdi. Va’da berib, va’dasiga vafo qildi.”
(Rosululloh sollallohu alayhi vasallam)
Abul Os ibn Robi’ Abshamiy[1] Qurayshiy barchaga birday manzur bo‘ladigan, juda ko‘rkam va navqiron yigit edi. Taqdir uni barcha na’matlar, shu jumladan oliy nasl nasab bilan ham siylagan edi. Shuning uchun u viqor, salobat, mardlik, vafo va ota bobolar merosini e’zozlashda arab yoshlariga namunaga aylandi.
Abul Os tijoratga muhabbatni ikki safar, ya’ni qishki va yozgi rihlat sohiblari bo‘lgan Qurayshdan meros qilib oldi. Uning ulovlari Makkadan Shomga tinimsiz borib kelardi. Karvonida yuzta tuya ikki yuzta odam bor edi. Mahorati, rostgo‘yligi va omonatdorligidan yaxshi xabardor bo‘lganligi uchun odamlar mollarini o‘zinikiga qo‘shib tijorat qilishi uchun unga olib kelib berar edi.
Xolasi, Muhammad ibn Abdullohning ayoli, Xadicha binti Huvaylid uni o‘z bolasidek yaxshi ko‘rar edi. Uni shunchalar yaxshi ko‘rganidan nafaqat qalbining to‘ridan, balki uyidan ham u uchun ma’lum joy ajratgan edi. Muhammad ibn Abdullohning ham Abul Osga muhabbati Xadicha binti Huvaylidnikidan kam emasdi.
Muhammad ibn Abdullohning xonadonida kunlar juda tez o‘tib, katta qizlari Zaynab balog‘atga yetdi va muattar bo‘yli atirgul kabi go‘zal bo‘lib voyaga yetdi. Quraysh ulug‘laridan ko‘pchiligining o‘g‘li unga sovchi qo‘ydi. Aksi ham bo‘lishi mumkinmi ?!. Axir u Quraysh qizlarining nasl-nasab va odob-axloq jihatidan eng peshqadami edi. Ammo ularga yo‘l qayda ?! Ular bilan Zaynabning o‘rtasini Makkaning eng zabardast yigitlaridan biri Abul Os ibn Robi’ to‘sib turardi.
Zayna binti Muhammad Abul Osga turmushga chiqqanidan sanoqli yillar o‘tib, Makka vodiylari ilohiy nur bilan munavvar bo‘ldi. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni hidoyat va haq din bilan Payg‘ambar qilib jo‘natdi va yaqin qarindoshlarini ogohlantirishni amr etdi. Ayollardan u zotga birinchi iymon keltirganlar, ayoli Xadicha, qizlari Zaynab, Ruqayya, Ummu Gulsum va Fotima edi. Garchi o‘sha paylari Fotima onamiz hali juda yosh bo‘lsalarda. Lekin kuyovlari Abul Os qizlari Zaynabni juda yaxshi ko‘rib, e’zozlasada, ota-bobolarining dinidan voz kechishni hohlamadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Quraysh o‘rtasida nizo kuchayib ketgach, ba’zisi ba’zisiga: “Sho‘ringiz qurisin, qizlarini o‘g‘lingizga olib berish bilan Muhammadning tashvishini yengillatib qo‘ydingiz. Agar qizlarini qaytarib yuborsangiz, ular bilan mashg‘ul bo‘lib, sizni unitadi” dedi. Ular: Bu qanday ham yaxshi fikr deyishdi va Abul Osning oldiga borib: Ey Abul Os xotining bilan ajrashib, uyiga qaytarib yubor. Quraysh ayollaridan hohlaganingni senga nikohlab beramiz deyishdi. U: Allohga qasamki, uning evaziga dunyoning barcha ayollarini taklif qilsangiz ham ayolimdan ajralmayman dedi. Biroq qizlari Ruqayya va Ummu Gulsum javobi berilib, uylariga olib kelib tashlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bundan xursand bo‘ldilar. Hatta Abul Os ham boshqa kuyovlari kabi ish tutishiin hohladilar. Ammo u ayolidan kechishga o‘zida kuch topa olmadi. Hali u payt muslima ayollarning mushriklarga nikohlanishi harom qilinmagan edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilib, u yerda musulmonlar soni orta boshlagach, Quraysh u zot bilan urishish uchun Badrda saf tortdi. Abul Os ham majburan ular bilan chiqdi. Chunki uni musulmonlar bilan urishishga hohishi ham, ularga yomonlik qilish niyati ham yo‘q edi. Lekin qavmi orasidagi mavqe’i uni ular bilan safarga chiqishga undadi. Badr Qurayshning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Bir qismi o‘ldirildi, bir qismi asirga tushdi va yana bir qismi qochib qutildi. Asirga tushganlar orasida Zaynab binti Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eri Abul Os ham bor edi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam asirlarga o‘zlarini ozod etishlari uchun tovon puli belgiladilar. Uni asirning qavmi orasidagi mavqe’i va boyligidan kelib chiqib, ming dirhamdan to‘rt ming dirhamgacha qilib tayinladilar. Elchilar asirlarni ozod etish uchun Makka bilan Madinani orasida qatnay boshlashdi. Zaynab ham elchisini eri Abul Osni ozod qilish uchun tavon puli berib Madinaga jo‘natdi. Yuborgan mollari orasiga Abul Osga turmushga chiqayotganda onasi, Xadicha binti Xuvaylid sovg‘a qilgan taqinchoqni ham soldi. Tiqinchoqni ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlarini chuqur qayg‘udan bo‘lgan shaffof parda qopladi. Qizlariga juda achindilar va sahobalariga qarata: “Zaynab Abul Osni tavoniga mana bu molni jo‘natibdi. Agar asirini qo‘yib yuborib, molini qaytarib berishni hohlasangiz, shunday qiling” dedilar. Sahobalar: Ha, ey Allohning Rosuli, siz uchun shunday qilamiz deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abul Osni qo‘yib yuborishdan oldin, qizlari Zaynabni darhol Madinaga jo‘natib yuborishni shart qilib qo‘ydilar. Abul Os Makkaga yetib borishi bilan va’dasiga vafo qilishga shoshildi. Xotiniga safarga tayorlanishni buyurib, otasining elchilari Makkadan uzoq bo‘lmagan joyda kutib turganini aytdi. Ayoli uchun ozuqa va ulovini tayyorlab, ukasi Amr Robi’ga uni birga olib borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning elchilarini qo‘liga topshirishni tayinladi. Amr bin Robi’ kamonini yelkasiga osib, o‘qdonini qo‘liga oldi va Zaynabni havdajga[2] o‘tqazib, kuppa-kunduzi, ochiqchasiga, Qurayshning ko‘z o‘ngida Makkadan chiqib keta boshadi. Buni ko‘rgan qavmni jahli chiqib ketdi va uzoqqa ketmasidan ularga yetib olib, Zaynabni qattiq qo‘rqitishdi. Shunda Amr kamonini tortib, o‘qdonini oldaga qo‘ydi va: Allohga qasamki, kim unga yaqinlashsa, ko‘ksiga o‘q joylayman dedi. U birorta o‘qi noto‘g‘ri ketmaydigan mergan edi. Shunda Abu Sufyon ibn Harb uning yoniga kelib: Ey birodarimning o‘g‘li, gaplashib olgunimizcha kamoningni tushirib tur, dedi. U kamonini tushirdi. Abu Sufyon: “Sen to‘g‘ri ish qilmayapsan... Zaynabni ochiqchasiga, hammaning ko‘z o‘ngada olib chiqding. Hammaning ko‘zi sizda. Badrda mag‘lubiyatga uchraganimiz va otasi Muhammad bizga qanday zarar yetkezganini arablarning barchasi bilib bo‘ldi. Agar uning qizini hozirgiga o‘xshab, ochiqchasiga olib chiqib katsang, boshqa qabilalar bizni qo‘rqoqlikda ayblashadi va bizni obro‘siz, xor deb bilishadi. Uni olib ortingga qayt va bir necha kun erining uyida qoldir. Odamlar Quraysh uni qaytarganini gapira boshlagach, oramizdan yashirincha olib chiqib, otasiga jo‘natasan. Uni ushlab turishga hech qanday ehtiyojimiz yo‘q.” Dedi. Amr rozi bo‘ldi va Zaynabni olib Makkaga qaytdi. Oradan sanoqli kunlar o‘tib, uni Makkadan olib chiqdi akasi aytganday va otasining elchilarini qo‘liga topshirdi.
Abul Os ayolidan ajraganidan keyin Makkada ancha vaqt turdi. Makka fathidan ozgini oldin Shomga tijorat bilan chiqdi. Yuzta tuya, bir yuz yetmishta odami bilan Makkaga qaytayotganida Madinaga yaqin joyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘shinlaridan biri unga ro‘para kelib, karvonini odamlari bilan asirga oldi. Abul Os esa qochib ketdi. Tun tushgach, Abul Os zulumat qo‘ynida Madinaga yashirincha kirib oldi va Zaynabni oldiga borib undan boshpana so‘radi. Zaynab unga omonlik berdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namoziga chiqdilar. Mehrobda turib endi takbiri tahrimani aytgan edilar, Zaynab ayollarning sufasiga chiqib, baland ovozda: “Ey insonlar, men Zaynab binti Muhammadman. Abul Osga omonlik berdim. Siz ham unga omonlik bering” dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam namozdan salom bergach, odamlarga qayrilib qaradilar va: Men eshitgan narsani sizlar ham eshitdingizmi ?! dedilar. Ular: Ha, ey Allohning Rasuli deyishdi. U zot: “Nafsim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, sizlar eshitgan narsani eshitmagunimcha bu gaplarning birortasidan ham bexabar edim. Musulmonlarning eng kichigi ham omonlik beradi” dedilar. So‘ngra uylariga kirdilar va qizlariga: Abul Osni hurmatini joyiga qo‘y. Ammo bilib qo‘y, sen unga halol bo‘lmaysan, dedilar. So‘ngra karvonni egallab, odamlarini asirga olgan qo‘shin odamlarni chaqirib ularga: Bu kishini bizga kim ekanini yaxshi bilasiz. Agar unga yaxshilik qilib, molini qaytarib bersangiz, bizni xursand qilgan bo‘lasiz. Ular: Moliin qaytarib beramiz ey Allohning Rosuli deyishdi. U molini olish uchun kelganida ular: “Ey Abul Os, albatta sen Qurayshning obro‘li odamisan. Shu bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakisining o‘g‘li va kuyovi bo‘lasan. Musulmon bo‘lmaysanmi, biz senga bu molning hammasini qaytarib beramiz. Makka ahlining mollarini olib qolib huzur-halovatda, biz bilan Madinada yashaysan deyishdi. U: meni naqadar yomon ishga, yangi dinimni xiyonat bilan boshlashga chaqirayapsiz!.” dedi.
Abul Os karvon va undagi mollarni olib Makkaga qaytdi va barcha haqdorlarga haqqini ado qilib bo‘lgach: “Ey Quraysh jamoasi, orangizda mendan molini olmagan biror kishi qoldimi ?” deb so‘radi. Ular: Yo‘q, Alloh seni yaxshilik bilan mukofotlasin. Seni vafodor, ulug‘ kishi ekaningga yana bir bor amin bo‘ldik deyishdi. U: “Haqlaringizni ado qilib bo‘ldim. Mana endi, Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad Allohning Rasuli deb guvohlik beraman... Allohga qasamki, Madinada Muhammadning huzurida musulmon bo‘lishimdan, mollarimizni yeb ketishni iroda qilgan deb o‘ylashingiz to‘sgan edi. Mollaringizni qaytarib, zimmamdagi mas’uliyatdan qutilganimdan so‘ng musulmon bo‘ldim” dedi. So‘ngra chiqib Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jo‘nadi. U zot Abul Os ibn Robi’ni ehtirom bilan kutib oldilar va jufti haloli Zaynabni qaytarib berdilar va u haqida ko‘pincha: “Abul Os menga faqat rost gapirdi. Va’da berib, va’dasiga vafo qildi.” Der edilar.[3]
Manbalar asosida
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,
“Islom nuri” jome masjidi imom xatibi A. Sobirov.
[1] Abdushshams qabilasiga mansub.
[2] Tuya ustiga o‘rnatilgan ayollar taxtiravoni. O Yusupov. An-na’im 872-bet.
[3] Doktor Abdurrohman Ra’fat. Suvarun min hayatis sahaba 388-395-betlar.
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV