Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Beqaror taqdir sabab bizga ta’na etganlarga ayting:
Qo‘rquvga qalbi to‘lgangina qismatga qarshi chiqmasmi?!
Doimo savob umidida bo‘ling. Chunki g‘am-tashvish yoki mahzunlik yetsa bilingki, u gunohlaringizga kafforot bo‘lmoqda. Agar siz biror farzandingizni yo‘qotsangiz, bilingki, u Qiyomat kuni sizga shafoatchi bo‘ladi. Agar sizga biror kamchilik yoki biror kasallik yetsa, bilingki, u Allohning huzurida ajr-mukofotga aylanib turibdi. Ochlik o‘z evazi bo‘lgan ajri, kasallik o‘z savobi va faqirlik esa o‘z mukofoti bilan U zotning huzurida saqlanib turibdi. Uning huzurida hech narsa zoye bo‘lmaydi, barchasini saqlaydi. Bu xuddi omonatni saqlab uni oxiratda egasiga qaytarish kabi amalga oshadi.
Shu’la: Namoz – ko‘ngilni xotirjam qilish va g‘amlarni daf etish kafilidir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan