Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿إِنَّ اللَّهَ ومَلَئِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ﴾
"Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar" (Ahzob surasi, 56-oyat).
Bu oyati karimadagi إِنَّ (inna) lafzi ta’kid uchun kelgan. Undan keyingi fe’l esa hozirgi va kelasi zamonni bildirib, doimiylikni anglatadi, ya’ni Alloh taolo va Uning farishtalari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga har doim salavotu salom aytib turadilar.
"Ruhul-bayon" kitobining muallifi bu oyat tafsirida bunday yozadilar: "Alloh taoloning u zoti sharifga durud yuborishidan ko‘zlangan ma’no – u zotga "Maqomi mahmud"ni ato etishidir. Farishtalarining durud yuborishidan maqsad esa u zotning darajalari va martabalarini baland bo‘lishini so‘rab duo qilishlaridir. Mo‘minlarning durud yuborishlaridagi ma’no u zoti sharifning go‘zal xulqlarini yod etib, u zoti sharifni ta’riflash uchundir".
Bu oyatlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa qanchalik mahbub ekanliklarining belgisidir. Modomiki Alloh taolo u zotni shu darajada sevar ekan, biz mo‘minlarda ham u zotning muhabbati bo‘lmog‘i lozim.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi