Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shoyad, bugun boshimga tushgan bu g‘am,
Kun kelar ortidan bo‘lib shodu hurram.
Biror foydali kitob o‘qish yoki foydali narsalar eshitish orqali o‘z ustingizda ishlang va tajribangizni oshiring. Qur’oni karimning muattar tilovatlarini jim sokinlik bilan tinglang. Gohida birgina oyat sizning vujudingizni tebratishi, ich-ichingizgacha yetib borishi va vijdoningizga xitob qilishi mumkin.
Hadis kitoblarini mutolaa qiling, suyukli Habibimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini o‘qing va solihlar gulshaniga sayr eting. Aslida, sizning davoingiz Qur’on va sunnatda, rohatingiz iymonda, ko‘z quvonchingiz namozda, qalbingiz salomatligi rozilikda, ko‘nglingiz xotirjamligi qanoatda, yuzingiz go‘zalligi tabbasumda, nomusingiz himoyasi iffatda va qalbingiz xotirjamligi zikrdadir. Buni aslo unutmang.
Shu’la: Mazlumning duosi va bechorahol kishining ko‘z yoshidan ehtiyot bo‘ling.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan