O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabiga 2019-2020 o‘quv yili bo‘yicha o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun joriy yilning 17-29 iyun kunlari mobaynida Toshkent islom institutida bepul tayyorlov kursi tashkil etiladi.
Tayyorlov kursi uchun abituriyentlardan hujjatlar 2019 yilning 11 iyunidan 15 iyunigacha qabul qilinadi.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
- pasport nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
- o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini bitirganligi haqida hujjat nusxasi;
- 4 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi).
Tayyorlov kursi quyidagi fanlardan bo‘lib o‘tadi:
- Hadis istilohlari;
- Hadis sharhlari;
- Arab tili.
Eslatma: Tayyorlov kursi ishtirokchilari yotoqxona bilan ta’minlanmaydi.
Manzil: Toshkent islom instituti.
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘cha, 47-uy.
Tel: (0371) 227-23-47
O‘MI Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati