O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabiga 2019-2020 o‘quv yili bo‘yicha o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun joriy yilning 17-29 iyun kunlari mobaynida Toshkent islom institutida bepul tayyorlov kursi tashkil etiladi.
Tayyorlov kursi uchun abituriyentlardan hujjatlar 2019 yilning 11 iyunidan 15 iyunigacha qabul qilinadi.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
- pasport nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
- o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini bitirganligi haqida hujjat nusxasi;
- 4 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi).
Tayyorlov kursi quyidagi fanlardan bo‘lib o‘tadi:
- Hadis istilohlari;
- Hadis sharhlari;
- Arab tili.
Eslatma: Tayyorlov kursi ishtirokchilari yotoqxona bilan ta’minlanmaydi.
Manzil: Toshkent islom instituti.
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘cha, 47-uy.
Tel: (0371) 227-23-47
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Malaka oshirish instituti rahbariyati va respublikaning turli hududlaridan kelgan imom-xatiblar bordi. Ushbu tashrif “Uchinchi Renessans chorrahasi” qo‘shma dasturi doirasida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarining muhim qismiga aylandi.
Mehmonlar uchun tashkil etilgan maxsus ekskursiya davomida Markazning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mutaxassislar imom-xatiblar bilan diniy-ma’rifiy sohada zamonaviy ta’lim usullarini qo‘llash va kadrlar salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Tashrifning eng hayajonli qismi markaz ekspozitsiya zallari bilan tanishuv bo‘ldi. Imom-xatiblar islomdan avvalgi davrdan boshlab, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid noyob qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar va nodir tarixiy manbalarni ko‘zdan kechirdi. Ayniqsa, markazdagi zamonaviy interaktiv texnologiyalar — sun’iy intellekt yordamida tiklangan allomalar siymosi va multimediyaviy namoyishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir davomida qadimiy tangalar, kulolchilik namunalari va tarixiy yodgorliklar maketlari orqali xalqimizning boy tarixi yana bir bor yodga olindi.
Tashrif yakunida mehmonlar markaz kutubxonasidagi noyob ma’naviy xazina bilan tanishib, Namangan viloyati bosh imom-xatibi birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramovning diniy islohotlar va imomlarning bugungi kundagi mas’uliyati haqidagi fikrlarini tingladi.
Mazkur tashrif diniy soha xodimlarining ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish va yurtimizning boy merosini targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati