O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga 2019-2020 o‘quv yili uchun qabul e’lon qiladi.
Hadis ilmi maktabi
Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy ta’lim beruvchi ta’lim muassasasi hisoblanadi. Maktabda o‘qish muddati 5 yil, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabda “Hadisshunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi.
Maktabga 2019-2020 o‘quv yili bo‘yicha 10 nafar talaba qabul qilinadi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari tanlov asosida saralab olinadi.
Hadis ilmi maktabiga qabul 2019 yilning 15 iyunidan 5 iyulgacha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
- qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
- o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini bitirganligi haqida hujjat (diplom) asl nusxasi;
- pasport nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
- 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
- yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma (joriy yilda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilar ta’lim muassasasi rahbaridan tavsiyanoma oladi).
Qabul imtihonlari quyidagi fanlardan bo‘lib o‘tadi:
- Hadis va Mustalahul hadis (og‘zaki, ijodiy imtihon);
- Arab tili (og‘zaki, ijodiy imtihon);
- O‘zbekiston tarixi (test sinovi).
Hujjatlar Hadis ilmi maktabi binosida qabul qilinadi.
Manzil: Samarqand viloyati, Payariq tumani, Ho‘ja Ismoil shaharchasi.
Tel: (0366) 240-20-51
Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasi
Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasiga 2019 yilning 15 iyunidan 15 iyulgacha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
- qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
- o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini bitirganligi haqida hujjat (diplom) asl nusxasi;
- pasport nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
- 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
- yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma (joriy yilda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilar ta’lim muassasasi rahbaridan tavsiyanoma oladi).
Qabul imtihonlari quyidagi fanlardan bo‘lib o‘tadi:
- Fiqh va aqoid (test sinovi);
- Arab tili (og‘zaki, ijodiy imtihon);
- O‘zbekiston tarixi (test sinovi).
Manzil: Toshkent islom instituti.
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘cha, 47-uy.
Tel: (0371) 227-23-47
Manzil: Mir Arab oliy madrasasi.
Buxoro viloyati, Kogon tumani, Qasri Orifon qishlog‘i.
Tel: (+99895) 604-45-97
Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasiga o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolari qabul qilinadi.
O‘rta maxsus islom bilim yurtlari
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga 2019 yilning 15 iyunidan 5 iyulgacha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
- qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
- umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tugatganligi haqida hujjat (diplom) asl nusxasi;
- pasport nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);
- 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
- yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma.
Qabul imtihonlari quyidagi fanlardan bo‘lib o‘tadi:
- Xorijiy til (test sinovi);
- Tarix (test sinovi);
- Ma’naviyat va ma’rifat (test sinovi).
O‘rta maxsus islom bilim yurtlariga umumiy o‘rta ta’lim ma’lumoti to‘g‘risidagi shahodatnoma (11-sinf), akademik litsey yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolari qabul qilinadi.
Oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlari telefon raqamlari
1. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Toshkent sh., (0371) 227-23-47; (0371) 227-42-37;
2. “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Toshkent sh., (0371) 244-48-27;
3. “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti, Toshkent sh., (0371) 299-24-11;
4. Hadis ilmi maktabi, Samarqand viloyati, Payariq tumani, Ho‘ja Ismoil sh., (0366) 240-20-51;
5. “Mir Arab” oliy madrasasi, Buxoro viloyati, Kogon tumani (+99895) 604-45-97;
6. “Mir Arab” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Buxoro sh., (0365) 224-10-11;
7. “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti, Buxoro sh., 221-77-44;
8. “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Kitob shahri (0375) 54-27-425;
9. “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Andijon sh., (0374) 228-00-91;
10. “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Namangan shahri (0369) 226-60-60;
11. “Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Urganch sh., (+99895) 606-92-55, (+99895) 602-92-57;
12. “Muhammad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Nukus sh., (0361) 229-03-26, 229-03-20.
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi