Davlatimiz rahbarining 2017 yil 28 fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq to‘qimachilik, farmatsevtika va elektrotexnika mahsulotlari, tomchilab sug‘orish uskunalari, plastmassa quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi, baliqchilik va turizmni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyatlar ishga solindi.
2019 yilda Mo‘ynoq tumanida yana ko‘plab - sanoat sohasida 12 ta, qishloq xo‘jaligida 5 ta, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 14 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha obyektlari qurish va ta’mirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan.
Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan asli shu - Mo‘ynoq aholisi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak, degan edi.
Shu bois Prezidentimiz kelgusi ikki yilda Mo‘ynoqda 20 ta ko‘p qavatli uy qurish, yangi shaharcha barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu yerda zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy infratuzilma yaratish zarurligini ta’kidladi.
Mana ushbu topshiriqlardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda Mo‘ynoq tumanidagi «To‘qmoq ota» jome masjidining imoratini zamonaviy shaharsozlik asosida qayta qurishga ruxsat olgan edi.
6-iyun kuni Mo‘ynoq tumani hokimiyati, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti vakillari, tuman nuroniy va aholisi ishtirokida «To‘qmoq ota» jome masjidining yangi imoratining birinchi g‘ishtini qo‘yish marosimi bo‘ldi. Unda Mo‘ynoq tumani hokimi S.Daniyarov va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Sh.Bauatdinovlar ishtirok etdi.





Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti matbuot xizmati
Joriy yilning 8 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda institut talabalari va bitiruvchilarining Qashqadaryo viloyatidagi diniy muassasalarda malakaviy amaliyot o‘tashlari uchun qulay sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Uchrashuv davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ushbu memorandum ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov esa vohada faoliyat yuritayotgan diniy xodimlar, xususan, imom-xatiblarning katta qismi Toshkent islom instituti bitiruvchilari ekanini qayd etib, ta’lim va tarbiya jarayonlarida oliy mahad ustozlari bilan izchil hamkorlik qilib kelinayotganini aytib o‘tdi.
Memorandum doirasida, shuningdek, hududlardagi o‘quv kurslari samaradorligini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati