Hikoya qilinishicha, bir kishi o‘zining baxil o‘rtog‘inikiga mehmonga bordi. Uy egasi o‘g‘lini chaqirib, “O‘g‘lim, uyimizga biz uchun aziz bo‘lgan do‘stimiz mehmon bo‘lib keldi. Qassobga borib, bizga yarim kilo eng yaxshi go‘shtdan olib kel” dedi. Bola qassob oldiga ketdi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib quruq qo‘l bilan qaytib keldi. Otasi undan “Go‘sht qani?” deb so‘radi.
Bola: “Qassobga borib, “Bizga eng yaxshi go‘shtdan berar ekansiz” dedim. U menga “Senga sariyog‘dek go‘sht beraman” dedi. Men o‘zimcha “Agar u shunday qiladigan bo‘lsa, nega go‘sht o‘rniga sariyog‘ olmayin?!” dedim-da, baqqol yoniga ketdim.
Borib, “Bizga eng yaxshi sariyog‘ingizdan berar ekansiz” dedim. U “Men senga asaldek sariyog‘ beraman” dedi. O‘zimcha “Agar shunday qiladigan bo‘lsa, yaxshisi asal ola qolaman” deb o‘yladim. Shu o‘y bilan asalfurushga ketdim.
Borib, “Bizga eng yaxshi asaldan berar ekansiz” dedim. Sotuvchi “Men senga musaffo suvdek asal beraman” dedi. O‘zimcha “Agar shunday qiladigan bo‘lsa, uyimizda musaffo suv bor-ku” dedim-da, hech narsa olmay keldim” deb javob berdi.
Ota o‘g‘lining gaplarini eshitgach, “Naqadar aqlli bolasan. Lekin bir narsani o‘ylamabsan. Bir do‘kondan boshqasiga borguningcha poyabzaling eskirgandir” deganda, o‘g‘li “Otajon, men mehmon amakining poyabzalini kiyib borib-keldim” dedi.
Bola baxillikda otasidan ham o‘tib ketgan edi. Bu esa noto‘g‘ri, xunuk tarbiyaning oqibatidir.
Ha, farzandlar ota-onalari qanday tarbiya qilsa, nimalarga odatlantirsa, shunday tarbiya topib ulg‘ayishadi. Shuning uchun ota-ona farzandlariga go‘zal axloqni o‘rgatishlari, o‘zlari bu borada namuna bo‘lishlari kerak.
“Vaziyatlarni boshqarish san’ati” kitobidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH