Tanlovga!
Laylatul qadr - yil davomidagi eng afzal kecha...
Alloh taolo bu kechani oylar sultoni Ramazon oyiga xosladi va bu kechada Qur’oni Karimni O‘z Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qila boshladi. Alloh taolo “Qadr” surasida aytadiki:
“Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadrda tushirdik” (1-oyat)
Mana shu oyati karima ham qadr kechasining qadri qanchalik ulug‘ ekanini ko‘rsatadi.
Lekin Alloh subhanahu va taolo bu kechani barcha insonlardan sir tutdi.
Ulamolarimiz bu sir tutishlikning bir necha sabablari bor ekanligini aytishadi.
Quyida ularning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
- Imom Faxr ar-Roziy rohimahulloh o‘zlarining ”Tafsiyul kabir” kitoblarida shunday deganlar: ”Alloh taolo bu kechani bir necha sabablar tufayli maxfiy qildi.
Birinchi sabab: Alloh taolo ba’zi bir narsalarni yashirgani kabi u kunni ham yashirdi.
Misol uchun, bandalarini barcha toat-ibodatiga undash uchun o‘z roziligini toatlariga, barcha gunohlardan saqlanishlari uchun g‘azabini ma’siyatlarga, insolar barchalari bir birlarini hurmat qilishlari uchun o‘z valiylarini insonlar ichiga va ko‘proq duo qilishlari uchun esa ijobatini duolarga yashirib qo‘ydi. Shu bilan birga, barcha ismlarini ulug‘lashlari uchun ”Ismi A’zam”ini, barcha namozlarga e’tiborli bo‘lishlari uchun ”o‘rta namoz”ni, ko‘proq tavba qilishlari uchun tavbalarining qaysi biri qabul bo‘lganini va doim xavfda bo‘lishlari uchun o‘lim vaqtini maxfiy qildi. Xuddi shuningdek, Ramazonning barcha kunlarini g‘animat bilishlari uchun bu kechani ham maxfiy qildi.
Ikkinchi sabab: Alloh taolo bu kechani yashirgani sababi o‘laroq aytadiki: Agar siz bandalarimni gunohga bo‘lgan ju’ratingizni bila turib, bu kechani ma’lum bir kunga ta’yin qilganimda va sizlar nafsingizni gunohga undashi tufayli ana shu kunda gunoh qilib qo‘ysangiz. Va natijada, bilib turib qilgan gunohingiz, bilmay qilgan gunohingizdan og‘irroq bo‘lar edi. Ana shu sabaddan, men sizlarga bu kechani sir tutdim.
Uchinchi sabab: Bandam bu kechani izlab topishga harakat qilib, shu qilgan sa’y-harakati sababli savobga erishishlari uchun bu kechani maxfiy qildim.
To‘rtinchi sabab: Qachonki banda Laylatul qadr qaysi kun ekanini bilmasa, Ramazonning har bir kechasi qadr kechasi bo‘lishi mumkin deb har bir kechani toat ibodat bilan o‘tkazadi va Alloh taolo bunday bandasi bilan farishtalarga maqtanadi va ularga “sizlar “yerda fasod tarqatib qon to‘kadigan kimsani yaratasanmi?”- degan edingizmi?” - deb aytadi va ko‘rib qo‘yinglar deydi.
Alloh taolo barchamizni shunday ulug‘ kechaga yetishni va ko‘plab ajrlarga erishishimizni nasib qilsin.
Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Toshkent Islom instituti 2-kurs talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Qur’on tinchlikka buyuradi» shiori ostida Samarqand shahridagi "Obi Rahmat" jome masjidida Qur’on musobaqasi tashkil etildi. Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, qiroat va tajvid ilmlarini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu xayrli tadbirning saralash bosqichlaridan o‘tgan ishtirokchilar «Hifz» va «Mujavvid» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar:
«Hifz» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Asqar Tursunov (Samarqand shahri, «Muhammadamin ota» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Abduvakil Olimov (Urgut tumani, «G‘avsul A’zam» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Shavkat Mahmudov (Narpay tumani, «So‘fi Ziyrak» masjidi imom-xatibi).
«Mujavvid» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Zikrullo Matlabov (Samarqand shahri, «Xo‘ja Abdu Darun» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Burxoniddin Tursunov (Nurobod tumani, «Jom ota» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Isomiddin Isayev (Paxtachi tumani, «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi imom-xatibi).
Qo‘shimcha nominatsiyalar:
«Eng ta’sirchan tilovat»: O‘tkir Abdullayev (Pastdarg‘om tumani);
«Eng go‘zal tilovat»: Sardorxon Sobirov (Samarqand tumani);
«Tajvid qoidalariga eng mukammal rioya qilgan ishtirokchi»: Yusufxon Nizomov (Samarqand shahri).
Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining diplomlari va «Vaqf» fondi filiali tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati