Tanlovga!
- Hukmi va lug‘aviy - istilohiy ma’nolari.
E’tikof - nazr qilingan bo‘lsa vojib, Ramazonning ohirgi o‘n kunligida bo‘lsa sunnati muakkada va bundan boshqa kunlarda esa mustahab hisoblanadi.
E’tikof - lug‘atda ”turish” va ”bir narsada davomiy bo‘lish” degan ma’noni anglatadi.
Shariatda esa besh vaqt namoz jamoat bo‘lib o‘qiladigan masjidda ibodat niyati bilan turishlikka e’tikof deyiladi.
* Ayollar uylarida namoz uchun ta’yin qilingan masjidlarida e’tikof o‘tiradilar. Ularning masjidda o‘tirishlari makruhi tanzihiy hisoblanadi.
- E’tikofning foydalari.
E’tikof o‘tiruvchi Robbisiga ibodat qilish uchun holi qoladi. Va natijada u yerdagi vaqtini farz namozlarini kutish, masjiddagi ilm majlislariga qatnashish, zikrlar qilish, Quron tilovat qilish va tungi namozlar o‘qish bilan o‘tkazadi.
Balki, o‘sha e’tikof o‘tirgan kunlarida Alloh taolo uni ming oydagi ibodatlardan ko‘ra ko‘proq savob beradigan ”Qadr” kechasini topishni muvaffaq qilsa...
- E’tikofni buzuvchi amallar.
1) Jamoat namozi kabi shar’iy ehtiyojlarsiz masjiddan chiqishlik. Agar u e’tikof o‘tiriladigan jamoat masjidida o‘tirmagan bo‘lsa jamoat namozi uchun chiqish mumkin.
2) Katta-kichik hojatlar va ehtilom sababli g‘usl qilish kabi tabiiy ehtiyojlarsiz masjiddan chiqishlik.
* Agar masjidda g‘usl qilish imkoni bo‘lsayu, u g‘usl uchun tashqariga chiqsa ham e’tikofi buziladi.
3) O‘ziga ziyon yetishidan qo‘rqishi va e’tikof o‘tirgan masjidi buzilib ketishi kabi zaruriy ehtiyojlarsiz masjiddan chiqishlik ham e’tikofini buzadi.
4) Ayoli bilan yaqinlik qilish va uning davoi’yalri ( ya’ni jimoni keltirib chiqaradigan amallar)ni qilish, agar inzol bo‘lsa, u ham e’tikofini buzadi. Chunki, Alloh taolo:
وَلَا تُبَاشِرُوهُنَّ وَأَنتُمْ عَاكِفُونَ فِي الْمَسَاجِدِ
“Masjidlarda, e’tikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmang”- degan. ( Baqara surasi 187-oyat)
* * *
- E’tikofning shartlari.
E’tikof durust bo‘lishi uchun quyidagilar shart qilinadi:
1) Islom. E’tikof kofir kishidan o‘tmaydi. Chunki, e’tikof iymonning bir bo‘lagi hisoblanadi.
2) Aql va balog‘at. E’tikof aqlini yo‘qotgan jinni va ”oq-qora”ni ajrata olmaydigan yosh boladan o‘tmaydi. Chunki, bular ibodat ahlidan hisoblanmaydi.
* Agar yosh bola ”oq-qora”ni ajarta oladigan bo‘lsa, uning e’tikofi durust bo‘ladi.
3) Masjid. E’tikofni uyda qilib bo‘lmaydi. Faqatgina ayollar uylarida namoz uchun ta’yin qilingan masjidlarida e’tikof o‘tirishlari mumkin.
4) Niyat. E’tikof faqatgina niyat bilangina durust bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: ”Amallar niyatga bog‘liqdir. Har bir kishi uchun niyat qilgani bo‘ladi”. Chunki, bu namoz, ro‘za va boshqa ibodatlar kabi niyat bilan durust bo‘ladigan haqiqiy ibodat hisoblanadi.
5) Ro‘za. Agar e’tikof nazr qilingan bo‘lsa, ro‘za shart hisoblanadi. Undan boshqa nafl e’tikoflarda shart emas.
6) Poklik. Janobat va xayz-nifos kabi narsalardan pok bo‘lishi lozim.
7) Ayol kishi uchun erining ruxsati. Ayol kishining erining ruxsatisiz o‘tirgan e’tikofi durust hisoblanmaydi. Agar u nazr qilingan e’tikof bo‘lsa ham erining ruxsati shart bo‘ladi.
* * *
E’tikofning odoblari
1) E’tikof o‘tirgan kishi ertayu-kech ibodat bilan bo‘lishi, Qur’on qiroati va zikrlar qilish, osmonlaru- yerlarning mulklari va Alloh taoloning hikmatlarini tafakkur qilish, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga salovat va salomlar yo‘llash, Qur’on tafsiri, hadis, siyrat, payg‘ambarlar tarixi, o‘tgan solihlar hayotini o‘rganish va masjiddagi ilmiy darslarda qatnashish mustahab hisoblanadi.
2) Nazr e’tikofidan tashqari har qanday e’tikofda ro‘zador bo‘lish sunnat hisoblanadi. Chunki, nazr e’tikofida ro‘zador bo‘lish shart hisoblanadi.
3) E’tikofni oylarning eng afzali bo‘lmish ramazoni sharif oyida qilish yaxshi amal hisoblanadi. Ayniqsa, ohirgi o‘n kunligida qilish afzal hisoblanadi. Chunki, u kunlarda ming oydan afzal bo‘lgan ”Laylatul qadr” kechasi bor. Shuningdek, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ham shu kunlarda e’tikof o‘tirar edilar.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: "كَانَ رَسُولُ اللهِ ﷺ إِذَا دَخَلَ العَشْرُ أَحْيَى اللَّيْلَ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ، وَشَدَّ المِئْزَرَ"
Oyisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning ohirgi o‘n kunligi kirganda kechalarni bedor o‘tkazar, ahllarini ham uyg‘otar va izorlarini shimarar edilar”. (Imom Muslim rivoyati).
Ba’zilar hadisdagi «izorlarini shimarar edilar » degan gapni, ibodatga ko‘proq vaqt bo‘lishi uchun ayollaridan tiyilar edilar deb tafsir qilishgan. Ba’zilar esa ibodatga qattiq kirishganlaridan kinoya tarzda keltirilyapti deganlar.
4) Iyd kechasi e’tikof o‘tirish ham mandub amallardan hisoblanadi. Qachonki, e’tikof o‘tirgan masjididan Iyd namozi o‘qiladigan namozgohga chiqish uchun e’tikofini Iyd kunigacha uzaytiradigan bo‘lsa, u kishi ibodatni ikkinchi ibodatga qo‘shgan bo‘ladi. Bu esa yaxshi amallarda bardavom bo‘lish hisoblanadi. Iyd kechasini bedor o‘tkazishning fazli borasida Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ”Kimki holis Alloh uchun Iyd kechasini qoyim qiladigan bo‘lsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmaydi”. Ya’ni Alloh taolo u kishini o‘lim to‘shagida yotgan paytda, qabrdagi va qiyomat kunidagi so‘roq-savol paytida iymonda sobit qadam qiladi.
Alloh taolo barchamizni bu kunlarni g‘animat bilish va ko‘plab savoblarga erishib, gunohlarda poklanishni nasib qilsin.
"Fiqhul Hanafiy fi savbihil jadid" va ”Fiqhul Islamiy va adillatuhu”kitobi asosida tayyorlandi.
Toshkent Islom instituti 2-kurs talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin
Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov raisligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakilligining majlislar zalida viloyatdagi imom-xatiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Xatamov Jamshed Muxtorovich ishtirok etdi. Unda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.
Yig‘ilishda imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘z ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ehtiyojlarini qondirish uchun tinimsiz izlanib, xizmat qilishlari zarur ekani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, imomlar hududlardagi MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, hojilar bilan birgalikda yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarning oldini olish, keksalarni hurmat qilish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish, yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha birdek mas’ulligi kabilarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlandi.









O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati