Tanlovga!
Hadisi shariflarda ro‘zaning fazli va uning foydalari go‘zal tarzda ifoda etilgan. Xususan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ro‘za qalqondir». Hadisi sharifdan ro‘zaning qalqon ekanligi ayon bo‘lmoqda, ammo bir savol tug‘ilishi mumkin: Ro‘za nimadan qalqon bo‘ladi? Muhaddis ulamolar bu savolga bir qancha javoblar berishgan.
Hadisi sharif boshqa roviylar tarafidan ham rivoyat qilingan. Ularning ba’zilarida «do‘zaxdan qalqondir», ba’zilarida esa «modomiki, g‘iybat bilan u (qalqon)ni teshib qo‘ymas ekan» ma’nosidagi ziyodaliklar mavjud. Bulardan hadisdan ro‘zaning do‘zaxdan qalqon ekanligi iroda qilinganini tushunish mumkin. Ushbu javobni buyuk muhaddis ulamolardan biri Ibn Abdulbar aytganlar.
«Nihoya» kitobining sohibi Ibn Asir Jazariy ushbu hadisni quyidagicha sharhlaganlar: «Ro‘zaning qalqon ekanligi u o‘z sohibini unga aziyat beradigan shahvatlardan himoya qilishi ma’nosidadir».
Shoh Valiyulloh Dehlaviy esa shunday deydilar: «Ro‘za qalqon, chunki u insonni shayton va nafsning yomonligidan himoya qiladi, u ikkisini insondan uzoqlashtiradi va ularga qarshi chiqadi. Shuning uchun yomon so‘zlar va amallardan tilni pok saqlash bilan ro‘zaning qalqonlik ma’nosini mukammal qilish uning haqqi sanaladi. Bu ma’noga hadisi shariflarda ham ishoralar mavjud».
Yuqoridagi sharhlar zohiran qaraganda bir-biriga teskaridek tuyuladi, ammo aslida ular bir-biriga zid emas, balki ular biri boshqasini qo‘llaydigan ma’nodadir. Abu Bakr Ibn Arabiy barcha ma’nolarni jamlaydigan tarzda shunday sharh berganlar: «Ro‘za do‘zaxdan saqlovchi qalqondir. Chunki, u nafs shahvatlaridan tiyilishdir, do‘zax esa (hadisi sharifda zikr etilganidek) shahvatlar bilan o‘rab qo‘yilgan. Xulosa shuki, ro‘za bu dunyoda turli xil shahvatlardan to‘suvchi ekan oxiratda do‘zaxdan qalqon bo‘ladi». Demak, biz ro‘za tutish bilan gunohlardan tiyilsak va qalqonimizga turli xil shikastlar yetishidan saqlansak u oxiratda bizdan do‘zax olovini to‘sadi. Bu esa biz orzu qilgan eng ulkan yutuqdir. Alloh barchamizga tutayotgan ro‘zalarimiz oxiratda qalqonimiz bo‘lishini nasib aylasin!
«Fathul mulhim» kitobi asosida
Iysoxon Yahyo tayyorladi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi