Tanlovga!
Ko‘pchilik insonlar kunduzi turli xil kasb va tijoratlari bilan band bo‘lishadi. Tabiiyki, Ramazonda ham bu holat davom etadi va bunga kechalari taroveh namozlarini ado etish ham qo‘shiladi. Natijada, ko‘pchilik toliqadi, saharlikka turishga qiynaladi va saharlikka turmasdan ham ro‘za tutish mumkin yoki mumkin emasligi haqida savollar berishadi. Aslini olganda ulamolarimiz bir inson uxlab qolib yoki boshqa bir sababli saharlik qilolmay qolsa tutgan ro‘zasi ro‘za bo‘laverishini aytishgan, ammo e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan boshqa bir jihat ham mavjud. Biz mo‘minlar o‘zimiz uchun yuksak namuna bo‘lgan Zot – suyukli Habibimizga ergashish, sunnatlarini mahkam tutishga buyurilganmiz. U zot esa bizga saharlik qilishimizni buyurganlar.
عن أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «تَسَحَّرُوا فَإِنَّ فِي السَّحُورِ بَرَكَةً» رواه مسلم.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor», dedilar. Muslim rivoyati.
Demak, saharlik qilish avvalo U zotning sunnatlariga ergashish ekan. Sunnatga ergashish esa Qiyomat kuni U zotning shafoatlariga noil bo‘lishga sabab bo‘ladi. Ataylab, saharlik sunnat ekanligini mensimagan holda tark etish esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan hurmatsizlik bo‘lib bu ish gunohkor bo‘lishga olib boradi. Yuqoridagi hadisi sharifdan saharlik qilishda baraka bor ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ulamolar saharlikdagi baraka bir necha jihatdan bo‘lishi mumkinligini aytishgan:
Imom Saraxsiy aytadilar: «Ro‘za bilan nafsga kurashish orqali Allohga yaqin bo‘lish hosil bo‘ladi. Nafsga qarshi kurash esa ikki yo‘l bilan yuzaga chiqadi. Birinchisi, taomga ishtaha bo‘lib turishiga qaramay nafsni taomdan tiyib turish, ikkinchisi esa (saharlik uchun) uyqu shirin paytda uyg‘onishdir».
Bundan tashqari saharlik qilishning fazilatli amal ekanligiga dalolat qiluvchi bir qancha hadisi shariflar mavjud. Demak, imkon qadar yaxshi niyat bilan, sunnatga ergashish maqsadida bir qultum suv bilan bo‘lsada saharlik qilish juda katta ajr-savobga sabab bo‘ladi va tutiladigan ro‘zaning ajriga ajr qo‘shiladi. Alloh taolo barchamizga ushbu ajru savoblarni qo‘lga kritishni nasib aylasin!
Iysoxon Yahyo tayyorladi
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati