Tanlovga!
Muhammad Said Sog‘ujiy “Etikof” bobida quyidagilarni aytadilar:
“E’tikof” lug‘atda “turmoq”, “tutib turmoq” degan ma’nolarni anglatadi. Shariatda esa maxsus joy bo‘lmish masjidda ro‘zador holda e’tikof niyati ila turish, qolishdir. E’tikof agar ixlos va go‘zal niyat bilan qilinsa, savobi ulug‘ amallardandir. Ato ibn Abu Raboh aytadi: “Etikof o‘tiruvchi xuddi birovning eshigida o‘zining ulkan hojatini ravo qilishlarini so‘rab: “Mening hojatimni chiqarmaguningizcha o‘rnimdan turmayman”, deyotgan kishiga o‘xshaydi. Shu bois, Allohning uyida e’tikof o‘tirgan odam to gunohlarimni kechirmaguningcha o‘rnimdan turmayman, degandek bo‘ladi.
Zuhriy aytadi: “Insonlardan ajablanaman, qanday qilib e’tikofni tark qilishdi ekan. Nabiy sallollohu alayhi vasallam bir ishni tark qilib, goho uni qilar edilar. Ammo, e’tikofni to vafotlariga qadar tark qilmadilar”.
U uch qismga bo‘linadi:
Chunki, ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidagi e’tikof kifoya qilish yo‘li bilan sunnati muakkadadir. Nabiy sallollohu alayhi vasallam bunga qattiq amal qilganlar. Sayyida Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam ramazonning oxirgi o‘n kunligida to Alloh taolo jonlarini qabz qilguncha e’tikof o‘tirar edilar. U kishidan so‘ng ayollari e’tikof o‘tirishardi”.[1]
E’tikof o‘tiruvchi ramazonning oxirgi o‘n kunligida masjidga kirib, hayitning hilolini ko‘rganda qaytib chiqadi.
Nazr e’tikofini qilgan odam eng kamida bir kun masjidda o‘tirishi kerak. Umar roiziyallohu anhu Nabiy sallollohu alayhi vasallamga: “E’tikofni nazr qilgan edim”, deganlarida, U zot: “E’tikof o‘tir va ro‘za tut”, deganlar.[2]
Jamoati, imomi va muazzini bor masjidda e’tikof o‘tiriladi. Va bu afzal hamdir. Ayol kishi esa uyining masjidida, namoz o‘qiydigan yerida e’tikof o‘tiradi. Erkaklar borasida e’tikofning hukmlari, uyida e’tikof o‘tirgan ayolga ham teng joriy qilingan.
E’tikof o‘tirgan odam masjiddan faqatgina uzr va hojatlar uchungina chiqadi. Masalan, insoniy ehtiyoj bo‘lmish hojatga borish, najosatni ketkazish, junublikdan g‘usl qilish; zaruriy ehtiyoj bo‘lgan masjidning qulashi, o‘zi yoki narsaning halok bo‘lishidan qo‘rqib chiqishi yoki zolim majburlab masjiddan chiqarishi – e’tikof o‘rnidan chiqishga sabab bo‘ladi. Lekin, o‘sha zahotiyoq boshqa masjidga borib o‘tiradi. Shariy uzr – juma namoziga borish uchun ham chiqadi. O‘zi o‘tirgan joyida juma ado qilinmasa, boshqa masjidga boradi, namozdan forig‘ bo‘lgach, u yerda ortiqcha qolib ketmaydi.
Agar e’tikof joyida uzrsiz bir soatga bo‘lsa ham chiqadigan bo‘lsa, e’tikof buziladi.
E’tikof o‘tirgan odamning yeb-ichishi, oldi-sotdisi, nikohi, raj’ati masjidda bo‘lishi kerak. Nabiy sallollohu alayhi vasallam ham masjidda yeb-ichganlar, gaplashganlar. Oldi-sotdi ham gaplashish kabidir. Ammo masjidga oldi-sotdi qilingan tovarni olib kirish makruhdir. E’tikof o‘tirmagan odamga mutloq masjidda narsani olib kelmasa ham oldi-sotdi qilish makruh sanaladi.
E’tikof o‘tirgan odam gapirsa, faqat yaxshi so‘zlarni so‘zlaydi. Tilini insonga keraksiz bo‘ladigan so‘zlardan saqlaydi. Gapirmasdan jim o‘tirib e’tikof qilib ham bo‘lmaydi. Bu bizning shariatimizda savob olib keladigan ish emas, aksincha makruhdir.
Etikof o‘tiruvchiga yaqinlik va unga olib boradigan noma’qul ishlarni qilish harom sanaladi. Chunki, Alloh taolo bayon qilib aytadi:
وَلَا تُبَاشِرُوهُنَّ وَأَنْتُمْ عَاكِفُونَ فِي الْمَسَاجِدِ
“Masjidlarda e’tikof o‘tirgan holingizda yaqinlik qilmang”. (Baqara, 187)
Yaqinlikka olib boradigan ishlar o‘pish, quchoqlash va shu kabi ishlardir. Hajda ham xuddi shunday. Ro‘zada buning aksi bo‘lib, harom hisoblanmaydi. Uning rukni faqat yaqinlikdan tiyilishdir. Olib boruvchilaridan emas.
E’tikof o‘tirgan odam xoh kunduzi bo‘lsin, xoh kechasi bo‘lsin, qasddan bo‘lsin, yoddan chiqarib bo‘lsin, oilaviy aloqa qilsa, e’tikofi botil bo‘ladi. Agar ayolini o‘pishi, ushlashi bilan erkaklik quvvati tushib ketadigan bo‘lsa ham, e’tikof buziladi. Agarda suyuqlik tushmasa, garchi harom ishni qilgan bo‘lsada, e’tikof buzilmaydi. Yoddan chiqqan holatda ham e’tikof buzilishining sababi – e’tikof holati eslatib turuvchi, ma’lum va ochiq ishdir. Ya’ni inson g‘ofil qoladigan vaziyat emas. Hajda ham xuddi shunday. Haj qilayotgani esidan chiqib qolishi mumkin emas. Ro‘zada buning aksi bo‘lib, esdan chiqarib yaqinlik qilib qo‘ysa, ro‘za buzilmasdi. Ro‘zadorlik holati yodda tez turadigan holat emas.
Agar bir necha kunlarning e’tikofini nazr qilsa, kechalari ham kirib ketadi. Ro‘zada kunni nazr qilsa, kunduzining o‘zi kiradi, kechasi ro‘zaga kirmaydi. Kechalari ro‘zaga xoslanmagan. E’tikofda esa tunlari ham unga ergashtirilgan, xoslangan.
Abu Hanifa rohimahullohga ko‘ra, e’tikofga kirishish ila, u lozimiy – tugatib, davom ettirib qo‘yish shart bo‘ladigan ishga aylanadi”. (Matn tugadi)
Etikof o‘tirgan odam nimalar qilagani afzal?
E’tikof o‘tirgan xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin, besh vaqt namozi, nafl, qazolar o‘qiydi. Qur’on tilovati, zikr, istig‘for va tavbani ko‘paytiradi. Garchi masjidda saharlik va iftorlik qilish mumkin bo‘lsada, dangasalikka va uyquga sabab bo‘ladigan darajada ko‘p yeb-ichmaydi. Luqmasiga e’tibor beradi. Gaplashish joiz bo‘lsada, uni ko‘rgani kelganlar bilan gapni qisqa qiladi. O‘zi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Iloji bo‘lsa zamonaviy jihozlari – telefon va planshetni o‘chirib qo‘yadi. Internetda vaqtini ketkazmaydi.
Ayol kishilar ham ramazonda savob ishlab, Allohga yaqin kishilardan bo‘lib olishga haqqilari bor. Ularni kundalik og‘ir ishlar bilan band qilib, kezi kelsa, dalalarda ishlatib, ketmon choptirib, kerak-nokerak yerlarni tozalatib, muntazam mehmonga olib borib vaqtini xayf qilmagan ma’qul. Aksincha, oila yumushlari va farzand tarbiyasi bilan birga tutayotgan ro‘zalariga ko‘mak beraylik. E’tikof o‘tirishga sizdan ruxsat so‘rasalar, Alloh roziligi yo‘lida qo‘lingizdan kelsa sharoit qilib bering. Ularni ham yolg‘iz Allohga yuzlanib munojaat qilishlariga sababchi bo‘lib qoling. Zero, qanchadan-qancha ayollar e’tikof nimaligi u yoqda tursin, ro‘za tutmaydi, ramazonni nazar-pisand qilmaydi. Qur’ondan uzoqda. Shu bois, Alloh tomon cho‘zilgan qo‘llarni quruq qaytarmang!
“Fiqhul hanafiy va adillatuhi” kitobidan
Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti
o‘qituvchisi N.Saidakbarova tarjimasi
[1] “Sahihul Buxoriy”
[2] “Sunani Doraqutniy”
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-ma’rifiy muloqot va islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy nuqtayi nazardan o‘rganish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Bu haqda Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy Tomash Mishkevich Markazga tashrifi chog‘ida ta’kidladi.
Muftiy boshchiligidagi delegatsiya tashrif davomida Markazning tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq boy merosi, shuningdek, uning xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni bilan tanishdi.
Tomash Mishkevich, Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq ulkan merosni o‘zida mujassam etgan. U nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami sivilizatsiyasini namoyon etadi. Markaz faoliyati orqali islom sivilizatsiyasining zamonaviy ilmiy talqini va uning bugungi kun uchun ahamiyati ochib berilmoqda.
Bugun Markaz xalqaro maydonda, ilm-fan va tarixga bag‘ishlangan forumlar, konferensiyalar hamda uchrashuvlar doirasida muhim o‘rin egallamoqda. U xalqaro ilmiy muloqot va hamkorlik uchun zamonaviy maydon yaratmoqda. Ushbu Markazning tashkil etilgani va bugun samarali faoliyat yuritayotgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga, O‘zbekiston xalqiga hamda bu ezgu ishga hissa qo‘shayotgan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman», — dedi Polsha muftiysi.
Tashrif yakunida Tomash Mishkevich «Faxriy mehmonlar» kitobida ham o‘z taassurotlarini qoldirdi. Unda mehmon Markazning diniy, madaniy va tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, shunday yozdi:
«Dinimiz — Islom, shuningdek, madaniyatimiz va tariximiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan bunday ulug‘vor maskanga tashrif buyurish men uchun katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishladi».
Shundan so‘ng Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatda Markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy maydondagi o‘rni va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida mehmonga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati