Britaniyada nashr etiladigan nufuzli «The Telegraph» kundalik gazetasida «U Dubayga aylanishidan oldin O'zbekistonni kashf etish vaqti nega aynan hozir?» sarlavhali maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri. Unda muallif Jeyms Dreven mamlakatimiz bo'ylab amalga oshirgan sayohati haqidagi taassurotlarini o'quvchilar bilan o'rtoqlashgan.
Uning qayd etishicha, O'zbekiston jahonning 90 davlati fuqarolari uchun vizasiz rejimni o'rnatgan bo'lib, bu mamlakat xarakterini butunlay o'zgartirishi mumkin bo'lgan rejaning bir qismi hisoblanadi.
Britaniyalik jurnalistning O'zbekiston bo'ylab sayohati Samarqanddan boshlangan. Uning yozishicha, bu erda XIV asrdan XX asrgacha bo'lgan Markaziy Osiyo me'morchiligining eng sara namunalari qaror topgan.
«Samarqand nafaqat O'zbekistondagi, balki butun Markaziy Osiyodagi eng ko'hna shaharlardan biri bo'lib, uning tarixi eramizdan oldingi 1500 yillarga to'g'ri keladi. Hunarmandchilik ishlab chiqarishi bilan mashhur bo'lgan bu afsonaviy kent Buyuk Ipak yo'lidagi eng muhim chorrahalardan biri bo'lib, II asrdayoq Yevroosiyoni zamonaviy Hitoyning sharqidan Turkiyaning g'arbiy qismigacha kesib o'tgan, ipak, ziravor va boshqa turli mahsulotlar tashiladigan savdo yo'llarining tarmog'i bo'lgan. Ikki ming yil davomida butun dunyodan savdogarlarni jalb qilgan Samarqand allaqachon YuNYeSKO tomonidan jahon madaniyati chorrahasi sifatida e'tirof etilgan», deb yozadi muallif.
U mamlakatimizning mustaqil rivojlanish tarixi haqida yozar ekan, 2016 yildan boshlab mamlakatimiz taraqqiyotning yangi yo'liga chiqqanini alohida qayd etadi.
«Prezident Shavkat Mirziyoev sud-huquq islohotlarini tezkorlik bilan amalga oshirgani barobarida mamlakatni turizm va xorijiy investitsiyalar uchun ham ochdi. 2020 yil boshida BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) O'zbekistonni sayyohlikning o'sishi bo'yicha to'rtinchi mamlakat, deb topdi», deb yozadi Jeyms Dreven.
Britaniyalik jurnalistning fikricha, O'zbekistondagi zamonaviy taraqqiyot mamlakatning boy tarixi va merosini o'zida mujassam etgan.
"Samarqand aeroporti terminali binosi XV asrning buyuk astronomi, shaharning eng mashhur tarixiy siymosi hisoblanadigan Ulug'bekning ochiq kitobini («Ziji Ko'ragoniy» asari) eslatib turadi», deb yozadi u.
Shuningdek, ushbu maqolada Samarqand shahrida bunyod etilgan «Boqiy shahar» majmuasi, Registon maydoni, xorijlik sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy qulayliklarga oid muhim ma'lumotlar ham o'quvchilarning e'tiboriga havola qilingan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati